08:15 / 07.04.2020
6847

Jahon sog‘liqni saqlash tizimiga qo‘shimcha 5,9 mln hamshira talab etilayotgani ma'lum qilindi   

Koronavirus pandemiyasi dunyoda sog‘liqni saqlash tizimini mustahkamlashga o‘tkir ehtiyoj borligini ko‘rsatdi. Jumladan, jahon sog‘liqni saqlash tizimiga qo‘shimcha 5,9 mln hamshira jalb qilinishi talab etiladi.

Foto: PA MEDIA

Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining “Dunyoda hamshiralik ishining holati” ma'ruzasida aytib o‘tilgan.

“Dunyoda hamshiralik xizmatining 28 mlnga yaqin ishchisi bor. 2013 yildan 2016 yilgacha ularning soni 4,7 mln nafarga oshdi. Biroq butun dunyoda hamshiralar taqchilligi saqlanib qolmoqda va u 5,9 mlnni tashkil qiladi”, deb ta'kidlab o‘tgan JSST. 

Ta'kidlanishicha, hamshiralar taqchilligi Afrika, Janubi-Sharqiy Osiyo, Sharqiy O‘rta yer dengizi mintaqasi va Lotin Amerikasining bir qator davlatlarida kuchli seziladi. Hamshiralar taqchilligining 89 foizi (5,3 mln) daromadi o‘rtachadan past davlatlarga to‘g‘ri keladi.

Ta'kidlanishicha, Yevropada va Shimoliy hamda Janubiy Amerika davlatlarida hamshiralarning o‘rtacha yoshi boshqa davlatlardagi tibbiy xodimlarning yoshidan ancha kattaroqni tashkil qiladi. Bu davlatlarda yosh mutaxassislarning kelishini ta'minlash va “xodimlarni sohada ushlab qolish bo‘yicha choralarni kuchaytirish” tavsiya qilingan. Mutaxassislar, shuningdek, ushbu kasbda “katta gender disbalans” mavjudligini, unda faoliyat yuritayotganlarning 90 foizi ayollar ekanini qayd qilib o‘tishgan. Biroq shunga qaramay, ayollar “sog‘liqni saqlash tizimida juda kam holatlarda rahbarlik lavozimlarini egallaydilar”.    

Mutaxassislarning tavsiyasiga ko‘ra, hamshiralar yetishmasligining oldini olish uchun bu muammoga to‘qnash keluvchi davlatlar ushbu sohadagi bitiruvchilar sonini o‘rtacha 8 foizga oshirishi va bu bilan bir qatorda ular uchun ish o‘rinlari tashkil etishlari lozim bo‘ladi. Bu bilan bog‘liq xarajatlar aholi jon boshiga yiliga 10 dollarni tashkil qiladi. 

Ushbu ma'ruza ilk bor e'lon qilinmoqda. Uning chiqarilishi 7 aprelda nishonlanuvchi Jahon salomatlik kuniga atalgan. JSST 2020 yilni Xalqaro hamshiralik va akusherlik xizmatlari ishchilari yili deb e'lon qildi. Shu sababli joriy yilda Salomatlik kunining shiori “Hamshiralar va akusherlarni qo‘llab-quvvatlaymiz” deb yangraydi. 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top