16:57 / 29.02.2020
7
35022

«Snos»lar mojarosida ichki ishlar organlari xodimlarining bosh vazifasi nima ekanligi eslatildi

So‘nggi vaqtlarda yer maydonlarini noqonuniy egallab olgan fuqarolarning qonunchilikka zid ravishda barpo etgan turar joylarini buzish chog‘ida aholi vakillari va ichki ishlar organlari xodimlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar keng jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lmoqda.

Foto: KUN.UZ

Masalaning asl mohiyatidan bexabar ko‘pchilik ushbu voqealar yuzasidan bildirayotgan fikrlari va sharhlarida ichki ishlar organlari xodimlarini go‘yoki tinchgina yashab kelayotgan odamlarning tinchini buzganlikda ayblashmoqda.

Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlariga eslatma jo‘natildi.

Unda shunday deyiladi:

«Ma'lum qilamanki, so‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda ayrim viloyatlarda aholi tomonidan sug‘oriladigan yerlardagi noqonuniy qurilmalarni hokimlik organlari tomonidan buzish kabi ishlar avj olayotgani, ushbu jarayonga jamoat tartibini saqlash uchun jalb etilgan ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan fuqarolar va hokimiyat vakillari o‘rtasidagi ziddiyatlarning oldini olish vaqtida yuzaga kelgan nizoli vaziyatlar aks etgan videotasvirlar tarqalayotgani kuzatilmoqda.

Bu esa, o‘z navbatida, keng jamoatchilikda aynan ichki ishlar organlari xodimlarining xatti-harakatlariga nisbatan norozilik kayfiyati uyg‘onishiga sabab bo‘lmoqda.

Mazkur kelishmovchiliklar asosan, hokimiyat vakillarining ichki ishlar organlari xodimlari borligidan foydalanib, fuqarolarga nisbatan noo‘rin va qo‘pol xatti-xarakatlar, hurmatsizlik, o‘z vakolatlaridan chetga chiqish hamda ayrim vaqtlarda aholining mulkiga ochiqdan-ochiq tajovuz qilishlari oqibatida kelib chiqmoqda.

Bu kabi vaziyatlar Ichki ishlar vazirligining fuqarolar huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qiluvchi xalqchil tizim yaratish yo‘lidagi sa'y-harakatlariga jiddiy putur yetkazib, ichki ishlar organlariga nisbatan keng jamoatchilikda ishonchsizlik kayfiyatini keltirib chiqarmoqda.

Shu sababli, hududiy ichki ishlar organlari rahbarlaridan hokimiyat va fuqarolarning mulkiy turdagi o‘zaro munosabatlarini hal etish jarayoniga jamoat tartibini saqlash uchun shaxsiy tarkibni jalb etishda quyidagilarga qat'iy amal qilish talab etiladi:

1) muammoli vaziyatlar hokimiyat va fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari tomonidan oldindan muzokaralar o‘tkazilib, hal etilganligiga qat'iy ishonch hosil qilgandan keyin joylarga chiqish;

2) joylarda hokimiyat vakillariga fuqarolar bilan muloqot jarayonida hurmatsizlik qilmasliklarini, noo‘rin va qo‘pol munosabatda bo‘lmasliklarini tushuntirish, aks holda, o‘zlariga nisbatan qonuniy tartibda chora ko‘rilishi bilan qat'iy ogohlantirish;

3) aholi va hokimiyat vakillari o‘rtasida ziddiyatlar vujudga kelishi mumkin bo‘lgan har qanday harakatni avvaldan bartaraf etish choralarini ko‘rish;

4) xodimlarning aholi va hokimiyat vakillari bilan bo‘lgan munosabatlarida biryoqlamalikka, shuningdek, hissiyotlarga berilish kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslik.

Unutmang, bizning birlamchi vazifamiz hokimiyat vakillarining aybi bilan kelib chiqayotgan ziddiyatlar va janjallar oqibatini bartaraf etish emas, balki fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta'minlashdir».

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top