17:43 / 16.03.2020
11485

Turar-joy maydonidan kelib chiqib doimiy propiska qilinuvchilar soniga cheklov belgilanishi mumkin

48 kv/m maydonga ega turar-joyga ko‘pi bilan 3 kishi doimiy propiska qilinishiga oid tartib belgilanmoqda. Agar propiska qilinuvchilar aravachada yuradigan nogiron bo‘lsa, ularning soni bundan ham kamroq bo‘ladi

Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish va turgan joyi bo‘yicha hisobga olish tartibini yanada soddalashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Ushbu qaror loyihasiga “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish va turgan joyi bo‘yicha hisobga olish tartibi to‘g‘risida”gi nizom loyihasi ilova qilingan.

Nizom loyihasining 8-bandida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiskaga ega bo‘lmagan fuqarolarning ushbu hududlarda doimiy propiskadan o‘tishlarida qonunchilikda belgilangan bir kishi uchun turar-joy maydonining ijtimoiy normasi to‘g‘risidagi qoidalariga rioya etilishi shart bo‘ladi.

Qonunchilikda belgilangan turar-joy maydonining ijtimoiy normasi:

- bir kishi hisobiga o‘n olti kvadrat metrdan kam bo‘lmagan umumiy maydon hajmida;

- kreslo-aravachada harakatlanadigan nogironlar uchun esa – yigirma uch kvadrat metrdan kam bo‘lmagan hajmda bo‘lishi talab etiladi.

Loyihadagi uy-joy maydonining ijtimoiy normasi Uy-joy kodeksining 42-moddasidan kelib chiqib kiritilgan.

Top