11:40 / 18.03.2020
5561

QQSni qoplash yuzasidan kameral soliq tekshiruvini o‘tkazish tartibi ochiqlandi

Qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini qoplash va qoplashning asoslantirilganligi yuzasidan kameral soliq tekshiruvini o‘tkazish tartibi tasdiqlanadi

Foto: Shutterstock

Davlat soliq qo‘mitasining “Qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini qoplash va qoplashning asoslantirilganligi yuzasidan kameral soliq tekshiruvini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Nizom quyidagilarga nisbatan tatbiq etilmaydi;

soliq to‘lovchini ortiqcha to‘lagan yoki undan ortiqcha undirilgan soliq summasini qaytarishga;

chet davlat fuqarolariga soliq summasini qoplashga (qaytarishga) (TAX FREE).

Soliqni qoplash, soliq to‘lovchining Shaxsiy kabineti orqali soliq organlariga taqdim etiladigan muvofiq shakldagi soliq summasini qaytarish to‘g‘risidagi ariza hamda Nizomda nazarda tutilgan hujjatlar asosida amalga oshiriladi.

Nol darajali stavkani qo‘llanishi natijasida hosil bo‘lgan va qoplanishi lozim bo‘lgan soliq summasining asoslanganligini tasdiqlash uchun soliq to‘lovchi arizaga muvofiq shaklda soliq to‘lovchining bankdagi hisob raqamiga qoplab berilishi lozim bo‘lgan soliqning ortiqcha summasi bo‘yicha hisob-kitobni ilova qiladi.

Ariza va unga ilova qilingan hujjatlar soliq to‘lovchi hisobga olingan joydagi davlat soliq boshqarmasi tomonidan, yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha esa Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Davlat soliq qo‘mitasi raisining buyrug‘iga asosan, ariza va soliq to‘lovchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqishning boshqacha tartibi belgilanishi shu jumladan, ularni soliq to‘lovchining hisobga olingan joyidan boshqa joyda ko‘rib chiqilishi mumkin.

Soliq to‘lovchi tomonidan ariza Nizomda nazarda tutilgan hujjatlarni ilova qilmagan holda taqdim etilganda, ariza soliq organlari tomonidan ko‘rib chiqilmasdan besh kun mobaynida soliq to‘lovchiga qaytarilishi lozim. Arizasi ko‘rib chiqilmagan va qaytarilgan soliq to‘lovchi, Nizomda nazarda tutilgan hujjatlarni ilova qilgan xolda, qayta ariza berishga haqli.

Arizada ko‘rsatilgan soliq summasining asoslanganligini tekshirish uchun soliq organi qoplanishi uchun arizada ko‘rsatilgan soliq summasi asoslantirilganligi yuzasidan kameral soliq tekshiruvini o‘tkazadi. Kameral soliq tekshiruvi soliq organining tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risidagi buyrug‘isiz o‘tkaziladi.

Kameral soliq tekshiruvi soliq to‘lovchi tomonidan ariza taqdim etilgan kundan keyingi keluvchi kundan boshlanadi. Kameral soliq tekshiruvini o‘tkazish muddati ellik kundan oshmasligi kerak.

Kameral soliq tekshiruvini o‘tkazish jarayonida soliq organi zarur hujjatlar va tovar-moddiy boyliklarning mavjudligini o‘rganish yuzasidan sayyor soliq tekshiruvini tayinlash hamda uchinchi shaxslardan tegishli hujjatlar va ma'lumotlarni talab qilib olish huquqiga ega.

Soliqni qoplash bo‘yicha kameral soliq tekshiruvini o‘tkazish davrida soliq organi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 138-moddasida nazarda tutilgan tartibda kameral soliq tekshiruvi o‘tkazilishi mumkin.

Kameral soliq tekshiruvi yakuni bo‘yicha soliq organi soliq summasini (to‘liq yoki qisman) qoplash yoki soliq summasini qoplashni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Soliq summasini qisman qoplash yoki qoplashni rad etish to‘g‘risida qaror, qoida tariqasida, soliq summasini hisobga olish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lmaganda, huquqni suiiste'mol qilish belgilari, qalbaki yoki ko‘zbo‘yamachilik uchun bitimlar tuzilganligi, soliq bazasini yashirish (kamaytirish) faktlari hamda boshqa shunga o‘xshash holatlar aniqlanganda qabul qilinadi.

 

Soliq organi tomonidan qabul qilingan qaror soliq to‘lovchiga uning Shaxsiy kabineti orqali, ushbu qaror qabul qilingan kundan e'tiboran bir kundan kechiktirmay yuboriladi.

Soliq summasini qoplashni (to‘liq yoki qisman) rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda soliq to‘lovchi tafovut aniqlangan soliq davri uchun taqdim etilgan qo‘shilgan qiymat solig‘i hisobotiga qoplash rad etilgan soliq summasi miqdorida tuzatish kiritishi shart.

Soliq summasini (to‘liq yoki qisman) qoplash to‘g‘risida qaror qabul qilish chog‘ida soliq to‘lovchida soliqlar bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lsa, soliq organi mustaqil ravishda ikki kun ichida qoplanishi lozim bo‘lgan soliq summasini hisobga olish orqali soliq qarzdorligini so‘ndirishni amalga oshiradi. Bunda, soliq summasini qoplash soliq to‘lovchining ushbu soliq turi bo‘yicha shaxsiy kartochkasida aks ettirilgan ortiqcha to‘lov summasi doirasida amalga oshiriladi.

Soliq summasini hisobga olish amalga oshirilgandan so‘ng, soliq summasining qolgan qismi muvofiq shaklda rasmiylashtirilgan, soliq organining soliq summasini qaytarish to‘g‘risidagi xulosasiga asosan soliq to‘lovchining bankdagi hisob raqamiga qaytariladi.

Soliq summasini qaytarish to‘g‘risidagi xulosa ikki kun ichida soliq organi tomonidan rasmiylashtiriladi va rasmiylashtirilgan kundan e'tiboran bir kun ichida elektron shaklda Moliya vazirligi G‘aznachiligiga yuboriladi.

Moliya vazirligi G‘aznachiligi bir kun ichida soliq organining soliq summasini qaytarish to‘g‘risida xulosasini ijro qiladi.

Kameral soliq tekshiruvi yakunlangunga qadar soliq summasini tezlashtirilgan tartibda qoplashga quyidagilar haqli:

yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiritilgan O‘zbekiston yuridik shaxslari;

soliqni qoplashga doir ariza bilan birga amaldagi bank kafolatini taqdim etgan yoki Soliq kodeksida belgilangan tartibda soliq organlari bilan garov shartnomasini rasmiylashtirgan soliq to‘lovchilar;

eksport va unga tenglashtirilgan operatsiyalarni amalga oshiruvchi shaxslar - nol darajali stavkani qo‘llanishi natijasida hosil bo‘lgan soliq summasi bo‘yicha, agar ushbu shaxslarga avval soliq summasi qoplanib berilgan va bunda qonunbuzarliklar aniqlanmagan bo‘lsa;

chet el diplomatik vakolatxonalari va ularga tenglashtirilgan vakolatxonalar;

mahsulot taqsimotiga oid bitim ishtirokchilari, agar bunday bitimda nol darajali stavka qo‘llanilishi nazarda tutilgan bo‘lsa;

soliq monitoringi ishtirokchilari.

Soliq summasini qoplashning tezlashtirilgan tartibi doirasida arizada qayd etilgan soliq summasi soliq to‘lovchiga yetti kun ichida belgilangan tartibda qoplab beriladi.

Bunda, arizada qayd etilgan soliq summasining asoslanganligi yuzasidan kameral soliq tekshiruvi belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Agar kameral soliq tekshiruvi natijalariga ko‘ra qoplab berilishga taqdim etilgan summa yoki uning ma'lum qismi asoslanmagan deb topilsa, u xolda soliq to‘lovchi unga asossiz qoplab berilgan summani hamda soliq qoplab berilgan sanadan e'tiboran soliq to‘lab berilgan kunga qadar hisoblangan penyani budjetga to‘lab berishi shart. Ko‘rsatilgan tartib chet el diplomatik vakolatxonalari va ularga tenglashtirilgan vakolatxonalarga, shuningdek mahsulot taqsimotiga oid bitim ishtirokchilariga tatbiq etilmaydi.

Top