14:42 / 04.04.2020
43159

Quvasoy shahriga yangi hokim tayinlandi, Farg‘ona viloyatida yana o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda

Farg‘ona viloyatining Quvasoy shahriga ham yangi hokim tayinlandi. Viloyat uy-joy va kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi boshlig‘i vazifasida faoliyat yuritgan Ravshan Rahimjonov shaharning yangi hokimi etib tayinlangan.

Ravshan Rahimjonov / Farg‘ona viloyati hokimligi

Ravshan Rahimjonov 4 aprel kuni bo‘lib o‘tgan Xalq deputatlari Quvasoy shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida shaharning yangi rahbari etib tasdiqlangan.

U bu lavozimda 2011 yildan buyon ishlab kelgan, endilikda viloyatning boshqa bir shahri - Marg‘ilonga rahbar etib tayinlangan Adhamjon Ziyovuddinov o‘rnida ish boshlaydi.

Endilikda Marg‘ilon shahrining sobiq hokimi Mirzohid Mirodilovich Ubaydullayev Farg‘ona viloyati hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimini egallashi kutilmoqda.

O‘z navbatida viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Farhod Murodovich Toshpo‘latov boshqa lavozimda ish boshlashi kutilmoqda. 

Sayt manbasining xabar berishicha, Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida ham hokim almashishi kutilmoqda. Ma'lumot uchun, hozirda tumanda Anvar Aliyevich Abdullayev hokim hisoblanadi.

Top