15:23 / 10.03.2020
0
4953

Mahkumlarning uchrashuvlari va telefon so‘zlashuvlari sonini ko‘paytirish rejalashtirilmoqda

Mahkumlarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari himoyasini kuchaytirish ko‘zda tutilmoqda

Foto: Maksim Blinov

2020 yil 10 mart kuni parlament quyi palatasida «Milliy tiklanish» DP fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi muhokamasiga kiritilishi rejalashtirilayotgan bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi.

Dastlab, «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi fraksiya a'zolari tomonidan atroflicha muhokama etildi.

Ta'kidlanganidek, loyiha asosida O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga mahkumlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, jazoni ijro etish tizimida shaxsning axloqini tuzatish, jamiyatga ijtimoiy moslashuvini ta'minlashni nazarda tutuvchi o‘zgartish hamda qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.

Xususan, mahkumlarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari himoyasini kuchaytirish, jumladan, tintuv jarayonida jismoniy kuch va maxsus vositalarning asossiz qo‘llanilishiga yo‘l qo‘ymaslik, shaxsiy xavfsizligini ta'minlash, ularni rag‘batlantirishning adolatli mezonlarini ishlab chiqish, shu asosida rag‘batlantirish choralarini qo‘llash ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, loyihada voyaga yetmagan mahkumlarning ota-onasi, ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar bilan uchrashishga bo‘lgan huquqiga nisbatan cheklovlarni bekor qilish, mahkuma ayollarning o‘z farzandlari bilan uchrashishining alohida tartibini belgilash hamda mahkumlarning uchrashuvlari, telefon orqali so‘zlashuvlari sonini ko‘paytirish, uchrashuvlar vaqtini almashtirish tizimini tashkil etish kabilar ham o‘z aksini topmoqda.

Deputatlar mazkur qonun loyihasi muhim o‘rin tutishini ta'kidlab, uni qo‘llab-quvvatlashdi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top