14:34 / 23.03.2020
33983

Armiyaga chaqiruv vaqtincha qoldirildi

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi noma'lum muddatga kechiktirildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Kun.uz’ga ma'lum qildi.

Foto: KUN.UZ

Ta'kidlanishicha, ushbu qaror koronavirus tarqalishi xavfini kamaytirish uchun qabul qilingan. 

«O‘zbekiston Qurolli kuchlari muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan fuqarolarsiz ham mamlakat xavfsizligi, chegaralar daxlsizligi hamda barqarorlikni ta'minlash qudratiga ega. Navbatdagi chaqiruvning kechiktirilishi milliy armiyamiz salohiyatiga putur yetkazmaydi», – deya munosabat bildirdi Mudofaa vazirligidagi mutasaddi shaxs. 

Ma'lum qilinishicha, chaqiruvning kechikishi armiya safidagi muddatli hamda safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmatga ham tatbiq etiladi. Safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmat uchun shartnoma imzolab, to‘lovni bajargan shaxslar reja asosida o‘rnatilgan tartibda xizmatni keyinroq o‘tashi aytilmoqda.

«Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – virus tarqalishiga qarshi kurashish. Chaqiruv uchun nomzodlar tibbiy ko‘rikdan o‘tadi, ularning yaqinlari marosimlar uchun yig‘ilishi mumkin. Shularni inobatga olib, chaqiruvni kechiktirish maqsadga muvofiq, deb topildi», – deydi suhbatdosh.

Bundan avvalroq, Toshkent shahriga kirish va chiqishdagi cheklovlar yuk tashish bilan bog‘liq hollarga, shuningdek, Toshkent shahrida doimiy yashovchi shaxslarga tatbiq etilmasligi belgilangan.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top