13:25 / 13.03.2020
19205

Mirziyoyev Xorazmni rivojlantirishning muhim yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tdi 

Davlat rahbari milliy san'atni tarannum etish, xorijliklarni jalb qilish maqsadida Xorazmda lazgi bo‘yicha xalqaro festival o‘tkazishni taklif etdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Urganch shahrida bo‘lib o‘tayotgan yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatini rivojlantirishning muhim yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, yaqin uch yilda umumiy qiymati 24 trillion so‘mlik 2 ming 736 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilib, 50 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan. 
 
Hazoraspdagi avtomobil zavodida “Damas” va “Labo” mikrovenlari ishlab chiqarishning mahalliylashtirish darajasini 65 foizga yetkazish (hozir 27 va 14 foiz) bo‘yicha yangi loyihalar amalga oshiriladi. 

Viloyatda kelgusi yilda paxtani qayta ishlash darajasini 100 foizga, ip-kalavani uch yilda bugungi 35 foizdan 70 foizga yetkazish bo‘yicha yangi loyihalar ishlab chiqiladi. 

Malayziyalik investorlarning 250 million dollar sarmoyasi hisobidan yiliga 63 ming tonna kaustik soda va xlor ishlab chiqaradigan kimyo zavodi quriladi. 

Suvdan unumli foydalanish, meva-sabzavotchilik klasterlari tashkil etish, qovunchilikda “Xorazm navi” brendini yaratib, qovun yetishtirish va eksport qilishni ko‘paytirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Sayyohlik salohiyatini kengaytirish maqsadida Shovot kanalining ikki yonida kichik turizm zonasini, Xivada “Xorazm xonlari shaharchasi”ni tashkil etish bo‘yicha topshiriq berildi.

Davlat rahbari milliy san'atni tarannum etish, xorijliklarni jalb qilish maqsadida Xorazmda lazgi bo‘yicha xalqaro festival o‘tkazishni taklif etdi. Bu tashabbusni xorazmliklar mamnuniyat bilan qo‘llab-quvvatladi, deya yakunlangan xabar. 

Top