11:52 / 04.04.2020
45745

Karantinga olingan oilalar, bozordagi narx-navo - Yakkabog‘dagi bugungi vaziyat

COVID-2019 virusining keng yoyilishi va mamlakatimizga ham kirib kelishi oqibatida davlat miqyosida karantin e'lon qilinib barcha yangicha hayot tarzida yashamoqda. Ushbu yangicha holatda joylardagi ahvol qanday: bozorlardagi narxlar, virus tarqalishiga qarshi ko‘rilayotgan choralar, karantinga olingan oilalar? Shu kabi savollarga javob olish maqsadida Kun.uz muxbiri Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanidagi vaziyatni o‘rgandi.

Boshqa hududlarda bo‘lgani singari bu yerda ham oziq-ovqat mahsulotlari, meva va sabzavotlarga bo‘lgan talab oshgan. Shunday holatda buni bir sinov sifatida qabul qilguvchi ham, undan “foydalanib qolguvchilar” ham uchraydi.

Yakkabog‘ shahri dehqon bozori hududida sotilayotgan meva-sabzavotlar narxi boshqa joylardagi kabi biroz oshganini ko‘rish mumkin. Bular ichida eng talabgir mahsulotlardan biri un hisoblanadi.

Bozor atrofidagi un do‘konlarida Qozog‘iston birinchi navli unining bir qopi (50 kg) 190-200 ming so‘mdan sotilmoqda. Afsuski, bu tumanda un ishlab chiqaruvchi zavod joylashgan bo‘lishiga qaramay, do‘konlarda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan un topilmaydi.

Shu bo‘yicha tuman DSQ boshlig‘i Asliddin Rustamovdan izoh so‘raganimizda tadbirkorlar tomonidan un mahsulotlari yetkazib berilishi birja savdolari bilan bog‘liqligini, tuman uchun kunlik 60 tonna un limiti qo‘yilganini aytdi. Shuningdek, aholiga un sotish jarayonida katta navbatlar yuzaga kelayotgani sabab endi un navbat asosida mahalla va qishloqlarga olib borib belgilangan 138-140 ming so‘m miqdorda sotish yo‘lga qo‘yilishini qo‘shimcha qildi.

Yakkabog‘ tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Olmurod Tilovov ushbu tartib bo‘yicha izoh berib o‘tdi.

«O‘tgan kuni katta navbat va tirbandliklar yuz berdi, oxiri vaziyatga ichki ishlar xodimlari ham aralashishiga to‘g‘ri keldi. Shahar atrofidagi mahallalar to‘liq deya olmaymanu, lekin ma'lum miqdorda un g‘amlab oldi. Menga yetkazishlari bo‘yicha bir mahalladagi fuqaro xonadonida 17 qop un bor ekan. Tanqislik kuchligiga sabablardan biri kimnidir uyida 17 qoplab un bo‘lsa, kimdadir esa bir qop ham yo‘q.

Aholining vahimaga tushishi talabning sun'iy oshishiga ham olib kelyapti. Ham aholi to‘planishi oldini olish, ham yuqoridagi holatlar oldini olish uchun mahalla raislari bilan telefon orqali gaplashdik va unni mahallalarda sotishni yo‘lga qo‘ydik», deydi Olmurod Tilovov.

Ma'lumki, aholi o‘rtasida eng talabgir sabzavotlardan biri kartoshka bo‘lib, bozorda saralanganiga qarab 1 kilosi 4-6.5 ming so‘mdan sotilmoqda. Sabzi 1500, karam 2500, piyoz 2500-3500, alanga navli guruch sifatiga qarab 4 mingdan 8 ming so‘mgacha, lazer guruchi esa 11-13 ming, mevalardan olma 10 mingdan 18 ming so‘mgacha, anor 15 ming so‘mdan sotilayotganini ko‘rish mumkin. Go‘sht uchun maxsus rastalar ham tashkil etilib mol go‘shti 48, qo‘y go‘shti 53 ming sotilmoqda

Virusdan himoyalanish uchun ishlatiladigan tibbiy niqoblar, antiseptik vositalar har bir dorixonada va bir xil narxda topilmasa-da mavjud. Tibbiy niqoblarni 1.5-2 mingdan 2.5-3.5 ming so‘mgacha sotilmoqda.

161 oila karantinga olingan

Chet eldan kelgan fuqarolarni o‘z uylarida karantinga olingani haqida ma'lumotni aniqlashtirish uchun tuman tibbiyot birlashmasida tashkil etilgan COVID-2019 virusiga qarshi kurashish shtabida bo‘ldik. Karantinga olish va tugatish tartiblari haqida ma'lumot berildi.

«Asosan chet eldan kelgan fuqarolarni oila a'zolari bilan 14 kunlik karantinga olyapmiz. Bu buyruq asosida, ichki ishlar bo‘limi tomonidan berilgan ro‘yxat asosida amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari mahallalar bilan hamkorlikda, ularning xabari asosida ham ba'zi oilalar karantinga olindi. Xonadon ahllariga virus haqida ma'lumot berib, 14 kun mobaynida tashqariga chiqmaslikni tushuntiryapmiz.

Har bir oilaga bitta patronaj hamshira biriktirilgan, ular ertalab va kechqurun xonadonga borib oila a'zolarining haroratini o‘lchab, sog‘lig‘ini tekshiradi. Agar shu 14 ichida kasallik aniqlansa, tuman markaziy shifoxonasidagi koronavirusga qarshi kurashish shtabiga murojaat qiladi. Xonadon ahllari uydan chiqib ketmasligi uchun Milliy gvardiya ham nazorat qilib turibdi.

Karantin davrida kasallik alomatlari aniqlanmasa, buni viloyat shtabiga xabar qilamiz va yana 10 kun davomida tibbiy nazoratga olamiz. Shundan so‘ng ularga karantindan va tibbiy nazoratdan chiqqanligi to‘g‘risida ma'lumotnoma (blanka) beramiz.

Jami 161 oilada 553 kishi karantinga olingan edi, hozirda 11 xonadon qoldi. Karantindan chiqqan 150 xonadon vakillarida kasallik aniqlanmadi, hozirda tibbiy nazoratga olindi», deya ma'lumot berdi tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori O.Boboqulova.

«Ularga karantin davrida oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlash judayam yaxshi bo‘lmasa-da olib borib berildi. Homiylar tomonidan yordam ko‘rsatildi va bu davom etyapti, ba'zi oilalar yordamni rad etib olmadi», dedi hokim o‘rinbosari.

Yigitali Mahmudov, Kun.uz muxbiri.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top