16:34 / 14.04.2020
46011

«Jizzaxda piyoz ekkanmiz. Borishning iloji bo‘lmayapti» – Beshariqlik dehqonlar muammosi

Vodiy viloyatlarida aholi zich yashaydi. Xalqi mirishkor, lekin dehqonchilik uchun yer oz. Shuning uchun mintaqada  hosil olish uchun yaroqli har bir qarich yer hisobli. Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlarida yashaydigan ko‘plab mirishkorlar tirikchilik uchun voha tomonlarga borib yer olib, sabzavot ekishadi. Yaxshi daromad ham qilishadi.

Kun.uz sayti tahririyatiga Farg‘ona viloyatining Beshariq tumani Ropqon qishlog‘ilik dehqonlar murojaat qilishdi. Ular uzoq yillardan beri Jizzax viloyatining Zomin tumanida yer olib, asosan piyoz yetishtirishar ekan. O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi xavfi yuzaga kelib, karantin e'lon qilingach, yo‘llar berkilib, beshariqlik dehqonlar ekib qo‘ygan piyozlarini parvarish qilgani Jizzax tomonga bora olmay qolishgan. 

Ropqonlik Baxtiyor Abdullayev telefon orqali dehqonlar uchun tashvishli bo‘lgan holat haqida gapirdi.

«Bizning Beshariq tumani Ropqon qishlog‘ida yashovchi yuzlab dehqonlar Jizzax va Toshkent viloyatlarida piyoz ekib ro‘zg‘or tebratadi. Karantin paytida o‘sha dehqonlarning har ikki viloyatga borib kelishi muammoga aylandi. O‘tgan yilning dekabr, shu yilning yanvar oylarida Zomin tumanining Ittifoq hududiga 5 gektar «to‘qsonbosti» piyoz ekib kelganman. Mahalladoshlarimdan Yusufjon O‘sarov, Qobiljon Boqiyev mening yonimdagi yerlarga 4 gektardan, Ravshan Rafiqov esa 2 gektar yerga piyoz qadagan edi.

Beshariqdan kamida 350-400 dehqon Jizzaxning turli joylariga xuddi biz singari «to‘qsonbosti» piyoz ekkan. Boshqa tumanlarda ham voha tomonlarga borib dehqonchilik qiladiganlar ko‘p. Ayni paytda nima qilishimizni bilmay o‘ylanib qoldik», deydi u.

Dehqon yer maydonlarining suratlarini yuborgan.

«Hozir ayni piyozga ishlov beradigan payt. Yana bir oy kechiksak, hosil barbod bo‘ladi.

Mana shu biz yetishtirayotgan piyoz keyingi yilning apreligacha iste'mol qilinadi. Agar biz uchun yo‘llar ochilib, Jizzax viloyati va Toshkent viloyatining Angren shahri atrofidagi yerlarimizga bora olmasak, minglab gektarga piyoz hosili nobud bo‘ladi. Buning oqibatida keyingi yil bozorda piyozning narxi qimmat bo‘lib ketishi aniq.

Mutasaddilardan biz dehqonlarga karantin qoidalariga rioya etgan holda Jizzax va Toshkent viloyatlariga borib-kelishimizga ruxsat berishlarini so‘rar edik», deydi Baxtiyor Abdullayev.

Bugungi kunda O‘zbekistonda har bir xonadonning mavjud tomorqasidagi yer maydoni bo‘sh qolmasligiga katta e'tibor qaratilyapti. Chunki, sug‘orish, ekin parvarish qilish imkoniyati bo‘lgan joyga dehqonchilik qilib hosil olinsa, bozorlarimiz va dasturxonimiz to‘kin bo‘lishi tayin.

Yuqoridagi murojaatdan ma'lum bo‘ldiki, beshariqlik dehqonlarning muammosi hal qilinmasa, bu holat keyingi yil bozorlarimizdagi narxlarga ta'sir o‘tkazadi. Achinarlisi, minglab gektar yer maydoni bo‘sh qolishi mumkin.

Har qanday muammoning yechimini topishga astoydil kirishilsa, chorasi topiladi.

O‘ylaymizki, mavjud masala O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va uning Farg‘ona va Jizzax viloyatlaridagi boshqarmalari tomonidan atroflicha o‘rganib chiqiladi va hal etiladi.

Kun.uz sayti vodiy viloyatlari muxbiri Elmurod Ermatov

Mavzuga oid
Top