15:07 / 08.03.2020
3
105998

Sibir daryolarini Orol dengiziga burish xomxayol edimi yoki reallik?

Sobiq ittifoq davrida Markaziy Osiyo qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan hududga aylantiriladi. Issiq iqlim, unumdor tuproq bu mintaqada ko‘plab qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish uchun yaxshi sharoit yaratadi. Buning ustiga bepoyon yer, arzon ishchi kuchi... Mintaqada yuqori hosildorlik uchun faqat suv muammo bo‘lishi mumkin edi.

Paxta yakkahokimligi va Orolning qurishi

1960-yillarda Markaziy Osiyo respublikalarida ko‘plab cho‘llar o‘zlashtirilishi, yangi kanallar va suv omborlari qurilishi Amudaryo va Sirdaryo suvining Orolga yetib borishini kamaytiradi. Natijada uning sathi pasaya boshlaydi.

Albatta, Orolning qurib borayotgani keng jamoatchilikdan yashirilardi. Biladiganlar esa bu haqda na gapirgan, na biror yerda yoza olgan. 1980-yillarga kelibgina odamlar Orol quriyotgani haqida xabar topdi. Bu vaqtda dengizning yarmi qurib bo‘lgan va haqiqiy holat haqida faqat Orol atrofida yashayotganlar bilardi...

Sobiq ittifoq uchun Markaziy Osiyo respublikalari, ayniqsa O‘zbekistonda yetishtiriladigan paxta strategik darajaga ko‘tarilgan muhim xomashyo edi. Sobiq ittifoqning yengil sanoati uchun millionlab tonna paxta tolasini O‘zbekiston yetishtirib berardi. Paxta ko‘p suv talab qiladigan o‘simlik bo‘lgani sabab u ekiladigan maydonlarning va hosil rejasining yildan-yil ko‘paytirib borilishi oxir-oqibat mintaqada suv muammosini keltirib chiqarardi.

Sibir daryolarini Markaziy Osiyoga oqizish: ilk loyihalar

Orolning suvi kamayib borayotgan vaqtda Markaz (ya'ni Moskva) Sibirdagi Ob va Irtish daryolarining suvini Markaziy Osiyoga oqizish rejasini tuza boshlaydi. Aslida Sibir daryolarining suvini bu hududga burish bo‘yicha farazlar XIX asrning ikkinchi yarmida paydo bo‘lgan. 1868 yilda Kiyev universiteti bitiruvchisi Yakov Demchenko Ob va Irtish daryolarining suvini Orol-Kaspiy pasttekisligiga oqizish rejasini ishlab chiqqandi.

1871 yilda Demchenko «Qo‘shni davlatlar iqlimini yaxshilash uchun Orol-Kaspiy pasttekisligini suvga bostirish» nomli kitobini chop ettiradi. O‘sha paytda bu ishga ehtiyoj yo‘q edi. Shuningdek, uni amalga oshirishning iloji bo‘lmagani uchun reja qog‘ozlarda qolib ketadi.

Oradan yarim asrdan oshiqroq vaqt o‘tib, 1948 yilda rossiyalik geograf, akademik Vladimir Obruchev Sibir daryolarini Markaziy Osiyoga oqizish haqida Stalinga xat yozadi. Stalin bu rejani e'tiborsiz qoldiradi.

1950-yillarda qozog‘istonlik akademik Shafiq Cho‘qin bu masalani yana ko‘tarib chiqadi. Uning chizmalari asosida bir necha loyiha institutlari daryolarni turli yo‘nalishlar bo‘ylab oqizish loyihasini tayyorlashadi.

1960-yillardan boshlab O‘zbekiston va Qozog‘istonda juda katta hududlar o‘zlashtirilishi oqibatida Amudaryo va Sirdaryo suvlarini qishloq xo‘jaligi uchun sarflash boshlanadi. Oqibatida Orol dengiziga suv borishi keskin kamayib ketadi. Shundan so‘ng Sibir daryolarini Markaziy Osiyoga oqizish masalasi jiddiy mavzu sifatida yana kun tartibiga chiqadi. Toshkent, Olma-Ota, Moskva va Novosibirskda shu mavzuda bir necha marta yig‘ilishlar o‘tkaziladi.

Rejadan amaliy ishlar sari

1968 yilda KPSS Markaziy qo‘mitasi yig‘ilishida SSSR Gosplani, Fanlar Akademiyasi va yana boshqa bir nechta tegishli tashkilotlarga Sibir daryolarini Markaziy Osiyoga oqizish uchun loyiha ishlab chiqish topshirig‘i beriladi.

1970 yil 24 mayda KPSS MQ va Ministrlar Sovetining «1971-1985 yillarda yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, daryo oqimlarini tartibga solish va qayta taqsimlashni rivojlantirish istiqbollari to‘g‘risida»gi 612-sonli qarori qabul qilinadi. Qurilishi 1968 yilda boshlangan, uzunligi 548 kilometr bo‘lgan Irtish-Qarag‘anda kanali 1971 yilda foydalanishga topshiriladi. Sibirdagi daryolar suvini Kaspiy va Orol dengizigacha ana shu kanalni davom ettirish orqali olib kelish reja qilinadi.

1976 yilda KPSSning XXV s'yezdida taklif etilgan to‘rt loyihadan biri - SSSR suv xo‘jaligi va melioratsiya vazirligi taklif etgan loyiha qabul qilinadi. «Soyuzgiprovodxoz» loyiha ijrochisi etib tayinlanadi.

Loyihani amalga oshirish uchun SSSR Fanlar Akademiyasi, «Gosplan», «Gosstroy», «Minvodxoz» va Ministrlar Soveti qoshidagi davlat qo‘mitasi ishtirokida maxsus komissiya tashkil etiladi. Shu tariqa ishlar boshlab yuboriladi.

Loyihadan ko‘zlangan maqsad: «bir o‘q bilan ikki quyonni urish»

G‘arbiy Sibirdagi Ob va Irtish daryolarining suvini Qozog‘iston cho‘llari bo‘ylab o‘tkazib, Kaspiy va Orol dengizlari tomon oqizish loyihasi bilan SSSR rahbariyati birdaniga bir nechta «quyonni urish»ni mo‘ljal qilgan edi:

a) qishloq xo‘jaligida Amudaryo va Sirdaryo suvining ko‘p sarflanishi tufayli suvi keskin kamaygan Orol muammosini shu loyiha orqali yechish;

b) Sibir daryolari suvining Markaziy Osiyo janubiga oqizish bahonasida Qozog‘iston va O‘zbekistondagi juda katta hududlarni o‘zlashtirish va qishloq xo‘jaligida foydalanish.

Ushbu loyiha ustida 20 yildan oshiqroq vaqt davomida SSSRdagi 160dan oshiq turli tashkilotlar, jumladan, 48ta qidiruv-loyiha, 112ta ilmiy-tadqiqot institutlari (ularning 32tasi SSSR Fanlar Akademiyasi tarkibidagi institutlar edi), 32ta ministrlik va 9ta ittifoqdosh respublikalar ministrliklari ishlagan.

Loyihani ishlab chiqish davomida tayyorlangan materiallar hajmi 50 tom, tayyorlangan chizma va xaritalar 10ta albom bo‘ladi. Loyiha chizmalarini «Minvodxoz» buyurtmasi bilan «Sredazgiprovodxlopok» instituti tayyorlab beradi.

Loyihada ikkita kanal qazish reja qilingan

«Sibir-Markaziy Osiyo kanali» — bu loyiha bo‘yicha quriladigan ilk kanal bo‘lgan. Ushbu kanal orqali Ob daryosining suvini Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga oqizish mo‘ljallanadi.

Kanal haqida:

  • uzunligi – 2 550 kilometr;
  • kengligi – 130-300 metr;
  • chuqurligi – 15 metr;
  • suv o‘tkazish imkoniyati – sekundiga 1 150 metr/kub bo‘lishi lozim edi.

Ushbu loyiha qiymati o‘sha paytda 32,8 milliard rublni tashkil etgan. Bundan 8,3 milliard RSFSR, 11,2 milliard Qozog‘iston, 13,3 milliard rubl O‘zbekiston hududida ishlatilishi mo‘ljallangandi. Loyiha ishga tushgach undan keladigan yillik sof foyda 7,6 milliard rubl bo‘lishi kutilgan.

Anti-Irtish kanalini loyihaning ikkinchi bosqichida qurish reja qilingan. Bu loyiha Qozog‘iston shimolidagi To‘rg‘ay vodiysidan o‘tib janubga burilishi va Sirdaryo hamda Amudaryoga kelib quyilishi lozim edi. Bu loyiha bo‘yicha yirik gidrouzel va o‘nlab yirik nasos stansiyalari qurilishi reja qilingan.

Loyihaga qarshiliklar

Sibir daryolarini Markaziy Osiyoga oqizish masalasi ilk ko‘tarilgan va loyihalarni tayyorlash boshlanganda bu loyihaga qarshilarning «dami ichida» bo‘lgan. SSSRda yuritiligan qattiq siyosat odamlar bu loyihalarga qarshi chiqishiga mutlaqo yo‘l qo‘ymagan. Keyinchalik, vaziyat biroz o‘zgargandan keyin, ya'ni Gorbachyov rahbarlikka kelib, siyosat liberallashgach, Moskvaning bu loyihasiga qarshi bo‘lgan ko‘plab kishilar chiqa boshlaydi.

Ular o‘z e'tirozlarini bir necha omillar bilan asoslagandi. Ularning fikricha, G‘arbiy Sibirdan Markaziy Osiyo janubigacha ulkan kanal tortish:

a) kanal va suv omborlar qurilsa, juda katta hududda tabiatga zarar yetadi va ekologiya izdan chiqadi;

b) kanal va suv omborlariga yaqin hududlarda yer osti suvlari yuqoriga ko‘tariladi, yo‘llar, aholi punktlari va boshqa obektlar jiddiy xavf ostida qoladi;

v) Ob va Irtish daryolarida baliqlar kamayib, oqibatda Ob daryosi havzasining shimoliy qismida baliqchilik bilan kun kechiradigan turli xalqlarning turmush tarziga ziyon yetkaziladi;

g) Ob daryosi suvining kamayib borishi tufayli, uning Shimoliy Muz okeaniga quyilish qismida sho‘rlanish darajasi oshib ketadi;

d) iqlim o‘zgarishlari bo‘ladi va bu mintaqaga katta zarar yetkazadi;

ye) Qozog‘iston va O‘zbekistonda kanal atrofidagi yerlarda yerosti suvlari ko‘tariladi va unga tutash hududlar botqoqliklarga aylanadi.

Loyiha amalga oshmasligi sabablari va to‘xtatilishi

1986 yil 14 avgustda KPSS MQ siyosiy byurosining maxsus yig‘ilishida Sibir daryolari suvlarini Markaziy Osiyoga oqizish loyihasi to‘xtatiladi. Loyiha amalga oshmasligining bir necha sababi bor edi:

a) Gorbachyov mamlakat rahbarligiga kelib, islohotlar boshlanishi;

b) Afg‘onistondagi harbiy harakatlarga juda katta mablag‘ sarflangani tufayli bunday yirik loyihalar uchun yetarli mablag‘ topilmagani;

v) loyihaga mamlakat bo‘ylab juda ko‘pchilik — olimlar, adiblar va boshqa ziyolilar qarshi bo‘lishi;

Gorbachyovdan oldingi rahbarlar paytida SSSRdagi turli loyihalarga hech kim oshkora qarshilik qila olmas, qarshilik qilganlar «partiya siyosatiga qarshi» deb baholanib, jazolanar edi. Gorbachyov hokimiyat tepasiga kelgach bu borada sezilarli o‘zgarishlar ro‘y beradi. U so‘z erkinligiga yo‘l ochadi va natijada loyihaga qarshilar jonlanib qolishadi.

Markaziy matbuotda birin-ketin bu loyihaga qarshi maqolalar e'lon qilinadi. Jamoatchilik nomidan Gorbachyov nomiga murojatnoma yoziladi. Loyihaga, ayniqsa Moskva ziyolilari qattiq qarshilik ko‘rsatadi. SSSR Fanlar akademiyasi akademigi Aleksandr Yanshin boshchiligida bir guruh akademiklar nomidan, shuningdek akademik Pontryagin o‘z nomidan loyihani to‘xtatishni so‘rab Gorbachyovga maktub yozadi.

«Gosplan» raisi Nikolay Baybakovning keyinchalik bergan ma'lumotlariga ko‘ra, SSSR Ministrlar Soveti raisi Aleksey Kosigin avvalboshdanoq bu loyihaga qarshi bo‘lgan.

Loyihaga so‘ngi yillardagi qiziqish

  • SSSR tarqab ketgandan so‘ng Qozog‘iston hukumati bir paytlar to‘xtatib qo‘yilgan bu loyihani Qozog‘iston hududida amalga oshirish bo‘yicha Rossiya tomoni bilan muzokaralar o‘tkazadi.
  • 2002 yil Moskva shahri meri Yuriy Lujkov loyihani davom ettirish taklifi bilan chiqadi. Lujkov 2009 yil 4 iyul kuni Ostonada «Suv va dunyo» nomli kitobining taqdimotida Sibir-Qozog‘iston kanali loyihasini davom ettirishni qo‘llab-quvvatlashi haqida yana bir bor eslatadi.
  • 2006 yil 4 sentyabrda Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Ostonada bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Sibir daryolarini Markaziy Osiyoga oqizish loyihasiga yana qaytish lozimligi haqida fikr bildiradi.
  • 2010 yil sentyabrda Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev Rossiyadagi Sobiq Ittifoq davrida ishlatilgan, so‘ng o‘z holiga tashlab qo‘yilgan sug‘orish obektlarini qayta tiklash va ta'mirlash haqida ko‘rsatma beradi. O‘shanda Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Medvedevga murojat qilib, G‘arbiy Sibir daryolarining suvini Qozog‘istonga oqizish loyihasini qayta boshlash haqida taklif bildiradi, ammo Rossiya rahbariyati uning taklifini e'tiborsiz qoldiradi.
  • Sibir daryolarini O‘rta Osiyoga oqizish loyihasi bugungi kunda 40 milliard dollarga baholanyapti.

Xulosa

Bugun ko‘pchilikni bir savol o‘ylantiradi: o‘shanda Sibir daryolarining suvini Markaziy Osiyoga oqizishning imkoni bormidi?

Bir tarafdan loyihaning amalga oshirish juda qiyin ish bo‘lgan, ikkinchi tarafdan SSSR-Afg‘on urushi boshlanib ketmaganida, u amalga oshishi ham mumkin edi. Afg‘onistondagi urush natijasida SSSR nafaqat bu urushda hisobsiz mablag‘ ishlatdi, balki G‘arb davlatlari joriy etgan sanksiyalar tufayli juda katta mablag‘ yo‘qotdi. Bunday holatda katta mablag‘ talab qiladigan loyihalarni amalga oshirish amrimahol edi.

Qolaversa, loyiha davom ettirilganda ham Sibir daryolarining suvi O‘zbekistonga yetib kelmasligi ehtimoli yuqori bo‘lgan. Kanallar qazilib, ulardan suv oqizish boshlansa, suv O‘zbekistonga yetib kelguncha parlanish va yer ostiga singib ketish natijasida katta yo‘qotishlarga uchrashi aniq edi. Bunday holatda suvni eng avval Qozog‘iston cho‘llarini o‘zlashtirishga sarflash Moskva uchun eng manfaatli yo‘l bo‘lardi.

Bugun loyiha haqida turli taxminlarni bildirish mumkin. Uning to‘xtatilgani va Sibir daryolari suvining O‘zbekiston uyoqda tursin Qozog‘istonga ham oqmayotgani esa ayni haqiqat...

G‘ayrat Yo‘ldosh

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top