22:05 / 10.03.2020
0
8306

Talaba OTMdagi o‘qishini tugatguncha taxminan 150-160 marta korrupsiyaga duch kelishi aniqlandi

O‘zbekistondagi davlat OTMlarida talabalar o‘qish davomida taxminan 150-160ta korrupsion holatga duch keladi. Bu haqda Bosh prokuratura mas'ul xodimi Sardor Mamanov ma'lum qildi.

10 mart kuni Davlat test markazida korrupsion holatlarning oldini olishga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Bosh prokuratura mas'ul xodimi Sardor Mamanov «Korrupsiyasiz soha» pilot loyihasi doirasida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalari haqida ma'lumot berdi.

«Oliy ta'lim tizimida olib borgan o‘rganishlarimiz natijasida talaba OTMga kirib to uni bitirguncha bo‘lgan davrda turli katta-kichik holatlarda taxminiy 150-160ta korrupsion holatga duch kelishi aniqlandi.

Bular orasida dars qoldirish, davomat, semestr imtihonlarini topshirish kabilardan tortib, diplom himoyasigacha bo‘lgan jarayonlar o‘rganildi», – dedi Bosh prokuratura vakili.

Uning qo‘shimcha qilishicha, korrupsion holatlar aniqlanishi bilan birga ularning yechimlari ham tegishli vazirlik mutaxassislari va xorijlik ekspertlar jalb etilgan holda ko‘rib chiqilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda oliy ta'limdan tashqari qurilish va sog‘liqni saqlash sohalarini ham korrupsiyasiz sohalarga aylantirish uchun choralar ko‘rilmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top