22:44 / 23.03.2020
16613

AQShda koronavirus epidemiyasi sababli minglab mahbuslar qo‘yib yuborila boshlandi 

AQShda koronavirus epidemiyasi sababli minglab mahbuslar qo‘yib yuborila boshlandi. Ozodlikka og‘ir jinoyatlar sodir etmaganlar chiqarilmoqda. Hukumat epidemiya oqibatida nafaqat mahbuslar, balki qo‘riqchilar ham kasallanishi mumkinligidan xavfsiramoqda. 

Foto: Associated Press

Mahbuslar bir nechta shtatda ozodlikka chiqarila boshlangan. Bu haqda The Wall Street Journal nashri xabar berdi. Ozodlikka, jumladan, keksa yoshli va sog‘lig‘i yaxshi bo‘lmagan mahbuslar ham chiqarilmoqda.

Bundan tashqari, Kaliforniya, Nyu-York, Ogayo va Texas shtatlari ma'muriyatlari turmalarga tashrif buyuruvchilarni kiritishni taqiqlash, mahbuslarning turma ichida harakatlanishini cheklashga qaror qilgan.

Ta'kidlanishicha, AQShda hammasi bo‘lib 2,2 mlnga yaqin mahbus bor. Hukumat yuzaga kelgan vaziyatda nafaqat mahbuslar, balki ko‘plab qo‘riqchilar koronavirusga chalinishidan xavotirlanmoqda.

Ma'lum qilinishicha, Pensilvaniya, Michigan, Nyu-York va Vashington shtatlarida qo‘riqchilarda koronavirus aniqlangan holatlar qayd etilgan. 

Mutaxassislarning ma'lumotlariga ko‘ra, AQSh turmalarida 55 yoshdan katta bo‘lgan 164 mingdan ko‘proq mahbus saqlanadi. Turmalar xodimlari koronavirusga chalingudek bo‘lsa, bu mahbuslarga turmalarda yordam berish imkoni bo‘lmaydi.

Hukumatning ishontirishicha, gap mahbuslarning katta ko‘lamli ozod qilinishi haqida bormayapti. 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top