21:31 / 24.03.2020
115622

Hantavirus internetda shov-shuv keltirib chiqardi. Vahimaga tushmaslik uchun bir necha sabab bor

23 mart kuni Xitoyda bir kishi hantavirusdan vafot etdi va bu – koronavirus pandemiyasi vaqtidagi yana bir vahimali yangiliklardan biri bo‘ldi. Ammo ta'kidlash kerakki, hantavirus – yangi infeksiya emas va u odamdan odamga deyarli yuqmaydi.

Foto: News.cn

Xitoydagi rasmiy nashrlardan biri – Global Times mamlakatda bir kishi hantavirusdan vafot etgani haqida xabar tarqatdi.

«Yunnan provinsiyasidan bo‘lgan bir kishi dushanba kuni charter avtobusda Shandong provinsiyasiga ketayotgan vaqtida vafot etdi. Undan olingan tahlillar hantavirusga musbat natija berdi. Avtobusdagi qolgan 32 kishi ham tekshiruvdan o‘tkazildi», – deyiladi xabarda.

COVID-19 koronavirus ham aynan Xitoyda tarqalib, pandemiyaga aylangani va yil boshidan buyon jahon bo‘yicha 17 mingdan ortiq kishini hayotdan olib ketgani fonida ushbu yangilik ancha xavotirli qabul qilindi.

Bugun, 24 mart kun hantavirus so‘zi Twitter trendida birinchi o‘ringa chiqdi.

Avvalo shuni ta'kidlash kerakki, hantavirus epidemiyaga aylanishi ehtimoli yo‘q. Virusning And tog‘larida (Janubiy Amerika) uchraydigan bir turidan tashqari, qolgan hech bir shakli odamdan odamga yuqmaydi.

Hantavirus nima?

AQShning Kasalliklar nazorati va profilaktikasi markazi ma'lumotiga ko‘ra, hantavirus oilasiga kiruvchi viruslar asosan kemiruvchilar orasida tarqalgan bo‘lib, odamga yuqqanida bir necha xil kasallikni keltirib chiqaradi.

Inson uni faqatgina kemiruvchi bilan kontaktda bo‘lib, uning siydigi, axlati va so‘lagi orqali, kam hollarda esa kemiruvchi tishlab olishi oqibatida yuqtirishi mumkin.

Virus o‘z tashuvchisi – kemiruvchida kasallik keltirib chiqarmaydi. Odamga yuqqanida esa ikki xil sindrom rivojlanishi mumkin: hantavirus o‘pka kasalligi (1) yoki buyrak yetishmovchiligi bilan kechuvchi gemorragik isitma (2).

Birinchi holatda kasallik isitma, holsizlik, mushaklarda og‘riq bilan boshlanib, ba'zi hollarda bosh og‘rishi, bosh aylanishi va titroqqa sabab bo‘ladi. Davolanmagan taqdirda yo‘tal va nafas yetishmovchiligi bilan 38 foizgacha holatda o‘limga sabab bo‘ladi.

Ikkinchi shakl sindrom ham shunga o‘xshash simptomlar bilan boshlanib, qon bosimining tushib ketishi, kuchli shok holati va o‘tkir buyrak yetishmovchiligini chaqirishi mumkin.

Profilaktika

Kasallikka qarshi effektiv dori vositasi yo‘q, simptomatik davo va immunitetni oshirishga qaratilgan choralar ko‘riladi. 

Hantavirus tarqalishiga qarshi asosiy chora – kemiruvchilar populyatsiyasi ko‘payib ketishiga yo‘l qo‘ymaslikdir.

Shuningdek, omborxona va garaj kabi yopiq joylarda sichqon va kalamushlarga qarshi kurashish muhim. Bu kabi joylarga kirgan kishi kemiruvchining axlati changini yutishi oqibatida zararlanishi mumkin.

Tarixi

1950-1953 yillardagi Koreya urushi vaqtida koreyalik va amerikalik askarlarning 3 mingdan ortig‘i bu virusdan zararlanib, ulardan 10 foizi vafot etgan. Buning sababi oradan chorak asr o‘tganidan keyin aniqlanib, kasallikni dala sichqonlari tarqatgani ma'lum bo‘lgan.

1993 yili AQShning to‘rtta shtatida hantavirusdan zararlanishning 20dan ortiq holati qayd etilib, 12 kishi vafot etgan.

Virus Avstraliyadan tashqari barcha qit'alarda qayd etilgan. 1995-2017 yillar oralig‘ida AQShda 728ta holat, Rossiyada 2006 yilning o‘zida 7197ta holat qayd etilgan.

Hantavirus nomi Janubiy Koreyadagi Hantan daryosi nomidan olingan. Hantaviruslar oilasi o‘nlab viruslarni o‘z ichiga oladi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top