18:30 / 03.03.2020
0
25187

«O‘quvchiga yodlashni emas, fikrlashni o‘rgatish kerak» – ekspert PISA sinoviga tayyorgarlik haqida

O‘zbekiston ta'lim tizimi ko‘p yillar davomida bolalar xotirasini sinashga urg‘u berib kelgan, PISA esa buning butunlay teskarisi: olingan bilimning amaliyotda qay darajada qo‘llay olinishini tekshiradi.

Abduvali Ismoilov / Foto: KUN.UZ

2021 yilda O‘zbekiston ilk marta Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining (OECD) PISA – o‘quvchilar savodxonligini baholash bo‘yicha xalqaro dasturida ishtirok etadi.

Keyingi yilgi sinovlarda O‘zbekistondan taxminan 300ga yaqin maktab va taxminan 12 mingdan ortiq o‘quvchi qatnashishi kutilyapti.

Mazkur dastur 2000 yildan beri o‘tkazib kelinayotgan bo‘lib, har 3 yilda 15 yoshli bolalarning o‘qish savodxonligi, matematika va tabiiy fanlar bo‘yicha bilimini tekshiradi.

Bunda bolalarning olgan bilimlarini hayotda – real vaziyatda qay darajada qo‘llay olishlari muhim sanaladi. O‘tgan 20 yilda PISA turli davlatlarda ta'lim samaradorligini, sifatini o‘lchay oladigan asosiy mezon va ta'lim islohotlariga sababchi bo‘lgan dasturga aylanib ulgurgan.

PISA`ning oxirgi marta 2018 yilda o‘tkazilgan sinovida dunyoning rivojlangan va o‘rta daromadli 79 davlatidan jami 10 milliondan ko‘proq bola qatnashdi.

O‘zbekiston ham 2021 yilda ilk bor PISA'da qatnashib, o‘quvchilar bilimini xalqaro miqyosda sinab ko‘rishni rejalashtirmoqda.

Mazkur maqsadni amalga oshirish uchun Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi huzurida Ta'lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi ham tashkil etilgan bo‘lib, markaz jarayonlarga tayyorgarlik ishlarini olib borish uchun mas'ul hisoblanadi.

Kun.uz PISA sinovida ishtirok etish uchun olib borilayotgan tayyorgarlik ishlari, kutilayotgan natijalar va uning umumta'lim tizimimizga qanchalik ta'sir qila olishi mavzusida Ta'lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi direktori, PISA va PIRLS loyihalari milliy menejyeri Abduvali Ismoilov bilan suhbatlashdi.

«Berilgan bilimni amaliyotda qo‘llash mumkinmi-yo‘qmi – PISA dasturi ana shuni tekshiradi»

– Bugungi kunda PISA dasturi ishtirokchi davlatlari 88tadan oshgan. Dasturning aynan 15 yoshli bolalar bilimini baholashining boisi – Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotiga a'zo davlatlarda bu yoshda bolalar umumta'lim maktabini tugatib, keyingi bosqichga qadam qo‘yishga tayyor bo‘lishadi.

PISA bir xil standart va talab bilan butun dunyodagi o‘quvchilar bilimini baholaydi. Uning baholash talablarini hech bir davlat milliy standartiga yoki o‘quv dasturiga solishtirib bo‘lmaydi.

Bunda o‘quvchilar bilimi o‘qish, matematik savodxonlik va tabiiy fanlar savodxonligi yo‘nalishlarida o‘zlashtirgan bilimlarni hayotiy vaziyatlarda qay darajada ishlata olishi tekshiriladi.

Bundan tashqari, 2021 yilgi dasturda kreativ fikrlash ko‘nikmasi ham alohida yo‘nalish sifatida baholanadi.

PISA unga qatnashayotgan davlatlarga nimani isbotladi?

– PISA dasturida ilk marta qatnashguncha Germaniya o‘z ta'lim tizimini ilg‘or va kamchiligi yo‘q, deya baholab kelgan. Biroq bu davlat uchun natija kutilganday bo‘lmagandan so‘ng xatolar tahlil qilina boshlangan. O‘shanda Germaniya ta'lim tizimining nisbatan yopiqligi,  tajriba almashish dasturlariga yetarli e'tibor qaratilmayotgani ma'lum bo‘lgan.

Shundan so‘ng Germaniyada ta'lim bilan bog‘liq butun tizim qaytadan ko‘rib chiqilgan va alohida «PISA-shock» nomli dastur ishlab chiqilgan.

Oradan 9 yil o‘tgandan so‘nggina Germaniya PISA reytingida yuqorilay boshlaydi.

Bugun ta'lim tizimi dunyo bo‘yicha eng oldingi ko‘rsatkichlarni band qiladigan Finlandiyaning ham dastavval PISA`da natijalari juda yaxshi chiqmagan.

Shundan so‘ng Finlandiya faqat ko‘rsatkichi yuqori maktablarga va o‘quvchilariga emas, balki markazdan uzoqda joylashgan ta'lim muassasalariga ham alohida e'tibor berishni boshlagan.

Yaponiya esa 2006 yilda PISA dasturida birinchi marta qatnashganida ta'lim tizimida O‘zbekistonnikiga o‘xshash tarzda bolalardan, asosan, o‘quv dasturida berilgan ma'lumotni yaxshi o‘zlashtirishga ko‘p e'tibor qaratayotgani ma'lum bo‘lgan.

O‘shanda Yaponiya o‘quvchilari fikrlashga va o‘ylashga majbur qiladigan savollarga javob topishda qiynalayotgani kuzatilgan. Va mana shu kamchilikni to‘g‘rilashga harakat qilingan.

O‘zbekistonning PISA dasturidagi ishtiroki uchun budjet va xalqaro tashkilotlardan mablag‘ ajratilmoqda

– O‘zbekiston PISAda birinchi marta ishtirok etayotgani uchun ham davlat budjetidan, ham xalqaro moliyalashtirish institutlaridan mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Masalan, davlat budjetidan alohida markaz tashkil etilgan bo‘lib, unda ishlayotgan xodimlar va boshqa xarajatlar davlat tomonidan moliyalashtiriladi. Bu yiliga taxminan 3 milliard so‘mni tashkil qiladi.

Bundan tashqari, tajriba o‘rganish, treninglarda ishtirok etish va ularni tashkil qilish, o‘quv qo‘llanmalar yaratish kabi tayyorgarlik ishlari ham talab etiladi.

Bu taraflama yordam berish uchun Jahon banki tomonidan «Erta bolalikdagi rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash» nomli yangi loyiha qabul qilindi. Asosiy koordinatori Maktabgacha ta'lim vazirligi bo‘lgan mazkur loyihada PISA dasturida ishtirok etish uchun ham mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.

«PISA – yangilik, uning targ‘iboti ham oson bo‘lmayapti»

uBff1Qke514LhchmrZhOUaN8dgPlnIk7.jpg (1919×1079)

– PISA dasturi biz uchun butunlay yangilik bo‘lgani uchun, targ‘ibot va tayyorgarlik ishlari ham oson bo‘lmayapti.

Ayni paytda respublika bo‘yicha 15 yoshli o‘quvchilar soni taxminan 600 ming nafarni tashkil etadi.

Dastur bo‘yicha o‘qituvchilarda ham savollar ko‘p: nega biz unda ishtirok etishimiz kerak, bizga dastur nima beradi, ta'lim tizimimizda o‘zgarish bo‘lishiga sabab bo‘ladimi va hokazo. Ularga turli seminarlar va turli maxsus to‘plamlar orqali javob berishga harakat qilib kelyapmiz.

Eng ko‘p duch kelayotgan savollarimizdan biri PISA dasturi bizning ta'lim standartiga to‘g‘ri kelmasligi haqida bo‘ladi.

Biz imkon qadar PISA haqida tushuntirish berishga va dastur faqat o‘zimizni sinab ko‘rishimiz va xalqaro miqyosda obro‘yimizni oshirish uchun yaxshi imkon ekanini tushuntiramiz.

O‘qituvchilarning ham topshiriqlari va yuklamasi oz emas, shuning uchun o‘qituvchilarga PISA dasturi bilan darsdan tashqari qo‘shimcha mashg‘ulotlarda shug‘ullanishni tavsiya qilyapmiz.

Shuningdek, Xalq ta'limi vazirligi tomonidan tashkil qilinayotgan malaka oshirish kurslarida ham o‘qituvchilarga dastur haqida ma'lumot berilyapti.

PISA dasturida 12 mingdan ko‘proq 15 yoshli o‘quvchi ishtirok etadi

– PISA dasturi imtihoni uchun turlicha imkoniyatga ega maktablardan teng ravishda tasodifiy saralash orqali ishtirokchilar tanlab olinadi. Va mana shu o‘quvchilar butun mamlakat vakili sifatida ishtirok etishadi.

O‘zbekiston kompyuter yordamida sinov testini bajarish usulini tanladi

– PISA sinovi 2 xil usulda: kompyuter yordamida va qog‘oz usulida test topshirig‘ini bajarishadi.

Lekin respublika bo‘yicha hali infrastruktura va kompyuter ta'minoti bilan bog‘liq muammolarimiz ham yo‘q emas.

Bizda hammasi tayyor, hamma maktablarimizda kompterlar yetarli desak, xato bo‘ladi. Yaqin oradagi o‘rganishlarimiz natijasida hali ko‘plab maktablarimizda kompyuterlar yo‘qligi yoki zamonaviy talablarga javob bermasligiga guvoh bo‘ldik.

«Faqat xotirani sinash usulidan voz kechishimiz kerak»

– O‘zbekiston ta'lim tizimi ko‘p yillar davomida bolalar xotirasini sinashga urg‘u berib kelgan, PISA esa buning butunlay teskarisi: olingan bilimning amaliyotda qay darajada qo‘llay olinishini tekshiradi.

Bu – muammo bo‘lishi mumkin. Biroq biz ko‘p yillar davomida yodlashga o‘rganib kelgan bolalarga: «Bugundan yodlashdan to‘xtanglar, endi ijodiy fikrlashingiz kerak yoki bilimingizni hayotiy vaziyatda sinashingiz kerak», deb birdaniga ayta olmaymiz. Biroq bu kabi o‘zgarishlarga  bosqichma-bosqich o‘tib borishimiz zarur.

Masalan, xuddi shu masalada Singapur davlatida «Agar biz bolalarimizga yodlashni o‘rgatsak, ular xuddi biz o‘rgangan narsani o‘rganadi, agar fikrlashni o‘rgatsak, ko‘proq narsa o‘rganishadi», degan qarash bor.

Ayni paytda O‘zbekistonda o‘quvchining kompetensiyasini baholaydigan tizim shakllanib bo‘lgani yo‘q. Real vaziyatda testlar ham o‘quv dasturidagi mavjud ma'lumotdan foydalanib tuzishga asoslangan.

«Milliy baza yaratadigan mutaxassislar yo‘q»

– PISA dasturining ochiq ma'lumotlar bazasida foydalanish mumkin bo‘lgan savollar mavjud. Ularni tayyorgarlik jarayonida o‘zbek tiliga chop etib foydalanib kelyapmiz.

Biroq bu bazadagi savollar ham cheklanmagan emas. O‘quvchining mantiqiy va ijodiy ko‘nikmasini baholaydigan milliy testlar bazasini tuzish ham foydadan xoli bo‘lmaydi. Biroq ayni paytda O‘zbekistonda bu vazifani bajaradigan mutaxassislar – testologlar yo‘q.

Testologiya bo‘yicha mutaxassis ham tayyorlanmaydi. Biroq turli seminar va davra suhbatlari o‘tkazish jarayonida savollar tuzishga qiziqadigan va PISA dasturi savollarini tuzishda bazaviy ma'lumotlarni biladigan o‘qituvchilar mavjud. Ular bilan birgalikda ishlab kelmoqdamiz.

Biroq agar biz PISA dasturida doimiy ishtirok etishni va yaxshi natijaga erishishni xohlasak, keng qamrovli islohot qilishimiz zarur. Testologlar tayyorlaydigan alohida tizim ishlab chiqish zarur bo‘ladi.

«PISA dasturi O‘zbekiston ta'lim tizimini isloh qilishi mumkin»

– Hozircha o‘quvchilar o‘rtasida PISA bo‘yicha o‘tkazilgan sinov natijalari unchalik qoniqarli emas, biroq hali yana bir yil vaqt bor. Bundan tashqari, bolalarning dasturga va uni o‘rganishga qiziqishi ham juda yuqori.

Shuning uchun yaxshi natijaga harakat qilamiz va uning tahliliga qarab, islohotlarni amalga oshirishimiz, kamchiliklarimiz ustida ishlashimiz mumkin bo‘ladi.

Chunki 50 ming yevro atrofida to‘lov qilib, dasturda qatnashish uchun alohida markaz tashkil qilib, shuncha harakat qilsag-u, biroq keyin uning natijasi va tahliliga ko‘ra, ta'lim tizimimizni isloh qilmasak, qatnashishimizdan ham foyda yo‘q.

Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi.
Tasvirchi – Nuriddin Nursaidov.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top