17:23 / 10.03.2020
49624

Samarqanddagi «to‘polonchi qizlar». Ular nega bayram kuni janjal chiqargandi?

8 mart kuni internetda bir guruh qizlarning rasmiy til bilan aytganda, ichki ishlar xodimlariga «faol qarshilik qilayotgani» tasvirlangan video tarqalgandi. Voqea Samarqandda bo‘lgan va video bo‘yicha ko‘plab taxminlar aytildi. Ulardan eng ko‘p tarqalganiga ko‘ra, qizlar go‘yoki ichib olib shahardagi mashhur kafening o‘rtasida striptiz uyushtirmoqchi bo‘lgan. Bu gaplar qanchalik haqiqatga yaqin ekanini bilish maqsadida Kun.uz muxbiri surishtiruv o‘tkazdi.

Samarqand shahri Sartepa mavzesida joylashgan «2-GOM»da bu videodagi qizlar Kun.uz muxbirining savollariga javob berdi. Ularning aytishicha, voqea bunday bo‘lgan: qizlardan biri M.I o‘z tug‘ilgan kunini nishonlash maqsadida Sartepa maskanidagi o‘sha janjal ko‘tarilgan kafega borgan. 8 mart kuni tug‘ilgan kunini nishonlashni rejalashtirgan qiz bir kun oldin joy buyurtma qilib 700 ming so‘m «zalog» bergan. Uning tusmolicha dugonalari ishtirokidagi bazmi jamshid 1,5 million so‘mga tushishi kerak bo‘lgan va shu bois pulning taxminan yarmini oldindan bergan.

8 mart soat 20:00 lar chamasida qizlar kafega kelishgan. Ular spirtli ichimlik ichgach (kafe ofitsiantlarining aytishicha, o‘sha stoldagilar 8 shisha aroq ichgan) sarmast bo‘lib raqs tushgan. Raqslar shunday uyatsiz ko‘rinish olganki, atrofda o‘tirgan boshqa mijozlar videodagi qizlardan norozi bo‘lgan. Mijozlarning ba'zilari toqat qilolmay ketib ham qolgan. Shunda kafe xodimlari 15 kishidan iborat qizlar guruhini (ular orasida ikki erkak ham bo‘lgan) boshqa zalga o‘tkazib joy qilib berishgan.

Ammo qizlarning sho‘x raqslari bu yerda ham davom etgach kafe xodimlari Milliy gvardiya zobitlariga murojaat qilishga majbur bo‘lgan. Zobitlar qizlardan o‘tirishni to‘xtatishni talab qilgan (ofitsiant yigitlarning aytishicha, Milliy gvardiya zobitlari bayram bo‘lgani uchun qizlarga qo‘pollik qilmagan). Tug‘ilgan kun sohibi va dugonalari zobitlar talabidan so‘ng kafedan chiqib ketishga rozi bo‘lgan.

Ular kafedan chiqishi bilan mojaro boshlangan. Ofisiant tabiiyki, yegan narsalari uchun pulni to‘lashlarini talab qilgan. Qizlar esa o‘zi buyurtma qilgan hamma narsa olib kelinmaganini, hali bayram torti kesilmaganini (bunga alohida urg‘u bergan) aytib, pul bermasligini aytgan. Shundan janjal boshlangan. Qizlardan birini kafe oldidagi yigit turtib ham yuborgan. Ofisiant yigitning aytishicha, qizlar o‘sha yigitning xotinini kurakda turmaydigan gaplar bilan haqoratlagan.

Keyin ahvol jiddiylashgach Milliy gvardiya zobitlari qizlarni mashinaga o‘tqazib ichki ishlar bo‘linmasiga yuborishga qaror qilgan. Ammo bu vaqtda qizlar yuqorida aytganimizdek «faol qarshilik ko‘rsatgan». Oqibatda o‘rtada kichik janjal yuzaga kelgan. Uch nafar qiz IIB bo‘limiga olib ketilgan.

Kun.uz muxbirining savollariga javob bergan qizlarning hammasi ularga ikkinchi ovqat tortilmagani, tort ham berilmagani, buning ustiga o‘tirish soat 23:00 gacha davom ettirilishi kerak bo‘lgan holatda belgilangan vaqtdan oldin chiqarib yuborilganini aytdi. Ammo kafe ish boshqaruvchisi va o‘sha kuni xizmatda bo‘lgan ofitsiant barcha taomlar tortilganini, qo‘shimchasiga qizlarning stoliga uchta qo‘shimcha aroq berilganini aytdi.

Kafe ofitsianti ish yuzasidan bir gapni aytdi. Emishki, qizlarning davrasidagi tinchlik ularning safiga ikki erkak qo‘shilganidan keyin buzilgan. Xodim bu erkaklarning kafega kirib kelishi va qizlarning davrasiga qo‘shilganini nazorat kamerasida ko‘rsatdi. Darvoqe, kafe xodimi nazorat kamerasida barcha holatlarni Kun.uz muxbiriga ko‘rsatdi va ularning hech birida qizlarning striptiz tushishga urinishi ko‘rinmagan.

Striptiz, qo‘pol bo‘lsa ham, bu butunlay boshqa turdagi shahvoniy raqs va u uchun maxsus detallar talab qilinadi. Ammo qizlar chindan kurakda turmaydigan xurmacha qiliqlar qilgani rost va bu kamerada ko‘ringan.

Bu janjallar yuzasidan bugun Samarqand shahar ma'muriy sudida sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Unga ko‘ra, tug‘ilgan kun sohibi va janjal markazida bo‘lgan M.Iga 5 kunlik ma'muriy qamoq jazosi berilgan bo‘lsa, uning yana ikki dugonasiga 3 BHM (bazaviy hisoblash miqdori) miqdorida jarima belgilandi.

Top