22:25 / 16.03.2020
30507

Putinning prezidentlik muddatlarini nollashtirish taklifi qonunga mosligi tasdiqlandi. Buning uchun ikki kun yetarli bo‘ldi

Rossiya konstitutsiyaviy sudi Rossiya prezidenti Vladimir Putinga prezident saylovlarida yana ishtirok etishga imkon beruvchi tuzatmalar haqidagi qonun loyihasini konstitutsiyaga muvofiq, deb topdi. Hujjat prezidentga yo‘llanadi va u bo‘yicha shikoyat qilib bo‘lmaydi. 

Foto: EPA

Konstitutsiyaviy sud konstitutsiyaga kiritilishi rejalashtirilgan va kuchga kirishi uchun ovoz berishdan o‘tishi ko‘zda tutilgan barcha tuzatmalarni ma'qullagan.

Sud prezident vakolatlari muddatlarining nollashtirilishi mumkinligini tan olgan va 1998 yil prezident Boris Yelsinga uchinchi muddatga saylanishni taqiqlagan bu masaladagi avvalgi pozitsiyani bekor qilgan.  

Sud Putinga 2024 yilda prezident saylovlarida ishtirok etishga ruxsat beruvchi tuzatma 1993 yilda konstitutsiya qabul qilinganda bo‘lmagan “maxsus shart”ni o‘z ichiga olganini ta'kidlab o‘tgan.

Endi barcha taklif qilingan tuzatmalar umummilliy ovoz berishga bir paket bilan qo‘yiladi, ya'ni rossiyaliklar barcha tuzatmalarga birvarakayiga qarshi chiqishadi yoki ularni qo‘llab-quvvatlashadi.

Ovoz berish 22 aprelga belgilangan. Hozircha Kremlda ovoz berishni koronavirus epidemiyasi sababli boshqa sanaga ko‘chirish rejalashtirilmayotgani aytilgan.

Konstitutsiyaviy sudga ushbu takliflarni ko‘rib chiqishi uchun ular prezidentga tanishish uchun berilgandan keyin 2 kun kifoya qilgan. Bungacha sud faqatgina prezidentning Qrimni Rossiya tarkibiga qo‘shib olish haqidagi kelishuvni ma'qullash haqidagi so‘rovini bunday tezkor tartibda ko‘rib chiqqan.

Putinning prezidentlik muddatlarini boshqatdan hisoblash taklifini 10 mart kuni davlat dumasi deputati Valentina Tereshkova konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi qonun loyihasini ko‘rib chiqish vaqtida taklif qilgan.

Putin o‘z navbatida bu tuzatmalarga konstitutsiyaviy sud tomonidan ma'qullansa rozi bo‘lishini aytgan.

Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov prezidentning bunga rozi bo‘lishini dunyodagi murakkab vaziyat bilan tushuntirgan.

“Bunday murakkab yillarda hokimiyatning barqarorligi, qat'iyatligi, izchilligi katta ahamiyat kasb etadi. Ko‘rinishicha, Tereshkova taklif berganda shunga tayangan va Putin uning bu daliliga rozi bo‘lgan”, deb aytgan Peskov. 

Top