19:36 / 04.04.2020
73137

«Xayriya yordamini olish tartibi, Xitoy elchisini yig‘latgan holat va xalqlarni birlashtirayotgan koronavirus» – Elmira Bositxonova bilan suhbat

Maxsus komissiya qaroriga ko‘ra 1 apreldan joriy qilingan yangi karantin tadbirlari doirasida yakka tartibdagi xayriya aksiyalari vaqtincha to‘xtatildi.

Endilikda xayriya yordamlari markazlashgan holda amalga oshirilmoqda.

Kun.uz mazkur yangi tizim, xayriya qiluvchilar hamda xayriyaga muhtoj oilalar uchun uning ishlash mexanizmlari haqida batafsil ma'lumot olish maqsadida ushbu markazlashgan xayriya ishlari uchun bevosita javobgar organ – Mahalla va oilani qo‘llab–quvvatlash vazirligi mutasaddisi bilan suhbat tashkil qildi.

Suhbatdoshimiz vazirning birinchi o‘rinbosari, ko‘p yillar O‘zbekistonda xotin-qizlar qo‘mitasi raisi sifatida ishlagan Elmira Bositxonova.

«Xayriya aksiyalarini o‘tkazishda bitta tizim yo‘qligi ko‘rinib qoldi»

Vazir o‘rinbosariga bergan dastlabki savolimiz yangi tizim bo‘yicha xayriyaga muhtojlar ro‘yxati qanday shakllantirilayotgani borasida bo‘ldi.

To‘g‘ri, ko‘pchilik xayriyalarni ochiq-oshkora qabul qilaverishi mumkin, lekin shunday odamlar ham borki, ular kimdandir yordam so‘rashga iymanadi va buni kimgadir ko‘rsatishni ham istamaydi.

«Biz ko‘rdik, hamma davlat o‘z bilganicha va o‘zi tushunganicha pandemiyaga qarshi kurashmoqda hamda shu sharoitda jabr ko‘rayotganlarga yordam bermoqda», – deya so‘z boshladi Elmira Bositxonova.

Uning aytishicha, oxirgi o‘rganishlar karantinning eng muhim sharti – odamlar orasida muloqotlarni imkon qadar minimumga keltirish ekanligini ko‘rsatgan. Ammo, karantin davrida mahalla faollari, hokimiyat vakillari yoki volontyorlar tomonidan muhtoj oilalarga yordam yetkazishda aynan mana shu qoidalar buzilishi eng ko‘p kuzatilayotgan kamchilik hisoblanadi.

«Bu jarayonda bitta tizim yo‘qligi aniq ko‘rinmoqda.

Yana bir e'tiborli jihat – xayriya mahsulotlari olishda siz aytganingizdek, qaysidir oila o‘zi shijoat ko‘rsatgan bo‘lsa, yana ayrimlari chetda qolavergan.

Mana nega xayriya tadbirlarini tizimli tashkil qilish zarurati kun tartibiga chiqdi.

Bu tizimning birinchi o‘rindagi vazifasi yordamga muhtoj oilani aniq topish. Markazlarga uchta yo‘nalishda axborot keladi.

Birinchi yo‘nalish – biz tashkil qilgan koll-sentr raqamlari – 1197 orqali.

Ikkinchi yo‘nalish – joylardagi haqiqiy ahvolni yaxshi biladigan mahalla faollarining haqiqiy, shaffof ma'lumotlari.

Uchinchi yo‘nalish – joylarga chiqayotgan volontyorlar ma'lumotlari.

Biz xayriya mahsulotlarini yetkazishda aynan mana shu yo‘nalishlar orqali yetib kelgan ma'lumotlar orqali ishlaymiz», – dedi Bositxonova.

«Karantin tugagach xayriya tadbirlari vazirlik tomonidan aniq tizimga solinadi»

Karantin tadbirlari doirasida xayriya aksiyalarini markazlashtirilishi o‘zini yo‘liga, lekin bu tizim bizda avvaldan muammo bo‘lib kelgan. Ya'ni, markazlashgan holda xayriya tashkil qilish tizimining o‘zi yo‘q edi. Xo‘sh, karantin tugaganidan keyin ham markaz o‘z faoliyatini davom ettiradimi yoki bu faqat karantin doirasidagi faoliyat bo‘lib qoladimi?

Ushbu savolga Bositxonovaning javobi quyidagicha bo‘ldi: «Biz har kuni izlanishdamiz. Karantin qancha davom etishini bilmaymiz. Har kuni tajriba orttiryapmiz, xulosalar qilamiz.

Xudo xohlasa, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi karantin tugaganidan keyin bu boradagi ishlarni ham aniq belgilab oladi».

«Xayriya aksiyalarini o‘tkazishda turli fondlar yordami katta bo‘lyapti»

Muhtoj oilalarga yuborilayotgan xayriya mahsulotlarning barchasini bir xil mahsulotlar tashkil qiladi.

Savol tug‘iladi:har kimda ehtiyojlar turlicha. Masalan, kimgadir kartoshka, kimgadir go‘sht va yana kimgadir sog‘lig‘i uchun dori yetishmaydi.

Xo‘sh, aholining bu boradagi ehtiyojlari qanday aniqlanadi.

«Ikki kun ichida bizni qiladigan xatti-harakatlarimiz vaziyatga qarab o‘zgardi. Masalan, telefon qo‘ng‘iroqlari orqali ham ayrim fuqarolar o‘ziga kerakli dorilarni so‘rashmoqda. Shundan kelib chiqib, buning ham yechim yo‘llari belgilandi», deydi vazir o‘rinbosari.

Unga ko‘ra, xayriya aksiyasiga «Sog‘lom avlod uchun» fondi vakillarini ham taklif qildik.

«Xayriya aksiyalarini o‘tkazishda turli fondlar yordami katta bo‘lyapti.

Biz «Sog‘lom avlod uchun» fondning juda katta miqdordagi dori-darmonlaridan (retsepsiz beriladigan dorilar) foydalanyapmiz. Bundan tashqari, bizga Dori-darmon tashkiloti ham homiy sifatida katta yordam bermoqda», – dedi u.

«Volontyorlarning tibbiy nuqtai nazardan ma'lumoti yetarli»

Xayriya aksiyasidan tushgan mahsulotlarni aholi xonadonlariga yetkazishda volontyorlar xizmatidan foydalanilmoqda. Xo‘sh, bu borada volontyorlar xavfsizligi qanchalik o‘ylagan? Vazirlik xavfsizlik talablarini qay darajada hisobga olmoqda?

Bositxonovaga ko‘ra, volontyorlarning tibbiy nuqtai nazardan ma'lumoti yetarli va ularni saralab olishda mana shu jihatga alohida e'tibor qaratilmoqda.

«Ularda tushuncha bor. Volontyorlar hattoki aholiga karatin talablarini o‘rgatishda bizga katta yordam bermoqda. Joylarga chiqib kelayotgan volontyorlarimizning aytishicha, ayrim mahallalarda karantin davrida maktablarga bormayotgan bolalar yig‘ilib futbol o‘ynayotgan holatlar ham bor ekan. Volontyorlarimiz ularga holatni tushuntirib, uylariga kiritib yuborishgan.

Bu nimadan dalolat? – Bu ularda ijtimoiy mas'uliyat yuqori ekanligidan dalolat», dedi u.

Suhbatdoshimizning aytishicha, volontyorlar tomonidan xayriya mahsulotlarini aholiga yetkazishda aniq qoidalarga amal qilinmoqda.

Ya'ni, qoidaga ko‘ra, olib borilgan mahsulot aholi uylariga tarqatilayotganda mahalla vakillari belgilangan masofadan yaqinlashmaydi. Mahsulotlarni maxsus kiyimlardagi volontyorlar yordamga muhtoj oila vakillariga uzatishadi.

«Mahalla vakillari volontyorlarga faqat xayriyaga muhtoj oilalarning uyinigina ko‘rsatib beradi. Oila mahsulotni qabul qilib olgach u ro‘yxatga olinadi.

O‘ylaymanki, bu tizim va shu kabi hamkorlik bilan biz koronavirusdek aqlli dushman ustidan albatta g‘alaba qozonamiz», – dedi Bositxonova.

«Pandemiya sharoitida mehr-oqibat. Vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashimiz mumkin»

Virus nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun dunyo xalqlarini yanada jipslashtirayotgandek.

Elmira Bositxonova bu boradagi fikrimizni ma'qullar ekan, buni birinchi bor yanvar oyida Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Tszyan Yan xonim bilan gaplashganda his qilganini hikoya qildi.

«Elchi xonim o‘sha paytda Xitoyda infeksiya tarqala boshlagani va Xitoy xalqi unga qarshi jipslashayotganini menga aytgandi. Elchi shu gaplarni aytayotganda uning ko‘zlarida yosh paydo bo‘ldi. Buni men Tszyan Yanning vatanparvarlik tuyg‘usi deb tushundim.

Aytmoqchi bo‘lganim, biz mana shunday vaziyatda bu kabi tuyg‘ularni yanada mustahkamlashimiz mumkin.

Keyinchalik pandemiya bizga ham kirib keldi va biz ham Xitoy elchisi his qilgan tuyg‘ularni his qildik.

Biz ham vatanimizni yaxshi ko‘ramiz va farzandlarimiz uchun birgalikda harakat qilamiz».

«Tarjimadagi xato tufayli meni tanqid qilishdi».

2 aprel kuniElmira Bositxonova koronavirus infeksiyasi bo‘yicha mavjud holat va uni keng tarqalishini oldini olish bo‘yicha qilinayotgan ishlarga bag‘ishlangan brifingda qatnashgan edi.

Brifingdan keyin ijtimoiy tarmoqlardagi bir qancha foydalanuvchilar vazir o‘rinbosarini tanqid qila boshlashdi. Unga ko‘ra, Bositxonova so‘nggi 5 kunda volontyorlar ustidan 500ga yaqin shikoyat kelib tushgani haqida gapirgan.

Xo‘sh, Bositxonova haqiqatda shunday fikrlarni aytganmidi va agar vazirlikka shu kabi e'tirozlar kelib tushgan bo‘lsa, volontyorlarga qandaydir choralar qo‘llanganmi?

Elmira Bositxonovaga navbatdagi savolimiz shu mazmunda bo‘ldi.

«Avvalo, brifing o‘zbek tilida bo‘lganini eslatmoqchiman. Va eshitgan bo‘lsangiz, bunday fikr u yerda umuman yo‘q edi.

Menda volontyorlar faoliyatini raqamlar bo‘yicha baholashga vakolat yo‘q, chunki menda aniq raqamlar bo‘yicha tahlilning o‘zi yo‘q.

Brifingda so‘zimni birinchi navbatda o‘z ishiga mas'uliyat bilan yondashayotgan volontyorlarga minnatdorchilik bildirishdan boshladim.

Keyin jarayondagi xatolarimiz va ularni to‘g‘rilash uchun qilinishi kerak bo‘lgan ishlar haqidagi fikrlarga o‘tdim.

Volontyorlar haqidagi fikrlarim minnatdorchilikdan keyin to‘xtagan.

O‘zim ham 2013 yilda qizlar o‘rtasida sog‘lom-turmush tarzini targ‘ib qilish bo‘yicha volontyorlik harakatini boshlash haqida o‘ylaganman. Ular hech qanday mablag‘siz, qiyin jarayonlarda jonbozlik ko‘rsatishadi.

Bu gaplar tarjimadagi xato hisobiga bo‘lgan va shuning uchun meni xato tanqid qilishdi», – dedi suhbatdoshimiz savolimizga javoban.

«Oilaviy yotoqxonalarda yashaydigan oilalarning deyarli barchasi ehtiyojmand»

Xayriya sifatida berilgan mahsulotni har kim turli muddatda iste'mol qiladi. Masalan, qaysidir oila berilgan mahsulotlarni 4-5 kunda va yana qaysidir oila 10-15 kunda. Bunda birinchi toifadagi oilalar yana yordam so‘rashi mumkinmi? Bu borada ishlar qanday tizimlashtiriladi?

Elmira Bositxonovadan o‘zimizni qiziqtirgan ana shu savol bo‘yicha fikrini so‘radik.

Uning aytishicha, bu hozir aniq mexanizmga solinayotgan jarayon hisoblanadi.

«Bu boradagi xatolarimizni kamaytirishning birinchi sharti – bugun olingan axborotlar tumanlar kesimida tahlil qilinadi va bugunni o‘zida emas, ertasi kuni yetkaziladi.

Ungacha biz bitta mahalladagi jarayonni to‘liq o‘rganib chiqamiz.

Bunda o‘sha tuman mahallalaridagi holatni yaxshi biladigan oqsoqollar va ularning o‘rinbosarlari bilan muloqot qilinadi. Shu muloqot natijasida ertangi ro‘yxat to‘la tozalanib qo‘yiladi.

Biz bugungi natijalardan kelib chiqib, ertangi rejalarni ham tuzib olyapmiz. Masalan, Toshkentda oilaviy yotoqxonalar bor. Biz ana shu yotoqxonalardagi to‘rtta oilalarga yordam olib borganimizda qolganlari e'tiroz bildrishdi.

Shundan xulosa qildikki, yotoqxonalarda yashaydigan oilalarning barchasi ehtiyojmand. Shundan kelib chiqib biz ikki kundan keyin butun yotoqxonaga xayriya mahsulotlarini olib bordik.

Ko‘ryapsizki, ish davomida ham yangi rejalarni qilib olyapmiz», deydi vazir o‘rinbosari.

«Homiy o‘z yordamini qayerga va kimga borayotganiga aniqlik kiritmoqchi bo‘lsa unga har bosqichni ko‘rish imkoniyati yaratilgan».

Xayriya qiluvchi, savobtalab insonlar o‘zi xayriya qilayotgan mahsulotlarni haqiqiy egalariga yetib borishini qanday nazorat qilishi mumkin? Elmira Bositxonova javobi ko‘pchilikni qiziqtiradigan ushbu savol yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.

Uning aytishicha, xayriya qiluvchilar o‘z xayriyalarini markazga olib kelib berishi bu – zanjirning bir qismi hisoblanadi.

«Bizda ehtiyojmandlarni qabul qiladigan va yordamlarni qabul qiladigan alohida yo‘nalishlar bor.

Homiy o‘z yordamini qayerga va kimga borayotganiga aniqlik kiritmoqchi bo‘lsa unga har bosqichni ko‘rish imkoniyati yaratilgan», – dedi Bositxonova.

«Mahalla raislarini jinoiy javobgarlikka tortilish holatlari ko‘paygani, ajratilgan pul mablag‘lari to‘g‘ri taqsimlanmagani yangi tizimga nisbatan ham ishonchsizlik paydo qilmoqda»

Volontyorlar ishi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligiga o‘tgani ijtimoy tarmoqlarda ko‘pgina foydalanuvchilar tomonidan biroz keskin fikrlar bilan kutib olindi.

Vazir o‘rinbosariga suhbat davomida bergan so‘nggi savolimiz bu e'tirozlar nima sabadan ekani borasida bo‘ldi.

Bositxonova bu holatning sababini oxirgi vaqtlarda mahalla raislarini jinoiy javobgarlikka tortilish holatlari ko‘paygani, ajratilgan pul mablag‘lari to‘g‘ri taqsimlamagani va shuni oqibatida ularga nisbatan ishonchni yo‘qolganida, deya javob berdi.

«Mana shu ishonchning yo‘qolgani boshlanayotgan yangi tizimga ham ta'sir qilgandir. Lekin bugungi shaffof jarayonlar mana shu ishonchsizlikni tarqatib yuboradi deb o‘ylayman.

Bu vazirlikka o‘ziga hos bosim ham yuklaydi va o‘ylaymanki bugun hamma o‘ziga odatdagidan ko‘ra ko‘proq bosim olishga ko‘nikishi kerak», dedi Elmira Bositxonova.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top