08:09 / 14.03.2020
6394

Kichik sanoat zonasini tashkil etishning yangi tartibi tasdiqlandi 

Kichik sanoat zonalari faoliyatini tashkil etishning yangi tartibi tasdiqlandi. Ilgari amal qilgan tartib o‘z kuchini yo‘qotdi

Foto: Shutterstock

21.06.2019 yildagi PQ-4363-son qarorga muvofiq kichik sanoat zonalari (KSZ) ishtirokchilari uchun yangi qoidalar belgilangan. Shu munosabat bilan KSZ tashkil etish va uning ishtirokchilarini tanlash mexanizmi birmuncha o‘zgartirildi. Qisqacha bayon etilganda mexanizm quyidagilarni o‘z ichiga oladi.
 
Norma’ning yozishicha, tanlab olingan investitsiya loyihasini KSZ hududida amalga oshirish uchun yer uchastkasini ajratish to‘g‘risidagi qaror Ma'muriy kengash – tuman hokimliklari va boshqa tashkilotlar vakillaridan iborat kollegial organning bayonnomasi shaklida rasmiylashtiriladi. Mahalliy hokimiyat organi tomonidan yer uchastkasini ajratish haqida alohida qaror qabul qilinishi talab etilmaydi.
 
Yangi KSZ tashkil etish va faoliyat ko‘rsatayotgan KSZ hududining chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi qarorlar Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan kelishilgan holda, viloyat (Toshkent shahar) xalq deputatlari Kengashlari (ilgari – viloyat hokimiyatlari) tomonidan qabul qilinadi. Ushbu qarorlar KSZning kadastr va yer tuzish hujjatlarini tayyorlash, bosh rejasini ishlab chiqish, tadbirkorlik sub'yektlariga sanoat ishlab chiqarishini hamda unga xizmat ko‘rsatuvchi infratuzilmani tashkil qilish uchun KSZ hududida yer uchastkasini berish uchun asos bo‘ladi.
 
Ma'muriy kengash Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga, shuningdek tegishli xalq deputatlari Kengashlariga quyidagi hujjatlar to‘plamini kiritadi:

yangi KSZ tashkil etish yoki faoliyat ko‘rsatayotgan KSZ hududlarining chegaralarini o‘zgartirish zaruratini asoslaydigan tahliliy ma'lumot;

yer uchastkasining chegaralari va maydonlari to‘g‘risidagi ma'lumot, shuningdek negizida yangi KSZ tashkil etish yoki yer uchastkalarini faoliyat ko‘rsatayotgan KSZ tarkibiga kiritish rejalashtirilayotgan ishlab chiqarish maydonlari va bo‘sh turgan yer uchastkalarining ro‘yxati;

KSZ hududining muhandislik-texnik kommunikatsiyasi va ishlab chiqarish infratuzilmasi mavjudligi, infratuzilma obektlarini qurish bo‘yicha hisob-kitoblar va moliyalashtirish manbalari to‘g‘risida ma'lumotlar.
 
Investitsiya loyihalari ikki oyda kamida bir marta o‘tkaziladigan tanlov asosida tanlab olinadi. Quyidagilar loyihalarni KSZ hududida joylashtirishning asosiy mezonlari hisoblanadi:

belgilanadigan tarmoq xususiyatiga muvofiq sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishni tashkil etish;

yangi ish o‘rinlarini tashkil qilish;

pul bilan ifodalanadigan qiymatga ega bo‘lgan investitsiyalarni kiritish. Investitsiyalash shakli – qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan istalgan shakllarda;

muqobil va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini qo‘llagan holda, zamonaviy energiya tejovchi tizimlar va texnologiyalarni joriy etish asosida import o‘rnini bosadigan va (yoki) eksportga yo‘naltirilgan tayyor mahsulotlar turlari, materiallar va butlovchi buyumlarni ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish.
 
Bo‘lajak investor tanlovda ishtirok etish uchun bevosita kelib yoki pochta (xabardor qilgan holda buyurtma xati) orqali KSZ direksiyasiga investitsiya buyurtmanomasini ikkita muhrlangan konvertlarda taqdim etadi. Investitsiya buyurtmasiga quyidagilar ilova qilinadi:

taklif etilayotgan investitsiya loyihasining biznes-rejasi;

investorning oxirgi uch yil (mavjud bo‘lganda) davomidagi moliyaviy-xo‘jalik faoliyati to‘g‘risida ma'lumot;

talabgorning ko‘rsatilgan sohada ish tajribasi haqida ma'lumot.
 
Investitsiya buyurtmanomalari solingan konvertlardan biri Ma'muriy kengash yig‘ilishida ochiladi. Ikkinchisi ishchi organda saqlanadi va investitsiya loyihalari mazmuni bo‘yicha munozarali holatlar vujudga kelganda ochiladi. 
 
Yaratiladigan yangi ish o‘rinlari soni, raqobatbardosh, xaridorgir, talabgir mahsulotlar ishlab chiqarishning texnologik izchil zanjirini tashkil etish hisobga olingan holda eng jozibador investitsiya buyurtmanomasi eng yaxshi investitsiya loyihasi deb tan olinadi.
 
Direksiya investitsiya loyihasini amalga oshirish to‘g‘risidagi bitim imzolangan kundan boshlab 1 ish kuni mobaynida tadbirkorlik sub'yektini KSZ ishtirokchisi sifatida ro‘yxatga oladi va guvohnoma beradi.
 
Hujjat 10.03.2020 yildan kuchga kirdi.

Top