18:40 / 26.03.2020
13161

TIV xususiy samolyotlar charter reyslar amalga oshirayotgani haqidagi xabarlarga oydinlik kiritdi

TIV xorijiy davlatlardan O‘zbekistonga xususiy samolyotlarda charter reyslar amalga oshirilayotgani haqidagi xabarlarga ishonmaslikni so‘radi. Ma'lum qilinishicha, bugungi kunda O‘zbekistonga amalga oshiriladigan har qanday turdagi xalqaro aviaparvozlar to‘xtatilgani bois, xususiy samolyotlardagi charter reyslar amalga oshirilmayapti. 

Tashqi ishlar vazirligining axborot xizmati rahbari Avazbek Hojimetovning ma'lum qilishicha, Telegram kanallarida Buyuk Britaniyadagi o‘zbekistonliklar orasida tarqatilgan xabarlar mazmuni asossizdir.

«Telegram kanallarida tarqagan «kimdir erta/indin Toshkentga uchmoqchi bo‘lsa, xususiy samolyotda charter reys amalga oshiriladi. 3ta o‘rin qolgan. Narxi 10 ming atrofida. Aloqaga chiqing» qabilidagi xabarlarga ishonmaslik kerak. 

O‘zbekiston TIV va Londondagi elchixonasi ushbu masala yuzasidan rasmiy axborot bergan. Vazirlik Londondan O‘zbekistonga xususiy samolyotlarda parvozlar tashkil etishiga doir xabarlarga ishonmaslikka chaqirmoqda. Chunki, O‘zbekiston havo kengliklari vaqtincha yopilgan va mamlakatga amalga oshiriladigan har qanday parvoz hukumat ruxsati bilan amalga oshirilishi mumkin, xolos», dedi TIV rasmiysi AOKAda o‘tkazilgan brifing chog‘ida. 

Shu bilan birga, vazirlik bayonotida ta'kidlanishicha, O‘zbekistonning Londondagi elchixonasida tashkil etilgan operativ shtab tomonidan vatanga charter reys orqali qaytishni istayotgan fuqarolar ro‘yxati tuzilmoqda. Kunlik yangilangan ma'lumotlar vatandoshlarni qaytarish bo‘yicha jarayonga jalb etilgan boshqa vazirlik va idoralarga taqdim etilmoqda. 

Bundan tashqari, vazirlik vatandoshlar, jumladan talabalar va ularning ota-onalarini sabrli bo‘lishga hamda charter reyslar amalga oshirilishini kutishga, fuqarolar orasida tushunmoqchilikka sabab bo‘luvchi ishonchsiz ma'lumotlarni tarqatmaslikka chaqiradi.

Top