19:37 / 02.03.2020
1
23153

Putin: Biz hech kim bilan urush qilmoqchi emasmiz. Biz bilan urishish hech kimning xayoliga kelmasligini istaymiz

Vladimir Putin TASSga bergan intervyusida zamonaviy qurollanish, dunyodagi strategik muvozanat va qurollanish xarajatlari haqida so‘z yuritdi.

Foto: TASS/ youtube.com

“Biz hech kim bilan urush qilmoqchi emasmiz. Hech kim biz bilan urush qilishni o‘ylamasligi uchun sharoit yaratmoqchimiz. Bu narsa hech kimning xayoliga kelmasligi uchun. Biz faqat shuni qilyapmiz. Bugungi kunda xarajatlar bo‘yicha yettinchi o‘rindamiz. 

Demak, sarf-xarajatlar bo‘yicha birinchi o‘rinda AQSh, ikkinchi o‘rinda Xitoy, uchinchi o‘rinda qanday g‘alati bo‘lmasin, Saudiya Arabistoni, keyin Buyuk Britaniya, keyin Fransiya, Yaponiya, ular bizni ortda qoldirishdi, keyin esa biz, yettinchi o‘rindamiz. Bundan tashqari, bizning xarajatlarimiz yildan yilga kamaymoqda. Boshqa mamlakatlarning xarajatlari esa o‘sib bormoqda. Biz hech kim bilan urush qilmoqchi emasmiz, lekin biron kimsaning xayoliga biz bilan urushish xayoliga kelmasligi uchun mudofaa sohasida shunday vaziyat yaratmoqdamiz”, dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya strategik qurollar bo‘yicha raqobatchilariga yetib olgan. 

“Biz strategik qurol bo‘yicha doimo raqobatchilarimizga yetib olganmiz. Atom bombasini dastlab amerikaliklar yaratishdi, biz yetib oldik. Strategik aviatsiya ko‘rinishidagi transport vositalari - amerikaliklar, biz yetib oldik. Raketalarni dastlab ular yasashdi, biz yetib oldik. Dunyoda mavjud bo‘lmagan hujum qiluvchi tizimlarni birinchi bo‘lib biz yaratdik. Endi ular bizga yetib olmoqda. Bu umuman noyob vaziyat, bunaqasi ilgari bo‘lmagan. Birinchi navbatda, gipertovushli, jumladan, qit'alararo masofadagi zarba berish majmualarini nazarda tutaman. 2000 yilda bizning armiyamizda bir million uch yuz mingdan ortiqroq kishi bo‘lgan, hozir bir milliondan sal ortiq. Faqat texnikalarimizning zamonaviyligini yiliga bir foizdan oshirdik, zamonaviy texnikamiz atigi 6 foiz edi. Bilasizmi, hozir qancha? Deyarli 70 foiz”, dedi Rossiya prezidenti.

Putinning fikricha, qurol faqat bir tomonda bo‘lganidagina undan o‘q uziladi.  

“Xavfsizlik, siyosat sohasida bir qoida mavjud. Qurol faqat bir tomonda bo‘lganidagina undan o‘q uziladi. Qo‘shni tomonda ham qurol bo‘lsa, narigi tomon qurolidan foydalanishga jazm qilmaydi. Bu strategik barqarorlik va kuchlar muvozanati deb ataladi. Mana shu strategik muvozanat tufayli dunyo Ikkinchi jahon urushidan keyin yirik harbiy nizolardan qutulib qoldi. Aynan strategik barqarorlik va strategik muvozanat evaziga. Aytgancha, raketaga qarshi mudofaa tizimini yaratish orqali amerikaliklar bu strategik barqarorlik va strategik muvozanatni buzishni xohlashdi. Ular o‘z ustilariga raketaga qarshi soyabon tutib olishsa, boshqa tomon ular yadro qurolini qo‘llaganida javob qaytara olmaydi deb o‘ylashdi. Ammo zamonaviy, jumladan, har qanday raketadan mudofaa qilish tizimini osongina buzib o‘tadigan majmualar yaratish bilan biz strategik barqarorlik va strategik muvozanatni saqlab turibmiz. Bu nafaqat biz, balki xalqaro xavfsizlik uchun juda muhimdir”, dedi u.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top