08:40 / 21.03.2020
12605

Qishloq xo‘jaligi vazirligi: mahsulotlar yetishmovchiligi bo‘lmaydi

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishmovchiligi bo‘lmasligi haqida rasmiy bayonot bilan chiqdi

Foto: KUN.UZ

Qishloq xo‘jaligi vazirligining ma'lum qilishicha, O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari taqchilligi yuzaga kelmaydi.

Bildirilishicha, mamlakatda aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz, barqaror narxlarda ta'minlash va zaxirasini yaratish borasida hech qanday muammo mavjud emas. Joriy yilning bahor oylarida aholini kartoshkaga bo‘lgan talab va bozorlardagi narx-navo barqarorligini ta'minlash maqsadida tizimli ishlar qilingan.

Bir kunda omborlardan o‘rtacha 1 600 - 1 800 tonna kartoshka bozorga chiqarilmoqda. Bu kunlik iste'mol talabiga (4,5-5 ming tonna) nisbatan o‘rtacha 35-40 foizni tashkil etadi. Hozir omborlarda yana 90 ming tonna kartoshka zaxirasi mavjud. Ushbu miqdor o‘rtacha talabga nisbatan 25-30 kunga yetarli. Surxondaryo viloyatida ekilgan ertaki kartoshkadan aprel oyida (15-30 aprel) 65 ming tonna hosil yig‘ilishi rejalashtirilmoqda.

“Aslida kartoshka taqchilligi (45-50 ming tonna) asosan mart-aprel oylariga to‘g‘ri keladi. May oyidan boshlab ichki ishlab chiqarish hisobiga qondiriladi. Bundan tashqari, boshqa sabzavot va dukkakli mahsulotlar ham nazoratga olingan. Shuningdek, zarur holatlarda aholi ehtiyoji uchun zarur bo‘ladigan boshqa turdagi oziq-ovqat mahsulotlari qo‘shni davlatlardan import qilinadi”, - deyiladi vazirlik bayonotida.

Bugungi kunda Toshkent shahrida 2019-2020 yil qish-bahor mavsumga zaxira uchun omborlarga qo‘yilgan asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining ichki bozorga chiqarilishi bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilgani aytiladi. 34 907 tonna kartoshka, 4 965 tonna piyoz, 9 996 tonna sabzi va 6 313 tonna guruch mahsulotlari zaxira qilingan. Barcha tumanlardagi bozorlarga rejali asosida sotuvga chiqarilmoqda.

“Ijtimoiy tarmoqlarda “Koronavirus O‘zbekistonga tarqagani bois, oziq-ovqat mahsulotlari narxi oshmoqda”, degan xabarlar aholini sarosimada tushishga asos yo‘q. Aslida dehqon bozorlarida bahor faslining eng kutilgan Navro‘z bayrami munosabati bilan xalqimiz uchun savdo yarmarkalari tashkil etilmoqda. Bozorlarga kiritilayotgan barcha turdagi oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini maxsus laboratoriya mutaxassislari tomonidan tekshiruvdan o‘tkazilib, sotuvga ruxsat berilmoqda. Maqsad aholini xavfsiz va kafolatli, arzon mahsulotlar bilan ta'minlashga erishishdir”, - deyiladi bayonotda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top