23:37 / 23.03.2020
34033

Karantindan qochgan uch fuqaro kamida 18 kishining hayotini xavf ostiga qo‘ygan – IIV

O‘zbekistonda karantin zonasidan qochib ketgani uchun ustidan jinoiy ish ochilgan 3 fuqaroning 18 nafar oila a'zosi karantinga joylashtirildi.

Bu haqda IIV Axborot xizmati boshlig‘i Shohruh G‘iyosovga asoslanib, Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

«Hozirda karantin tartibini qasddan buzgani uchun jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan surxondaryolik A.Ashurovning qilmishi oqibatida, u muloqot qilgan 8 nafar oila a'zolari, yashash manzili bo‘yicha tibbiy karantinga olinishiga majbur bo‘lingan.

Xuddi shunday, Toshkent viloyati Parkent tumanida yashovchi T.Eshovning bepisandligi 6 nafar oila a'zolarini karantinga olinishiga sabab bo‘lgan.

Buxorolik Sh.Ravshanov esa, o‘zining aqlsiz qilmishi oqibatida 4 nafar oila a'zolarini karantinga olinishiga sababchi bo‘lgan.

Ushbu fuqarolar tibbiy karantinni buzishlari oqibatida nafaqat o‘zlarining, balki oila a'zolarining ham hayotini xavf ostiga qo‘ydilar.

Shuning uchun, karantinda saqlanayotgan barcha fuqarolarimizni ogohlantiramiz: karantin qoidalariga jiddiy munosabatda bo‘ling. O‘ylamasdan qilgan harakatingiz nafaqat o‘zingizni, balki atrofdagilaringizni hayotiga xavf tug‘dirishi mumkin. Har biringizga hududiy profilaktika inspektorlari biriktirilgan. Ularning talablariga qat'iy amal qiling. Uyingizni yoki tibbiyot maskanini aslo tark etmang. Ular haqiqatdan ham sizning xavfsizligingiz uchun ishda qolmoqdalar.

Karatindan tashqari bo‘lgan fuqarolarimizni ham ogohlantiramiz, jiddiy zaruratsiz ko‘chaga chiqmang. Ko‘chaga chiqqan taqdiringizda tibbiy niqoblardan foydalaning», – dedi IIV Axborot xizmati rahbari.

Eslatib o‘tamiz, 23 mart kunidan e'tiboran butun mamlakat bo‘ylab tibbiy niqobsiz harakatlanish taqiqlandi. 25 martdan ko‘chaga niqobsiz chiqqan fuqarolar jarimaga tortiladi.

Karantin qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top