18:14 / 06.03.2020
8
11127

Namangan shahridagi abgor yo‘l: haydovchilar asabidan, mashinalar ballonidan ayrilmoqda

Andijon va Farg‘ona viloyatlaridan kelishda Namangan shahriga asosiy kirish yo‘li bo‘lgan Markaziy Marg‘ilon ko‘chasi achinarli holatda.

Bir necha yildan beri serqatnov yo‘lning nosozligi avtomashina haydovchilari uchun noqulayliklar keltirib chiqarmoqda.

Yo‘ldagi o‘nqir-cho‘nqirliklar tirbandlik va yo‘l harakati qoidalarini buzilishiga sabab bo‘lyapti.

Ko‘cha o‘rtasidagi kanalizatsiya tarmog‘i o‘tgan joyda yoriq paydo bo‘lgan va uning uzilgan simlari chiqib yotibdi. Aholi bu xavfli joyga haydovchilar yurib tushib ketmasligi uchun tuproq to‘ldirilgan qop bilan to‘sib belgi qo‘yishgan.

 

Markaziy Marg‘ilon ko‘chasidan o‘tayotgan avtomashina haydovchilarining fikri bilan qiziqdik.

«Yo‘lning shu holatga kelib qolganiga 10 yil bo‘ldi. Murojaat qilamiz, nomiga yamab ketishadi. Ta'mirdan 20-30 kun o‘tib yo‘l yana shu holatga kelib qoladi...»

«Bu yo‘ldan yurgan avtomobillarning «xodovoy» qismi ishdan chiqmoqda. To‘g‘rilanishini necha yillardan beri kutamiz...»

«Shaharga har kuni shu yo‘l orqali qatnayman. Yomg‘irli kunda bu ko‘chaning holatini ko‘rsangiz edi...»

Markaziy Marg‘ilon ko‘chasida turli ijtimoiy soha obektlari bor. 50-umumta'lim maktabi yonidagi piyodalar o‘tish joyi chiziqlari ham yo‘lning sifatsizligi tufayli o‘chib ketgan.

Yo‘lning qatnov qismi o‘rtasida to‘xtab qolgan «Spark» avtomashinasiga ko‘zimiz tushdi. Haydovchi bilan suhbatlashganimizda, yo‘ldagi chuqur sabab mashinasining ballonini almashtirishiga to‘g‘ri kelmoqda.

Namangan shahriga olib boruvchi asosiy yo‘llardan birining bu ahvolda ekanini qanday izohlash mumkin?

Sarvarbek Nazarov,
Ahrorbek Yoqubjonov.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top