16:02 / 17.03.2020
34958

Mamlakatdagi haqiqiy vaziyatni soxtalashtirib talqin qilayotgan 33ta akkaunt aniqlangan - IIV

Ulardan 25tasi xorijiy mamlakatlardagi foydalanuvchilarga, 8tasi esa O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga tegishli

Foto: IZVeSTIYa

Ichki ishlar vazirligida Bosh prokuratura hamda boshqa mutasaddi organlar bilan birgalikda aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan ma'lumotlar va materiallarni, shuningdek, fuqarolar totuvligini buzish, vaziyatni beqarorlashtiruvchi uydirmalar tarqatish hamda jamiyatda qaror topgan xulq-atvor qoidalariga va jamoat xavfsizligiga qarshi qaratilgan barcha qilmishlarni aniqlash va ularni oldini olish bo‘yicha ishchi guruh faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shohrux G‘iyosovga ko‘ra, bugungi kunga kelib ishchi guruh tomonidan mamlakatdagi haqiqiy vaziyatni soxtalashtirib talqin qilayotgan, aholi orasida vahima keltirib chiqarishga qaratilgan, fuqarolar totuvligini buzish va vaziyatni beqarorlashtiruvchi uydirmalar tarqatgan ijtimoiy tarmoqlardagi 33ta akkaunt aniqlangan. 

Bildirilishicha, ulardan 25tasi xorijiy mamlakatlardagi foydalanuvchilarga, 8tasi esa O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga tegishli. Hozirda ushbu fuqarolarning shaxsi aniqlanib, tegishli tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda. 

Shu bilan birga, virusga chalingan hamda karantinda bo‘lgan fuqarolarning shaxslarini ommaga tarqatgan ikki nafar fuqaro aniqlanib, ularning harakatlariga huquqiy baho berilmoqda.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlardagi foydalanuvchilar tomonidan soxta va asossiz ma'lumotlarni tarqatayotgan 13 nafar fuqaro aniqlanib, ularning to‘qqiz nafari bilan profilaktik tushuntirish ishlari olib borildi. To‘rt nafarining xatti-harakatlari yuzasidan qonunda belgilangan tartibda jazo choralari ko‘riladi.

IIV fuqarolarga eslatib o‘tgan:

asoslanmagan ma'lumotlarga ishonmang, xabarlar bilan rasmiy manbalar orqali tanishing; 

o‘tkinchi hissiyotlarga berilmang, vahima va sarosimaga tushmang, bugungi harakatlaringiz oqibatida ertaga tanishlaringiz yoki oilangiz oldida uyalib qolishingiz mumkin;

vaziyatdan foydalanib, shaxsiy manfaat yo‘lida g‘araz maqsadlarni ko‘zlamang, har bir noqonuniy xatti-harakatingiz uchun javob berishingizni - mamlakatimizdagi barqarorlikni izidan chiqarish niyatida bo‘lgan yovuz niyatli kuchlarning o‘yinchog‘iga aylanib qolmang. Unutmangki, har bir holat zudlik bilan aniqlanadi, aybdorlarga nisbatan qonuniy tartibda qat'iy chora ko‘riladi.

Barcha savollaringiz bo‘yicha alohida faoliyat ko‘rsatayotgan 1003 raqamli tezkor aloqa tarmog‘iga murojaat qiling. 

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top