13:33 / 23.03.2020
79240

«O‘zgidromet» haftalik ob-havo to‘g‘risida ma'lumot berdi

Ertaga Kaspiy dengizining janubiy tumanlaridan nam havo oqimi kiradi, respublikaning ayrim joylariga yomg‘ir yog‘adi 

Foto: KUN.UZ

Bugun butun mamlakat hududida ob-havo yog‘ingarchiliksiz bo‘ladi, havo harorati 20-25 daraja atrofida bo‘lib, bu me'yordan 3-4 darajaga yuqoridir, deb xabar qilmoqda «O‘zgidromet».

Ertaga Kaspiy dengizining janubiy tumanlaridan nam havo oqimi kiradi, respublikaning ayrim joylariga yomg‘ir yog‘ib, harorat 15-20 darajagacha pasayadi va shu kun me'yoriga yaqinlashadi. Faqat shimoliy hududlarda yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanib turadi.

25 mart kuni O‘zbekiston hududiga salqin havo oqimining kirishi kutilmoqda, mamlakatning katta qismida yog‘ingarchilik bo‘lmaydi, faqat Farg‘ona vodiysi, shuningdek, Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida ayrim joylarga yomg‘ir yog‘adi. Harorat kechasi 5-10 daraja iliq bo‘ladi, kunduzgi harorat 10-15 darajagacha pasayadi. Bunday harorat o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlardan 7-9 darajaga pastdir.

26 martdan 28 martgacha mamlakat hududi yuqori bosimli maydon ta'sirida bo‘ladi. Kechasi harorat 3-8 daraja iliq atrofida bo‘ladi, 26 mart kunduzi harorat hali salqin, 10-15 daraja iliq, 27-28 mart kunlari quyosh nurlari havoni isitishi hisobiga harorat 15-20 darajagacha ko‘tariladi va me'yoriy ko‘rsatkichlarga yaqinlashadi.

Mavzuga oid
Top