11:49 / 02.03.2020
0
5681

Markaziy bank QR-online to‘lov xizmatini ishga tushirdi

Bu QR-kod orqali tezkor to‘lovni amalga oshirishning standartlashtirilgan va universal xizmati 

Foto: sia.ru

O‘zbekiston Respublikasida raqamli bankingni rivojlantirish Konsepsiyasiga muvofiq, Markaziy bank tomonidan tijorat banklari bilan hamkorlikda QR-kod orqali (Quick Response Code - tezkor aniqlanadigan kod) tezkor to‘lovni amalga oshirishning QR-online standartlashtirilgan va universal xizmati ishga tushirildi.

Mazkur tizim doirasida savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari (xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar) o‘zlariga xizmat ko‘rsatuvchi tijorat banklari orqali QR-kodni shakllantirib, ro‘yxatdan o‘tkazadilar. Xaridorlar tomonidan mobil ilova dasturlari vositasida savdo va xizmat ko‘rsatish korxonalarining QR-kodlarini skaner qilish (“o‘qish”) hamda xarid summasini kiritish orqali to‘lovlar amalga oshiriladi. Bunda pul mablag‘lari mobil ilovaga biriktirilgan bank kartalari hisobvaraqlari va elektron pul hamyonlardan hisobdan chiqariladi.

Savdo va xizmat ko‘rsatish korxonalari QR-online tizimi orqali mijozlardan qabul qilingan va bank hisobvaraqlariga kirim qilinadigan mablag‘larni “Telegram” tarmog‘idagi “@onlineqrbot” kanali, mijozning bank shaxsiy kabineti hamda sms-xabarnoma xizmati orqali onlayn rejimida nazorat qilib borishlari mumkin. Mazkur tizim mavjud muqobil to‘lov xizmatlaridan farqli o‘laroq, xalqaro standartlar asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, Markaziy bankning hisob-kitoblar kliring tizimi bilan uzviy bog‘liqlikda ishlaydi.

Tijorat banklarining to‘lov xizmatlari bozoridagi mazkur yangi taklifi mahsulotlarni mijozgacha yetkazib berish, yo‘lovchilarni tashish kabi sohalarda faoliyat ko‘rsatuvchi tashkilotlarga terminallarsiz to‘lovlarni qabul qilish imkoniyatini yaratish bilan bog‘liq qo‘shimcha qulayliklarni taqdim etadi.

Hozirgi kunda ushbu tizimni Toshkent shahrida tatbiq etish doirasida tijorat banklari tomonidan 3 mingdan ortiq xo‘jalik sub'yektlarining savdo va xizmat ko‘rsatish punktlari ularga tegishli QR-online tizimi stikerlari bilan ta'minlandi.

Qayd etilishicha, to‘lov xizmatlari bozorida QR-online tizimining ishga tushirilishi ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, naqd pulsiz hisob-kitoblar ko‘lamini yanada kengaytirish, shuningdek, Markaziy bankning asosiy strategik maqsadli yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan to‘lov tizimi barqarorligini ta'minlashga xizmat qiladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top