13:50 / 09.04.2020
15029

Toshkentda ob-havo noqulayligi tufayli elektr tarmoqlarida 44ta uzilish ro‘y berdi

Kuchli shamol va qor yog‘ishi O‘zbekistonning barcha hududlarida elektr tarmog‘ida uzilishlarga sabab bo‘ldi. Toshkent shahar hokimligi elektr ta'minoti 18:00 gacha tiklanishini ma'lum qildi.

8 apreldan 9 aprel kuniga o‘tar kechasi kuchli qor yog‘ishi ko‘plab daraxtlar sinishiga, elektr tarmoqlarida uzilishlar va gaz quvurlari shikastlanishiga sabab bo‘ldi. 

Toshkent shahri hokimligi matbuot xizmati xabar berishicha, jami 44ta elektr tarmoqlarida uzilish kuzatildi, 31ta holat ertalab soat 10:00ga qadar bartaraf etilib, hozirda 13ta elektr tarmoqlarida ta'mirlash ishlari olib borilmoqda. 

Bular:

  • Olmazor tumani, Qoraqamish 2/3 va 1/3 mavzelarida;
  • Yunusobod tumani, «Islomobod» va «Hasanboy» mahallalari, 14-mavze, Markaz-4 mavzelarida;
  • Mirzo Ulug‘bek tumani, «Ulug‘bek» mahallasida;
  • Uchtepa tumani, «Ko‘ksaroy» mahallasida;
  • Chilonzor tumani, «Beshqo‘rg‘on» mahallasi va Chilonzor kichik sanoat hududida;
  • Shayxontohur tumani, «Samarqand darvoza», «Suzuk ota» va «Gulobod» mahallalarida.

Jami 20ta gaz tarmoqlari uzilishi kuzatilib, 7ta holat ertalab soat 10:00ga qadar bartaraf etilib, hozirda 13ta manzilda gaz quvurlarini ta'mirlash ishlari olib borilmoqda.

Ular:

  • Chilonzor tumani 9-mavzedagi 61-uy, 3-mavzedagi 78-uy, 6-mavzedagi 52-uy, 5-mavzedagi 11-uy, 6-mavzedagi 67-uylarda;
  • Mirobod tumani, Fayzobod ko‘chasi 42-uyda;
  • Olmazor tumani, Chuqursoy ko‘chasi 2,17 va 18-uylarda;
  • Yunusobod tumani, Niyozbek yo‘li ko‘chasi 17-uyda;
  • Uchtepa tumani, 11-mavze 17-uy, Zargarlik korxonasi,  
  • Yashnobod tumani, Aviasozlar 4-uy va Birlashgan ko‘chasi 10-uyda.

Elektr va gaz tarmog‘idagi uzilishlar sababli shahardagi 7ta lokal qozonxonalar (Mirzo Ulug‘bek tumani - 5ta, Shayxotohur – 2ta) faoliyati to‘xtatilgan.

Ularga ulangan 148ta ko‘p qavatli uylarga issiqlik ta'minotini yetkazishning vaqtincha imkoniyati yuq. 

«Hurmatli hamshaharlar! Hozirda ushbu holatlarni bartaraf etish yuzasidan barcha zaruriy choralar ko‘rilmoqda. Avariyalarni tezkorlik bilan bartaraf etishga barcha kommunal xizmat ko‘rsatish korxonalarining tegishli kuch va vositalari jalb qilingan.

Kun yakuniga, ya'ni soat 18.00ga qadar aniqlangan uzilish holatlari to‘lik bartaraf etiladi», deyiladi shahar hokimligi matbuot xizmati xabarida.

Gidrometerologiya markazi O‘zbekiston Respublikasi hududida 7-9 aprel kunlari kuchli yog‘ingarchilik yog‘ishi (ayrim joylarda yomg‘ir qorga aylanishi), havo harorati 0-5 darajagacha keskin tushib ketishi, kuchli shamol bo‘lishi va shamol tezligi 15-20 m/s.gacha, ayrim joylarda 23-28 m/s.gacha kuchayishi to‘g‘risida xabar qilgan edi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top