Ish joylarida xodimlarning tana harorati o‘lchanadi va tana harorati yuqori bo‘lgan xodimlar ish joyida bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining «Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Qaror bilan O‘zbekiston hududida 24 mart soat 00:01dan boshlab koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kuchaytirilgan tartib joriy etiladi.
Idoraviy bo‘ysunuvi va tashkiliy-huquqiy shaklidan qat'i nazar barcha tashkilotlar rahbarlari (ish beruvchilar) quyidagilarga rioya etishlari shart:
- tashrif buyuruvchi shaxslarni faqat tibbiy niqob va tibbiy vositalarni qo‘llagan holda kiritish tartibini joriy etish;
- ish joylarida xodimlarning tana haroratini o‘lchash va harorati yuqori xodimlarni ish joyida bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik, ushbu xodimlar haqida sog‘liqni saqlash organlariga zudlik bilan xabar berish;
- koronavirus yuqtirgan xodim bilan muloqotda bo‘lganlar haqida darhol ma'lumot berish, kasallangan shaxs bo‘lgan joylarni dezinfeksiyadan o‘tkazish choralarini ko‘rish;
- xodimlarga izolyatsiya rejimida bo‘lishga oid talablarga rioya etishda ko‘maklashish.