08:20 / 17.03.2020
44777

Koronavirus ta'siri: Vodiyning uch viloyati bozorlaridagi narxlar qanday?

 15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirus aniqlangani ortidan birlamchi iste'mol tovarlariga bo‘lgan talab oshdi. 16 mart kuni bozorlardagi narx-navo bilan qiziqib, Namangan, Farg‘ona va Andijonning gavjum bozorlarida bo‘ldik.

Vodiy aholisi 15 mart kuni tushdan so‘ng va 16 mart kuni ertalab birinchi navbatda un, kartoshka va o‘simlik yog‘ini ko‘p miqdorda sotib olishi kuzatilgan. Oqibatda, aynan mana shu mahsulotlarning xarid narxlari biroz ko‘tarilgan.

Namangan, Sardoba bozori

 

Namangan shahridagi Sardoba bozori Kun.uz muxbirining xabar qilishicha, O‘zbekistonda koronavirus aniqlangach, bozorda asosan o‘simlik yog‘iga talab ortgan – 5 litrli yog‘ 4-5 ming so‘mga qimmatlagan, bir xaridorga 10 litrdan ko‘p yog‘ sotilishi cheklangan. Un do‘konlari oldida kichik navbatlar yuzaga kelgan, ammo non narxi oshmagan. Kartoshka asosan 4 ming so‘mdan sotilyapti. #vahimasizkarantin

Posted by Kun.uz on Monday, March 16, 2020

Sardoba bozori – Namangan shahridagi eng gavjum bozorlardan biri. 15 mart kunning ikkinchi yarmi bozorda asosan kartoshka, o‘simlik yog‘i, piyoz uchun navbatlar paydo bo‘lgan va narxlar ko‘tarilgan.

Ulgurji o‘simlik yog‘i sotiladigan joyda biroz navbat bor ekan.

Shu kungacha 3 ming so‘mdan sotilgan kartoshka o‘sha kuni 6-7 ming so‘mga chiqqan.

Dushanba kuni bozordagi holat:

Kartoshka (mahalliy) – 3000-3500 so‘m

Kartoshka (import) – 4000-4500 so‘m

O‘simlik yog‘i (4 kiloli idishda) – 39 ming

Piyoz – 2000-2500 so‘m

Sabzi – 1500-2000 so‘m.

Bozor ichida un sotilmas ekan. Bozor atrofidagi un rastalaridagi narxlar bilan qiziqdik. Do‘konlar atrofida xaridorlar ko‘p. Savdogarlar oliy nav unni qopda sotishmayotganini, faqat kilogrammini 5 ming so‘mdan sotayotganliklarini aytishdi.

Biz borgan payt birinchi navli Qozog‘iston va mahalliy birinchi navli unlar qolmagan ekan. Savdogar yigit «boshqa turdagi un yo‘q»ligini aytdi.

Non rastalaridagi narxlarda esa o‘zgarish yo‘q.

Shahar ichidagi dorixonalarda tibbiy niqoblar sotuvda qolmagan. Antiseptik vositalar ham topilmadi.

Marg‘ilon bozori

 

Marg‘ilon dehqon bozori Yakshanba kungi koronavirus xabaridan keyin, unning arzon navlari tezda sotilib ketgan, kartoshka nisbatan arzon – 3 kilosi 10 ming so‘mdan sotilmoqda. #vahimasizkarantin

Posted by Kun.uz on Monday, March 16, 2020

Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon shahrida bo‘ldik. Markaziy dehqon bozorida 16 mart tushdan keyin odam siyraklashib qolibdi. «Kecha va bugun ertalabda xaridorlar rosa ko‘p bo‘ldi», deyishdi bozordagi sotuvchilar.

Narx-navo o‘tgan kuni ko‘tarilib, so‘ng biroz yana tushgan. Koronovirus xavfidan oldin kartoshka 3 ming so‘m bo‘lgan bo‘lsa, ayni paytda 4 ming so‘mdan sotilmoqda.

Dehqon bozori ichidagi yarmarkada 3300 so‘mdan kartoshka sotilayotganiga guvoh bo‘ldik.

O‘simlik yog‘ining 4 kilo idishga qadoqlanganining narxi 39 ming so‘mdan 41 ming so‘mga ko‘tarilgan.

Un narxlari ham o‘zgargan: birinchi nav Qozog‘iston unining bir qopi 180 ming so‘mdan 210 ming so‘mga yuqorilagan.

Kartoshka – 4000 so‘m

Kartoshka (bozor ma'muriyati tomonidan tashkil qilingan yarmarkada) – 3300 so‘m

O‘simlik yog‘i (4 kiloli idishda) – 41 ming so‘m

Piyoz – 2000-2500 so‘m

Sabzi – 2000 ming so‘m.

Un do‘konidagi savdogarlarning aytishicha, 15 mart kuni ko‘plab xaridorlar 5-10 qopdan un sotib olishgan.

«Kecha, do‘konimizda bir qop ham un qolmadi. Hozir ham mahalliy Farg‘ona, Qo‘qon unlari yo‘q, Qozog‘iston unini sotyapmiz», deydi do‘konchi yigitlar.

Qozog‘iston bug‘doy unining oliy navi – 5000 so‘m, birinchi navi esa 4500 so‘m.

Bozor atrofidagi dorixonaga kirib, niqob so‘radik. «Niqobga talab kattaligi sabab, hammasi sotilib ketdi. O‘zimizning marli-dokalardan tikilganini ming so‘mdan sotdik. Hozir sotuvda niqob yo‘q.

Antiseptik vositalar va xlorni ham aholi g‘amlab olyapti», deydi dorixona sotuvchisi.

Andijon Yangi bozorida

 
Andijon shahridagi Yangi bozor

Andijon shahridagi Yangi bozor Andijon shahrida asosan kartoshkaga talab oshgani kuzatilgan. Shundan bo‘lsa kerak, mazkur sabzavotning narxi koronovirus xavfi e'lon qilingandan so‘ng bir oshib, so‘ng pasaygan. O‘tgan kunlarda 3 ming sotilayotgan kartoshka bugun 5500-6000 so‘mga chiqib olibdi. Bozor ma'muriyati tomonidan tashkil qilingan yuk mashinasida sotilayotgan kartoshkaning narxi 4500 so‘m. Mahalliy arzon narxdagi bug‘doy unlari sotuvda qolmabdi. Unning narxi, naviga qarab bir kilogrammi 3600 - 5000 so‘mdan sotilmoqda. O‘simlik yog‘ining 4 kilogrammlik idishdagisi 40 ming so‘m. #vahimasizkarantin

Posted by Kun.uz on Monday, March 16, 2020

Andijon shahrida asosan kartoshkaga talab oshgani kuzatilgan. Shundan bo‘lsa kerak, mazkur sabzavotning narxi koronovirus xavfi e'lon qilingandan so‘ng bir oshib, so‘ng pasaygan.

O‘tgan kunlarda 3 ming sotilayotgan kartoshka 5500-6000 so‘mga chiqib olibdi. Bozor ma'muriyati tomonidan tashkil qilingan yuk mashinasida sotilayotgan kartoshkaning narxi 4500 so‘m.

O‘simlik yog‘ining 4 kilogrammlik idishdagisi 40 ming so‘mdan sotilmoqda.

Kartoshka – 5500-6000 so‘m

Kartoshka (bozor ma'muriyati tomonidan tashkil qilingan yarmarkada) – 4500 so‘m

O‘simlik yog‘i (4 kiloli idishda) – 40 ming so‘m

Piyoz – 2000-2500 so‘m

Sabzi – 1500-2000 so‘m.

Dehqon bozori yonidagi ko‘chaga joylashgan un rastalariga o‘tdik. Mahalliy arzon narxdagi bug‘doy unlari sotuvda qolmabdi. Unning narxi, naviga qarab bir kilogrammi 3600-5000 so‘mdan sotilyapti.

Andijon dorixonalaridan ham niqob topishning iloji bo‘lmadi. Antiseptik moddalarning ayrim arzon turlari qolgan xolos. Niqob 15 mart kuni 1,5 ming so‘mdan sotilgan ekan.

Elmurod Ermatov, Sarvarbek Nazarov.
Tasvirchi – Ahrorbek Yoqubjonov.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top