12:00 / 02.03.2020
0
1969

Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmatining yangi rahbari OAV vakillari bilan uchrashdi

“Ta'kidlashim joiz, bugungi talab boshqacha. Biz endi har bir yo‘nalish bo‘yicha alohida ishlaymiz. Matbuot anjumanlari, brifinglarni muntazam uyushtirib turamiz. Eng muhimi – OAV bilan hamkorlik uchun tayyormiz” – dedi Furqat Mahmudxo‘jayev.

Bugun, 2 mart kuni Toshkent shahar hokimligi Matbuot xizmatining yangi ish boshlagan rahbari — matbuot kotibi, hokimning axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Furqat Mahmudxo‘jayev jurnalistlar va jamoatchilik vakillari bilan uchrashdi.

Ma'lumot uchun: Furqat Mahmudxo‘jayev 1965 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1989 yil Toshkent davlat texnika universiteti tugatgan. 2018 yildan Toshkent shahar Mahallalar kengashi boshqaruvi raisi bo‘lib ishlagan.

O‘zaro tanishuv va maslahatlashuv shaklida bo‘lgan bu uchrashuvda muxbirlar o‘zlarini qiynyotgan muammolar yuzasida takliflar berdilar. Jumladan, ma'lumot olish tezkorligini ta'minlash uchun xat berish tizimidan voz kechish, har 15 kunda brifinglar uyushtirib turish, maxsus platformalar tashkil etish, norasmiy muhitdagi uchrashuvlar tashkil etib, muhokamali mavzular yuzasidan bahsu-munozaralar uyushtirish masalasi o‘rtaga tashlandi.

Furqat Mahmudxo‘jayev ommani qiziqtirayotgan savollarga tezkorlikda javob berish bilan birga aniqlik zarurligini ta'kidladi.

“Bu vazifa juda og‘irligini, ko‘pchilikning diqqat markazida, tanqidlar ostida bo‘lishimni his qilib turibman. Lekin poytaxt hokimligi faoliyati shaffofligini ta'minlash uchun jamoamiz bilan barcha harakatni qilamiz” – dedi F. Mahmudxo‘jayev.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top