14:22 / 10.04.2020
57537

G‘uzor tumani hokimi ishdan ketdi. Viloyat hokimi uni ikki marta ogohlantirgandi

G‘uzor tumani hokimi Sa'dulla Boboqulov o‘z arizasiga ko‘ra lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rniga shu vaqtgacha tuman prokurori sifatida ishlab kelgan Bekzod Suyunov tayinlangan.

Sa'dulla Boboqulov / Qashqadaryo viloyati hokimligi

Bugun, 10 aprel kuni Xalq deputatlari G‘uzor tumani kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Viloyat sektor rahbarlari ishtirok etgan yig‘ilishda tashkiliy masalalar ko‘rilgan.

Qashqadaryo viloyati hokimligi axborot xizmati xabar berishicha, G‘uzor tumani hokimi Sa'dulla Boboqulov o‘z arizasiga ko‘ra egallab turgan lavozimidan ozod qilingan.

«Fidoyi xizmatlari uchun viloyat hokimi Z.Mirzayev S.Boboqulovga rahmat aytib, salomatligini tiklab, tez orada safimizga qaytishiga tilak bildirdi», deyiladi xabarda.

Bekzod Suyunov / Qashqadaryo viloyati hokimligi

G‘uzor tumani prokurori lavozimida ishlab kelgan Bekzod Suyunov tuman hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil noyabrida Sa'dulla Boboqulovga viloyat hokimi Zoyir Mirzayev tomonidan saylovga tayyorgarlik ko‘rishda ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘ygani uchun hayfsan berilgandi. Keyinroq 2020 yil yanvarida ham viloyat hokimi G‘uzor tumani hokimini odamlar bilan muloqot qilishni bilmaslikda ayblagandi.

Mart oyida internetda Sa'dulla Boboqulov bilan bog‘liq audio tarqalgandi. Unda telefon orqali muloqot vaqtida tuman hokimi Fuqarolik ishlari bo‘yicha G‘uzor tumanlararo sudining raisi Sattor Aqanovni mulozamat ko‘rsatmaganlikda ayblaydi.

Boboqulov «Hozir gaplashishga vaqtingiz yo‘qmi, qachon vaqtingiz bo‘ladi», deydi. Sudya hokimga qabuliga kelishi mumkinligini bildiradi. Hokim, aksincha, sudya uning qabuliga kelishi lozimligini talab qiladi.

Mazkur voqea xususida «Daryo» muxbiri bilan suhbatlashgan G‘uzor tumani hokimi Sa'dulla Boboqulov sud raisini xalq deputatlari tuman kengashi sessiyasiga chaqirmoqchi bo‘lib qo‘ng‘iroq qilganini aytgan.

«Sud raisi xalq deputatlarining tuman kengashi sessiyasida ishtirok etib, deputatlarga hisobot berishi lozim edi, shu sababdan ham sudyaga qo‘ng‘iroq qilib, bu haqda bildirmoqchi bo‘ldik. Ammo eshitganingizdek, sudya hurmatsizlik qildi.

Sudyalar oliy kengashiga xat bilan chiqib, mazkur holat haqida bildirdik, ammo 10-12 kun o‘tyaptiki, javob yo‘q», degan hokim.

Keyinroq Sudyalar Oliy kengashi G‘uzor hokimini yolg‘on gapirishda ayblab chiqdi.

Top