20:08 / 17.03.2020
25952

Koronavirus bemorlari soni o‘sishi taxminan 2 yil davom etishi mumkin – Germaniya federal agentligi

Koronavirus pandemiyasi taxminan ikki yil mobaynida tarqalishda davom etishi mumkin. Bu haqda infeksion kasalliklarni tadqiq qiluvchi Germaniya federal agentligi rahbariga tayanib, Reuters xabar tarqatdi.

Foto: Odd Andersen/AFP via Getty Images

Robert Kox nomidagi institut prezidenti Lotar Vilerning so‘zlariga ko‘ra, oxir-oqibatda dunyo aholisining 60-70 foizi COVID-19 kasallanib, sog‘ayishi va ularda bu virusga qarshi immunitet paydo bo‘lishi mumkin.

Ammo voqealar rivoji qanchalik tez ro‘y berishini taxmin qilib bo‘lmaydi.

«Hozirchalik taxminimizga ko‘ra, buning uchun ikki yil kerak bo‘ladi», – dedi Viler seshanba kuni matbuot anjumanida.

Uning qo‘shimcha qilishicha, pandemiya davomiyligi ko‘p jihatdan unga qarshi vaksina qanchalik tez yaratilishiga bog‘liq.

«Kasallikning o‘lim bilan tugashi bo‘yicha yakuniy ko‘rsatkich qanday bo‘lishini hozircha ayta olmaymiz», – dedi Lotar Viler.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya kansleri Angela Merkel dushanba kuni qo‘shimcha qat'iy choralar haqida e'lon qilmaganida, mamlakatda millionlab kishilar koronavirus yuqtirib olishi mumkin edi.

Olimning qayd etishicha, Germaniyada xavf darajasi yuqoriligicha qolmoqda. Bemorlarning beshdan bir qismida kasallik jiddiy shaklda kechyapti.

Ma'lumot uchun, Germaniya koronavirusdan zararlanganlar soni bo‘yicha jahonda oltinchi, Yevropada uchinchi o‘rinda turibdi - mamlakatda 8 mingdan ortiq koronavirus bemori bor, ulardan 20 nafari vafot etdi, 67 kishi sog‘aydi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top