07:46 / 17.03.2020
72001

Samarqandda yirik YTH, qurbonlar bor

YTH natijasida haydovchi va bir nafar yo‘lovchi hodisa sodir bo‘lgan joyda vafot etgan 

Foto: Tergov departamenti

2020 yilning 16 mart kuni soat 21:40da Samarqand viloyati Narpay tumani Mirbozor qo‘rg‘oni hududidan o‘tuvchi “Samarqand-Buxoro” M-37 avtomobil yo‘lining 105-kilometrida Lacetti rusumli avtomashina haydovchisi boshqaruvni yo‘qotgan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, u yo‘lning qatnov qismini ajratib turuvchi beton to‘siqni buzib o‘tib, shu yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan “Gazel” rusumli mikroavtobus bilan to‘qnashuv sodir etgan, natijada shu yo‘nalishda harakatlangan “VAZ 2106” va Nexia-2 rusumli avtomashinalar shikastlangan, ushbu avtomashina haydovchilari jabr ko‘rmagan.

YTH natijasida “Gazel” rusumli mikroavtobusning haydovchisi va bir nafar yo‘lovchisi hodisa sodir bo‘lgan joyda vafot etgan, yana bir yo‘lovchi og‘ir tan jarohatlari bilan tibbiy muassasaga yotqizilgan, mikroavtobusda bo‘lgan 9 nafar yo‘lovchi va Lacetti rusumli avtomashina haydovchisi turli xil darajada tan jarohat olib tibbiyot muassasasiga murojaat qilgan.

Hodisa sodir bo‘lgan joyda tergov-tezkor guruhi ishlamoqda, yo‘l-transport hodisasi sabablari aniqlanmoqda. 

Bildirilishicha, tekshiruv natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumot beriladi.

Top