16:53 / 20.03.2020
17528

Neft narxi 5-10 dollargacha tushib ketishi taxmin qilinmoqda

Neft narxi qanchalik tushib ketishi mumkin? Taxminlardan biri - 5 dollar va undan ham arzon, deb yozadi Bloomberg agentligi.

Foto: REUTERS/Nick Oxford

Agentlik suhbatlashgan 20 treyderdan 18tasi Brent neftining bir barreli narxi 20 dollargacha va undan ham tushib ketishi mumkin deb hisoblamoqda. Ularning so‘zlariga ko‘ra, WTI nefti narxi undan 3-5 dollarga arzonroq bo‘ladi. Bu narx bir necha hafta va yil oxirigacha saqlanib qolishi mumkin, dedi agentlik suhbatdoshlari.

Aprel o‘rtalariga kelib 20 dollarlik darajaga yetib boriladi, dedi Hindistondagi Bharat Petroleum Corp neft korxonasi direktori R. Ramachandran.  

Ayrim treyderlar neft narxi shu darajada pasaydiki, ba'zilar kelgusida uning narxi oshishiga umid qilib zaxira yig‘ish maqsadida sotib olishni boshlab yubordi, degan fikrda. Yana ayrimlari esa narxlar ishlab chiqaruvchilar foyda ko‘rmaydigan darajagacha tushib, natijada neft qazib olish to‘xtaydi, deb hisoblamoqda.

Yirik banklarning tahlilchilari ham neft narxi yaqin oylar ichida pasayishda davom etadi, deb hisoblamoqda. Goldman Sachs investitsiya banki ekspertlari bank Brent neftining ikkinchi chorakdagi narxi prognozini 30 dollardan 20 dollargacha tushirganini bildirdi.

Citigroup Brent nefti narxi bir barrel uchun 17 dollar va undan ham arzonroq bo‘lishini taxmin qilmoqda. Agentlikning yozishicha, bankning eng yomon ssenariy bo‘yicha taxminiga ko‘ra, ayrim mintaqalarda omborlar va yetkazib berish tarmoqlari yetishmasligi natijasida bir barrel neft narxi 5 dollargacha tushishi mumkin.

Energy Aspecs tadqiqot markazi Brent narxi aprelda 10 dollargacha tushishini, yil davomida esa 20 dollar atrofida bo‘lishini taxmin qilmoqda.  

Chorshanba kuni Brent rusumidagi neftning bir barreli narxi 25 dollardan pastroqqa tushdi. Ertasi kuni esa 28 dollargacha ko‘tarildi. Neft narxlariga koronavirusga qarshi kurash va Saudiya Arabistoni bilan Rossiyaning neft bozoridagi kurashi ta'sir ko‘rsatmoqda, deb yozadi Bloomberg.

Top