00:03 / 19.03.2020
27008

Mirziyoyev O‘zbekistonda bir yilda 30 mingdan ortiq ajrim kuzatilganidan tashvish bildirdi

Foto: Prezident matbuot-xizmati

Prezident mahalla va oila muammolariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ajrim sabablaridan biri sifatida ishsizlikni ko‘rsatgan. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar qilmoqda.

«Meni eng qiynaydigan masalalardan biri bu — ajrim. Tasavvur qiling: bir yilda mamlakatimizda 30 mingdan ortiq ajrim kuzatilgan. Agar bu oilalarning o‘rtacha ikki nafardan farzandi bo‘lsa, bu oltmish ming bola oila baxtidan mosuvo ekanligini bildiradi», — dedi Sh.Mirziyoyev.

Yig‘ilishda birgina Namangan viloyatida 2700 ta notinch oilalar mavjudligi aytildi. Toshkent shahri, Farg‘ona, Andijon, Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida ham bu borada muammolar ko‘p, ajrim ortgan. 

«Keling, Amudaryo tumanida sodir bo‘lgan holatga e'tibor qilaylik: Oila uch yil davomida o‘zaro janjalli bo‘lgan. Bu masalaga birov aralashmagan. Natijada, er avval ikki yashar bolasini, keyin xotinini o‘ldirgan va o‘zining joniga qasd qilgan. Butun boshli bir oila yo‘q bo‘lib ketyapti. 

Bu fojia hammamizni hushyor torttirishi kerak. Mahalla, nuroniy va kayvonilarimizning oilada o‘rni bo‘lmas ekan, bunday noxush holatlar takrorlanmasligiga kim kafolat beradi?

Endi oila qurishdan oldin yoshlarni majburiy o‘qitish tizimini yaratishimiz lozim. Toki eng oson yo‘l ajrim bo‘lib qolmasin.

Aslida, bu kabi holatlarga maishiy masalalardan tashqari, ishsizlik muammosi sabab bo‘lyapti. Shuning uchun kasb-hunari bor yoshlar, xotin-qizlarni birinchi navbatda bandligini ta'minlashimiz lozim. 

Endi xotin-qizlarni kasbga o‘qitadigan nodavlat tashkilotlarga davlat budjetidan mablag‘ ajratiladi. Har oyda ayollar o‘rtasida «Eng ilg‘or biznes reja» tanlovini o‘tkazib, grant beramiz. Bundan hech qachon davlat yutqazmaydi. Ertaga o‘sha kurslarni bitirib chiqqanlar ishli bo‘ladi, oilasini boqadi», — dedi prezident.

Davlat rahbari Bektemir tumanidagi holatni tanqid qildi. 

Ma'lum bo‘lishicha, tumanda yolg‘iz bir ayol o‘zining bolalarini tarbiyalash barobarida vafot etgan singlisining uch nafar farzandini ham qaramog‘iga olgan. Ayol onkologik kasallik bilan og‘rigan. Qandolatchilik bilan shug‘ullanadi, ammo mahsulotni qayerda sotishni bilmaydi. Hech kim yo‘l-yo‘riq ko‘rsatmagan, oila og‘ir sharoitda qolgani aytildi.

Mavzuga oid
Top