17:42 / 02.04.2020
15513

«Karantin tugagach, bekorga vaqt yo‘qotmaganimiz uchun quvonaylik» – talaba hikoyasi

Kun.uz karantin davrida aksariyat yoshlar uyda ta'lim olayotganini hisobga olib, yangi loyiha boshlamoqda.

#uydatalimolyapman loyihasi orqali mustaqil ravishda turli yordamchi vositalar – onlayn manbalar, televizion darslar yordamida bilim olayotgan maktab-litsey o‘quvchilari va talabalarning kun tartibi bilan tanishtirib boramiz.

Siz ham o‘z dars tartibingizni ishlab chiqqan bo‘lsangiz, bu haqida bizga @uydatalimolbot manzili orqali ma'lumot yuborishingiz (imkon bo‘lsa, rasmlar va videolar bilan) mumkin.

Loyihaning birinchi qahramoni – Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2-bosqich talabasi Mirali G‘iyosov.

«Karantinning foydali taraflari ham bor...»

Men – Mirali G‘iyosov, ayni paytda talabaman. Karantin davri menga ko‘p narsani o‘ylab ko‘rishga, rejalashtirishga yordam beryapti.

Dunyoda sodir bo‘layotgan har bir jarayonda bir hikmat bor va hammasi Alloh irodasi bilan yuzaga chiqadi.

Ayni paytda koronavirus infeksiyasi ko‘pchilikning o‘qish faoliyatini to‘xtatib qo‘ydi. Biroq ta'lim olishni chin dildan xohlaganlar uchun ta'lim muassasasiga borish ham shartmas.

Chunki, menimcha, OTMlar faqat yo‘naltiruvchi vazifa bajaradi.

Nazarimda, karantinning ham foydali jihatlari ham sezilyapti. U oldin qilishga vaqt jihatdan imkonsizday tuyulgan ishlarni bajarib olishga yordam bermoqda.

«Mening kun tartibim…»

Karantinda kun tartibimni rejalashtirishda, eng birinchi, qaysi paytda uyg‘onishimni aniq belgilab olganman. O‘zimga qulay soatda uyg‘ongach, kerakli vazifalarni, uy yumushlarini tugatib olaman.

So‘ng o‘z rejam bo‘yicha ishlashni boshlayman.

Bizga universitetda «Jahon adabiyoti» fani o‘tiladi. Qamrovi juda keng bo‘lishiga qaramay, bu fan faqat bir semestr – 6 oyga mo‘ljallangan.

Mazkur fanda bizdan jud ko‘p badiiy adabiyotlar bilan tanishib chiqish so‘raladi. Hozir ayni shu fan doirasida tavsiya qilingan asarlarni o‘qish bilan bandman.

Yangiliklarni ham doimiy kuzatib boryapman

Har kuni o‘zim reja qilgan betgacha bitta ilmiy va bitta badiiy kitobni mutolaa qilib bo‘lganimdan so‘ng internetdan o‘zim qiziqqan mavzuda yangiliklarni va tahliliy maqolalarni topib o‘qiyman.

Shuningdek, dars davomida o‘zim o‘zlashtirishga qiynalgan nazariy ma'lumotlarni, fanlarni takrorlayman.

Adabiyotchi bo‘lganim uchun o‘qiydigan nazariy ma'lumotlarim ham til va adabiyotga oid.

Audio kitoblar montaji bilan ham shug‘ullanaman

Kunning ma'lum qismini shu tarzda sarflaganimdan so‘ng universitetimizning tashabbuskor yoshlari bilan birga tashkil qilgan audio kitoblar kanali uchun kursdoshlarim yuborgan ovozli materiallarni montaj qilaman.

Kompyuterimga o‘rnatilgan maxsus dastur har bir bajarilayotgan buyruqni ovozli tarzda menga yetkazadi va bemalol ishlay olaman.

Universitetda «Navoiy» nomli maxsus studiyada ishlagan bo‘lsak, hozir shu tarzda audio kitob yozish ishlarini uyda davom ettiryapmiz.

Karantin davrida ko‘pchilik uydaligi bois har qanaqa shakldagi: bosma, elektron yoki audio kitoblarga ehtiyoj har qachongidan yuqori, deb o‘ylayman.

Bundan tashqari, ovozni qayta ishlash dasturlarini ham hozir o‘rganishga vaqtim bo‘lyapti.

Karantin – sevimli mashg‘ulot bilan shug‘ullanish uchun qulay payt

Ko‘pchilikning nimagadir iqtidori bor, lekin vaqt yetishmovchiligi tufayli ular bilan shug‘ullanishga imkoni bo‘lmagan. Karantin davri ayni mana shuning uchun ham yaxshi bo‘ldi.

Kimningdir to‘qishga, rasm chizishga moyilligi bor. Bularning barchasiga vaqt ajratish payti keldi.

Karantin ta'lim tizimida yangi imkoniyatlarni ko‘rsatyapti

Bundan tashqari, O‘zbekiston oliy ta'lim tizimida ham ilk bor (adashmasam) masofaviy ta'lim tizimini joriy etish ustida jiddiy ish olib borilyapti.

Bu tizim shu bahona joriy etilsa, mamlakatda qanchalab o‘qishga o‘zi borib kela olmaydigan imkoniyati cheklangan yoshlar uyda turib ham ta'lim olish imkoniga ega bo‘lishi mumkin.

Karantin tugagach, bekorga vaqt yo‘qotmaganimiz uchun quvonaylik

Ma'lum muddatdan so‘ng karantin kunlari ham ortda qolishiga ishonaman. O‘sha paytda vaqtimizni qanchalik yaxshi sarflay olganimiz uchun o‘zimizdan ko‘nglimiz to‘q bo‘lsin.

Zilola G‘aybullayeva yozib oldi

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top