09:44 / 03.03.2020
0
14631

Milliy gvardiya institutiga o‘qishga qabul qilish tartibi tasdiqlandi

Nomzodlar institutga o‘qishga prezident tomonidan tasdiqlangan Butlash rejasiga muvofiq Milliy gvardiya qo‘mondonining institutga qabul o‘rinlarini ajratish to‘g‘risidagi buyrug‘iga asosan qabul qilinadi

Foto: Norma.uz

Milliy gvardiya va Mudofaa vazirligining qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik institutiga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, nomzodlar Institutga o‘qishga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlangan Butlash rejasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondonining Institutga qabul o‘rinlarini ajratish to‘g‘risidagi buyrug‘iga asosan qabul qilinadi.

Institut kursantlari kontingentini sifatli butlash maqsadida quyidagi tadbirlar amalga oshiriladi:

harbiy-professional yo‘nalish;
dastlabki tanlash;
harbiy-professional tanlash;
test sinovlari.

Nomzodlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 12 sentyabrdagi PQ-4447-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizomda belgilangan talablarga javob berishi lozim.

Nomzodlar va ularning ota-onalari Harbiy xizmatchilarni oliy harbiy ta'lim muassasalari va serjantlarni tayyorlash maktablarida o‘qitishga sarflangan budjet mablag‘larini davlatga undirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga asosan mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limlar hamda harbiy qismlar (muassasalar) tomonidan moddiy mas'ulligi to‘g‘risida muvofiq shaklda yozma ravishda ogohlantiriladi.

Milliy gvardiya tomonidan har yilning 1 dekabriga qadar O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga kelgusi yil uchun Institutga qabul qilinuvchi nomzodlar soni to‘g‘risida ma'lumot taqdim qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan mudofaa ishlari boshqarmalariga Institutga nomzodlarni dastlabki tanlash tadbirlarini o‘tkazish haqida topshiriq beriladi.

Institutga o‘qishga qabul qilishni sifatli tashkil etish hamda harbiy-professional tanlash tadbirlarini o‘tkazish maqsadida Milliy gvardiya qo‘mondonining buyrug‘iga asosan Institut qabul komissiyasi tuziladi.

Qabul komissiyasi tarkibi Milliy gvardiya qo‘mondonining buyrug‘iga asosan Milliy gvardiyaning tegishli sohaviy xizmatchilari va Institut xodimlari orasidan shakllantiriladi. Qabul komissiyasi ishiga kelishuv asosida vazirlik va idoralar mutaxassislari jalb qilinishi mumkin.

Institutning boshlig‘i qabul komissiyasi raisi hisoblanadi. Qabul komissiyasi raisi komissiyaning ishini tashkillashtirish, faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish uchun mas'ul hisoblanadi.

Qabul komissiyasi har yili 10 martdan 1 sentyabrga qadar faoliyat yuritadi.

Fuqarolar o‘zlarining yashash joyidagi mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limlarga muvofiq shakldagi ariza bilan, harbiy xizmatchilar o‘z xizmat o‘tash joyiga mazkur muvofiq shakldagi bildirgi bilan murojaat qiladi.

Qabul qilingan arizalar (bildirgilar) asosida mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limlar va harbiy qismlar (muassasalar) tomonidan tegishli hujjatlar rasmiylashtiriladi.

O‘qishga kirish uchun arizalar (bildirgilar) 1 fevraldan 1 aprelga qadar qabul qilinadi.

Nomzodlar tomonidan ariza (bildirgi) bilan birga mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limlarga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

pasport nusxasi (aslini ko‘rsatgan holda);

tug‘ilganlik haqida guvohnoma nusxasi (aslini ko‘rsatgan holda);

chaqiriluvchining chaqiruv uchastkasida qayd etilganligi to‘g‘risidagi guvohnomasi yoki harbiy guvohnomasi nusxasi (aslini ko‘rsatgan holda);

nomzod tomonidan qo‘lda yoki kompyuterda yozilgan tarjimai hol;

nomzod to‘g‘risidagi ma'lumotlar anketasi;

o‘qish yoki ish yoxud xizmat o‘tash joyidan tavsifnoma (agar o‘qiyotgan yoki ishlayotgan yoxud xizmatni o‘tayotgan bo‘lsa);

ota-onasining ish joyidan ma'lumotnoma (agar ishlayotgan bo‘lsa);

Institutda o‘qishga ota-onasining rozilik xati;

ma'lumoti to‘g‘risidagi (umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar (o‘rta maxsus professional) hujjatlar hamda reyting daftarchasi (baholar tabeli) nusxasi;

Institutga o‘qishga kirishda imtiyozlardan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjat nusxasi (aslini ko‘rsatgan holda);

3 x 4 sm o‘lchamdagi 6 ta rangli fotosurat (bosh kiyimsiz va burchaksiz) hamda 4,5 x 6 sm o‘lchamdagi 4 ta rangli fotosurat (bosh kiyimsiz);

davlat siri bo‘lgan ma'lumotlar bilan ishlashga ruxsatnomani rasmiylashtirish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar (maxfiy ma'lumotlar bilan ishlash uchun belgilangan shakldagi ruxsatnomaga ega nomzodlardan talab etilmaydi).

Harbiy xizmatchi nomzodlar tomonidan o‘z xizmat o‘tash joyiga nazarda tutilgan hujjatlar bilan birga qo‘shimcha ravishda Institutga o‘qishga kirishga tavsiya etuvchi hujjatlar (muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga - harbiy bo‘linmaning yig‘ilishi bayonnomasidan ko‘chirma, kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarga esa - harbiy qismning attestatsiya komissiyasi yig‘ilish bayonnomasidan ko‘chirma) taqdim etiladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top