17:51 / 07.04.2020
97272

Tibbiyot kollejlari texnikumlarga aylantirilmoqda. Prezident qarori imzolandi

2020/2021 o‘quv yilidan boshlab 47ta tibbiyot kollejlari Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlari etib qayta tashkil etiladi va uning bitiruvchilari tibbiyot oliy ta'lim muassasalarining 2-kursidan o‘qishini davom ettirish huquqiga ega bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Tibbiy-sanitariya sohasida kadrlarni tayyorlash va uzluksiz kasbiy rivojlantirishning mutlaqo yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori imzolandi.

Qaror tibbiy-sanitariya xodimlarini kasbiy rivojlantirish tizimini yaxshilash, sohada yetuk va chuqur bilimga ega kadrlarni zamonaviy ta'lim standartlari asosida tayyorlash, tibbiyot tashkilotlari, ayniqsa birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarini professional mutaxassislar bilan ta'minlash, tibbiyot ta'lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining mavqeini oshirish, shuningdek, 2019–2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasining sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish maqsadida qabul qilingan.

Prezident qaroriga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab 47ta tibbiyot kollejlarini Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlari etib qayta tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilgan.

Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda texnikumlar faoliyatini samarali tashkil qilish bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi Kompleks dasturni ishlab chiqadi, tasdiqlaydi hamda uning o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirilishini ta'minlaydi:

  • Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlarining moddiy-texnik bazasini yanada kuchaytirish, amaliyot xonalarini belgilangan normativlarga asosan jihozlash, o‘quv-simulyatsion auditoriyalarni tashkil etish;
  • valeologiya, tibbiy psixologiya, nutritsiologiya, diyetologiya, farmakologiya, kineziologiya, reabilitologiya, profpatologiya fanlari chuqurlashtirilgan holda o‘qitilishini joriy etish hamda mazkur texnikumlarning o‘quv rejalari va fan dasturlarini ilg‘or xorijiy tajribalar asosida ishlab chiqish;
  • tibbiyot oliy ta'lim muassasalarining yuqori malakali professor-o‘qituvchilarini jalb qilgan holda Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlarida masofaviy ta'lim orqali dars mashg‘ulotlarini o‘tkazish.

Texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar o‘z sohasiga mos tibbiyot oliy ta'lim muassasalarining bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha kirish imtihonlarisiz yakka tartibdagi suhbat orqali oliy ta'lim muassasalarida 2-kursdan o‘qishini davom ettirish huquqiga ega bo‘ladi.

Top