14:19 / 25.03.2020
7636

Biznes-Ombudsman davlat mulklari bo‘yicha ijara to‘lovini vaqtincha to‘xtatishni taklif qildi

Biznes-Ombudsman Dilmurod Qosimov koronavirusga qarshi kurash choralari qo‘llanishi davrida tadbirkorlarga ayrim yengillikni taqdim etishni taklif qilmoqda. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Foto: Xalqaro press-klub

Ombudsmanning aytishicha, mavjud vaziyat mehmonxona va turistik obektlar faoliyatiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Bunday obektiv holatda davlat mulklarini ijaraga olgan tadbirkorlar ijara to‘lovlarini to‘lash bilan bog‘liq muayyan qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

Amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq davlat aktivlari jismoniy va yuridik shaxslarga xarid to‘lovlarini to‘lash yoki muayyan investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarni bajarish evaziga xususiylashtirib beriladi.

Biznes–Ombudsman tomonidan koronavirus pandemiyasining davlat mulkini ijaraga olgan hamda ularni investitsiya majburiyatlari bilan xususiylashtirgan tadbirkorlar faoliyatiga ta'sirini oldini olish maqsadida quyidagilar taklif etilmoqda:

1. Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan tadbirkorlar tomonidan davlat mulklari bo‘yicha to‘lanadigan ijara to‘lovini vaqtincha to‘xtatish;

2. Davlat aktivlarini xususiylashtirishda xarid to‘lovlarini hamda investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarni kechiktirganlik uchun penya hisoblash va shartnomalarni bekor qilish tartiblarini qo‘llashni vaqtincha to‘xtatish;

3. Koronavirus pandemiyasi tufayli xarid to‘lovlari hamda investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarni bajarish imkoniga ega bo‘lmagan tadbirkorlarning arizalari bo‘yicha Davlat mulkini sotish bo‘yicha tender savdolari o‘tkazuvchi Davlat komissiyasi qarori asosida xususiylashtirish bo‘yicha tuzilgan shartnomalar muddatini uzaytirish.

O‘zbekiston bo‘ylab koronavirus kasalligining tarqalishini oldini olish maqsadida Respublika maxsus komissiyasining qaroriga asosan xizmat ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi obektlar, jumladan ta'lim muassasalari, umumiy ovqatlanish hamda boshqa ko‘ngilochar obektlar faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.

Bundan tashqari, xorijiy davlatlar hamda shaharlararo  qatnovlar to‘xtatildi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top