10:20 / 17.03.2020
8520

Karantin davrida bolalarning ota-onalari mehnat ta'tiliga chiqishga haqli - Vazirlik

Ma'lum qilinishicha, farzandi maktabgacha ta'lim muassasi tarbiyalanuvchi yoxud boshlang‘ich sinf o‘quvchisi bo‘lgan, ishlaydigan ona yoki otaga ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, foydalanilmagan yillik mehnat ta'tili (Mehnat kodeksi 133-modda) ta'tillar jadvalidan qat'iy nazar beriladi.

O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi 16 martdan respublikadagi barcha ta'lim muassasalarida ta'til e'lon qilingani munosabati bilan bog‘cha bolalar va boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ota-onalariga ta'til berilishi tartiblari bo‘yicha izoh berdi.

Ota-onalar karantin sabab maktabgacha ta'lim muassasasiga bora olmayotgan, belgilangan muddatdan vaqtli ta'tilga chiqqan o‘quvchi-farzandlariga qarovni amalga oshirish ularning mehnat munosabatlariga qay tarzda ta'sir o‘tkazishi, bunda ularga imtiyozlar berish-berilmasligi bilan qiziqqan. 

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi yuzaga kelayotgan holatlar bo‘yicha quyidagilarni ma'lum qiladi. 

Farzandi maktabgacha ta'lim muassasasi tarbiyalanuvchi yoxud boshlang‘ich sinf o‘quvchisi bo‘lgan, ishlaydigan ona yoki otaga ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, foydalanilmagan yillik mehnat ta'tili (Mehnat kodeksi 133-modda) ta'tillar jadvalidan qat'iy nazar beriladi. 

Agar xodim yillik mehnat ta'tilidan avval foydalangan bo‘lsa yoki karantin tadbirlari o‘tkazilayotgan davrda yillik mehnat ta'tilidan foydalanish istagini bildirmasa, yoki birinchi ish yilida yillik mehnat ta'tilini olish uchun zarur bo‘lgan ish staji (olti oydan kam bo‘lmagan mehnat faoliyati)ga ega bo‘lmasa, (Mehnat kodeksi 143,144-modda) ish beruvchi tomonidan xodimlarga ularning roziligi bilan ish haqi saqlanmagan holda ta'til beriladi (Mehnat kodeksi 150-modda) yoki ular ish vaqti to‘liq bo‘lmagan (Mehnat kodeksi 119-modda) ishga o‘tkaziladi. Bunda ishlangan ish vaqtiga mutanosib ravishda ish haqi to‘lanadi.

Shuningdek karantin tadbirlari davrida ish beruvchi xodim (ayniqsa homilador ayollar, keksalar, imkoniyati cheklangan shaxslar, surunkali kasalliklarga chalingan shaxslar)ni ularning roziligi bilan masofaviy (distansion) mehnat va kasanachilik asosidagi mehnatga o‘tkazishi mumkin.

Bunda xodim tomonidan masofaviy mehnat doimiy ish joyidan tashqarida, texnik vositalar (kompyuter, aloqa vositalari, shu jumladan Internetga ulanish va h.k.) mavjud bo‘lgan taqdirda elektron hujjatlar almashinuvidan foydalangan holda yo‘lga qo‘yiladi. Kasanachilik asosidagi   mehnat esa qonunchilikda o‘rnatilgan tartibda amalga oshiriladi.

Maktabgacha ta'lim tashkilotlari, umumiy o‘rta ta'lim maktablari, oliy va o‘rta maxsus ta'lim muassasalarining masofaviy ta'lim jarayoniga jalb etilgan xodimlar, shuningdek, karantin choralari davrida ta'lim tashkilotlarining ishlashini ta'minlash uchun zarur bo‘lgan xodimlarning ish haqi saqlanib qolinadi.

Ta'lim muassasalarining boshqa xodimlariga mehnat qonunchiligida belgilangan tartibda yillik mehnat ta'tili yoki ish haqi saqlanmagan holdagi ta'til beriladi, yoki ish vaqti to‘liq bo‘lmagan ishga o‘tkaziladi.

Yuqoridagi holatlarning bari ish beruvchi hamda xodimning o‘zaro kelishuvi asosida amalga oshiriladi. 

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top