21:31 / 11.03.2020
38738

«O‘zavtosanoat»: Eksportga chiqarilayotgan avtomobillar ichki bozordagidan arzon emas

«O‘zavtosanoat» AJ Savdoni rivojlantirish, so‘nggi xizmat ko‘rsatish va komponentlar eksporti boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Mirsamukovning aytishicha, Rossiya va Qozog‘istonga eksport qilinayotgan o‘zbek avtomobillari ichki bozordagidan arzon sotilayotgani haqidagi gap-so‘zlar asossiz.

U bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «O‘zavtosanoat» AJ ishtirokida bo‘lib o‘tgan parlament eshituvida deputat Qodir Jo‘rayevning savoliga javoban ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Hech qachon xalqimiz ichki bozorda avtomobillarni tashqi bozordagidan, masalan, Rossiya yoki Qozog‘istonga nisbatan qimmatroq to‘lamaydi, deb o‘zimizga strategiyani belgilab olganmiz.

Qo‘limda hozirgi kundagi holat bo‘yicha ma'lumotlar bor. Rossiya va Qozog‘istondagi narxlarni aytib o‘taman, buni rasmiy distribyutorlarimiz orqali tekshirib ko‘rish ham mumkin. Masalan, narxlar oshirilgandan so‘ng O‘zbekistonda Cobalt narxi 10028 dollardan boshlanayapti. Rossiyada Cobalt’ning boshlang‘ich narxi – 10138 dollar, ya'ni 110 dollarga qimmatroq.

Qozog‘istonda Cobalt narxi 10684 dollardan boshlanadi, ya'ni u yerda ham narx O‘zbekistondagiga nisbatan 656 dollar qimmatroq.

Ommabop avtomobillardan biri – Nexia’ning narxi O‘zbekistonda 9101 dollardan boshlanadi. Rossiyada 9831, Qozog‘istonda esa 9129 dollardan boshlanadi.

Eng oddiy modifikatsiyadagi Spark O‘zbekistonda 7710 dollardan boshlab sotilayotgan bo‘lsa, Rossiyada 9831, Qozog‘istonda 10579 dollardan sotilmoqda», deydi u.

«O‘zavtosanoat» AJ vakili ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan avtomobillar Rossiya va Qozog‘istonda ancha arzon sotilayotgani aks etgan xabarlar va skrinshotlarga ham izoh berib o‘tdi.

«Internetda tarqalayotgan xabarlarni o‘rganib chiqdik. Jumladan, rasmiy saytlardan olingandek qilib ko‘rsatilgan skrinshotlarni ham o‘rgandik. Bu – ayrim korxonalarning marketing strategiyasi bo‘lib, bu narsa «perekup» [olib-sotish] deyiladi. Ular bizning dillerlarimizdan mashinalarni olishgan. Odamni jalb qilish maqsadida mana shunday «skidka» [chegirma] beramiz deb arzon narxlarni ko‘rsatishadi. Mijoz kelgandan keyin pulini oladi va lizingni taklif qiladi yoki boshqa mashinani o‘tkazishga harakat qiladi.

Ular bizning rasmiy dillerlarimiz emas. O‘rganish jarayonida ular haqida Rossiya va Qozog‘istonda yashovchi odamlarning izohlarini ham ko‘rdik. Ularni ham taqdim etishimiz mumkin. Ular boshqalarni bu kabi korxonalarga ishonmaslikka chaqirishgan», – deydi Shuhrat Mirsamukov.

Top