08:27 / 18.03.2020
9438

Koronavirus: Saudiya Arabistonida jamoat namozlari o‘qilishi vaqtincha to‘xtatildi 

Saudiya Arabistonida koronavirus tarqalishi oldini olish maqsadida Makkadagi Al-Harom va Madinadagi Nabaviy Masjiddan tashqari barcha masjidlarda jamoat, jumladan juma namozlariga vaqtincha taqiqlov kiritildi. Shuningdek, podshohlikda 15 kunga korxonalar faoliyati to‘xtatiladi.   

Foto: REUTERS

Bu haqda Saudi Gazette nashri xabar berdi. 

“Ar-Riyodda ulamolar kengashi koronavirus oqibatlariga bag‘ishlangan shoshilinch yig‘ilishda virusning tez tarqalishi va u ko‘plab o‘lim holatlariga olib kelishi xavfi mavjudligini tasdiqlovchi tibbiy tadqiqotlar hamda odamlarning to‘planishi virus tarqalishiga asosiy sabab ekanligini hisobga olib, juma va boshqa jamoat namozlarining masjidlarda o‘qilishi to‘xtatilishini qonuniy deb topdi, masjidlar eshiklari vaqtincha yopiladi, bu vaziyatda azon o‘qilishi yetarli hisoblanadi”, deyilgan ulamolar qarorida.    

Avvalroq boshqa arab davlatlari, jumladan BAA, Kuvayt va Ummonda ham jamoat namozlari o‘qilishiga taqiqlov kiritilgandi.

Shuningdek, Saudiya Arabistonida 15 kunga barcha xususiy korxonalar faoliyati to‘xtatiladi. Ta'kidlanishicha, ushbu qaror faoliyati sog‘liqni saqlash va oziq-ovqat ta'minoti bilan bog‘liq bo‘lgan korxonalardan tashqari barcha korxonalar uchun taalluqli hisoblanadi.

Ayni vaqtda podshohlikda koronavirusga chalinganlar soni 171 nafarga yetdi. O‘lim holatlari qayd etilmagan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top