00:30 / 29.03.2020
71619

Xayrulla Bozorov: «Hoyu havas bir oilaga qanchalik qimmatga tushganini hammamiz ko‘rib turibmiz»

1 martdan 27 martgacha O‘zbekistonga xorijiy davlatlardan Namangan viloyatining 31 mingga yaqin fuqarosi kirib kelgan. Bu haqda Namangan viloyati hokimi Xayrulla Bozorov viloyat aholisiga murojaatida aytib o‘tdi.

Hokimning so‘zlariga ko‘ra, jumladan, Turkiyadan 900, Saudiya Arabistonidan 497, Birlashgan Arab Amirliklaridan 219, Koreya Respublikasidan 192 nafar kishi kelgan. Viloyatning 6 nafar fuqarosida koronavirus kasalligi aniqlangan.

Xayrulla Bozorov murojaatida umra ziyoratiga borib kelgan qizidan koronavirus yuqtirish natijasida vafot etgan 72 yoshli onaxon haqida ham so‘z yuritdi. 

«Bu oilaning barcha a'zolari karantinga olingan. Onaxonning janozasida, dafn marosimida birorta ham oila a'zolari, birorta ham yaqinlari ishtirok etgani yo‘q. Janozani ham, dafn marosimini ham maxsus SES xodimlari, shifokorlar tomonidan qabristonda dafn marosimi o‘tkazib kelindi. Bu holat menga juda qattiq ta'sir qildi», - dedi u.

Hokim karantin qoidalariga qat'iy amal qilmaslik yomon oqibatlarga olib kelishini eslatdi.

«24 fevralda hukumatimiz tomonidan umra safariga borish vaqtincha to‘xtatilgandi. Ammo bu opaxonimiz hoyu havas qilib, boshqa yo‘llar bilan, Turkiya orqali umraga borgan. Mana shu hoyu havas bu oilaga qanchalik qimmatga tushganini ko‘rib turibmiz. U onasidan tashqari, singlisi, qizi, nabirasiga ham ushbu kasallikni yuqtirgan. 

Bundan tashqari, aniqlashimizcha, ziyoratdan kelgan ayolni ko‘rgani 231 nafarga yaqin qo‘ni-qo‘shnilari, qarindoshlari kelgan, u bilan muloqotda bo‘lgan. Hozirda ularning barchasi tekshiruvdan o‘tkazilmoqda. Xudodan so‘raymiz, ularga bu kasallik yuqmagan bo‘lsin.

Afsuski, ko‘p fuqarolarimiz bu kasallikning yuqumli ekanligini, maxsus komissiya qo‘ygan karantin talablari, sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan berilgan tavsiyalarni tushunib yetmayapti.

Shuncha targ‘ibot-tashviqot ishlari amalga oshirilayotganiga, turli yig‘ilish va marosimlar o‘tkazish taqiqlanganiga qaramasdan, oliy ma'lumotli ikki nafar fuqarolarimiz Farg‘ona viloyatining Yozyovon tumaniga kursdoshlar uchrashuviga borgan. Bu yerda Farg‘ona, Andijon, Namangan viloyatidan kelgan sobiq kursdoshlar kun davomida birga bo‘lishgan. Ular orasida Andijondan kelgan koronavirus yuqtirgan uch nafar fuqaro ham bo‘lgan. Oqibatda ana shu uchrashuvda bo‘lgan barcha qatnashuvchilar endilikda karantinga olindi. Hozirda ular tekshirilmoqda. Namanganlik ikki fuqaro ham karantinda, tahlil natijalari chiqishini kutyapmiz.

Eng achinarlisi, ular uchrashuvdan kelib, yana 47 kishi bilan muloqotda bo‘lgan. Tasavvur qiling, ikki kishi kasallik yuqtirib kelib 47 kishiga yuqtirsa, 47 kishi oila a'zolariga yuqtirsa nima bo‘ladi?», - dedi Xayrulla Bozorov.

Viloyat hokimi koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishning eng samarali usuli karantin, ya'ni uydan chiqmaslik ekanligini ta'kidladi.

Eslatib o‘tamiz, 27 mart kuni Namangan shahrida koronavirusdan ilk o‘lim holati qayd etildi. 12 mart kuni Turkiyaing Istanbul shahridan kelgan va uy karantiniga olingan ayolning 72 yoshli onasi koronavirus tashxisi qo‘yilganidan keyin miokarddan vafot etgan.

Namangan viloyat hokimi viloyat markazida 28 martdan boshlab 5 aprelgacha barchaga ta'til berilishini ma'lum qildi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top