16:08 / 14.04.2020
10262

Karantin vaqtida ishchilar navbatchilikka qo‘yilishi mumkinmi? – vazirlik izohi

Koronavirusga qarshi kurash shtabida bo‘lib o‘tgan navbatdagi brifingda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Axborot xizmati rahbari Shahnoza Ravshanova qator savollarga oydinlik kiritdi

Foto: KUN.UZ

Karantin vaqtida davlat tashkilotlarida ishxonada qorovullar yetarli bo‘lishiga qaramay ishchilar grafik asosida navbatchilikka qo‘yilishi mumkinmi? Bu holat qonunchilikka zid emasmi?

Bu savolga avvalambor nazarda tutilgan davlat tashkilotining faoliyat ko‘rsatayotgan tarmog‘i yoki sohasi, unda ko‘zda tutilgan ish rejimi, bugungi sharoitni inobatga olgan holda bu tashkilotning ijtimoiy ahamiyatidan kelib chiqib javob berish o‘rinli bo‘lardi. Agar tashkilotning lokal hujjatlarida yoki xodimning mehnat shartnomasida ko‘rsatilmagan bo‘lsa, Mehnat kodeksiga asosan ish beruvchi ishchilarni grafik asosida navbatchilikka, ya'ni ish vaqtidan tashqari ishga, dam olish kunlari va bayram kunlari ishga jalb etishga, shuningdek o‘zining xizmat vazifasiga kirmaydigan ishlarni bajarishga xodimlarning roziligisiz majbur qilsa, bu mehnat qonunchiligiga zid hisoblanadi va buning uchun javobgarlik belgilangan.

Xodim o‘z ish joyida ishlab turgan vaqtida korxonada ish o‘rinlari qisqartirilganligi sababli ishdan bo‘shatilishi mumkinmi? Yana xodim oilada yagona ishlovchi ya'ni boquvchi hisoblansa hamda oilada ota 1 guruh nogironi sifatida ro‘yxatda tursa. Bunday hollarda qonunchilikda qandaydir imtiyozlar ko‘rsatib o‘tilganmi?

Ish o‘rinlarini qisqartirish ishlab chiqarishdagi o‘zgarishlar, ishlar hajmining qisqarishi munosabati yoki boshqa sabablar bilan ro‘y berishi mumkin. Bu jarayonni amalga oshirishda Mehnat kodeksining 103-moddasida nazarda tutilgan malakasi va mehnat unumdorligi bir xil bo‘lgan xodimlardan birini ishda qoldirishda afzallik beriladigan holatlar sifatida quyidagilar nazarda tutilishi mumkin: qaramog‘ida ikki yoki undan ortiq kishi bo‘lgan xodimlarga; oilasida undan bo‘lak mustaqil ish haqi oluvchi bo‘lmagan shaxslarga; mazkur korxonada ko‘p yillik ish stajiga ega bo‘lgan xodimlarga va shu moddada belgilangan boshqa kategoriyalar xamda jamoa shartnomasida xodimlarni ishda qoldirishda afzallik beriladigan boshqa holatlar nazarda tutilishi mumkin.

Turmush o‘tog‘im va men tadbirkor korxonasida og‘zaki kelishuv asosida ishlar edik. Karantin tufayli oilamiz daromad manbaisiz qoldi. Uch nafar voyaga yetmagan farzandimiz bor. Karantin munosabati bilan nafaqa olishim uchun kerakli hujjatlarni yig‘ib topshirishda muammo bo‘lmoqda. Nafaqa tayinlanishi uchun qayerga murojaat qilishim mumkin?

Ishlash istagida bo‘lsangiz bizning joylardagi Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlariga murojaat qiling, bu yerda sizga doimiy yoki vaqtinchalik jamoat ishlari taklif etiladi. Ishga joylashtirish iloji bo‘lmaganda sizga ishsizlik nafaqasi tayinlanadi.

Shu bilan birga Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 15 fevraldagi 44-son qarori asosida tasdiqlangan "Kam ta'minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida"gi Nizomiga ko‘ra siz fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga murojaat qilishingiz mumkin xamda «Mehr-shafqat va salomatlik» jamoat fondiga (1197 qisqa nomerga) ham murojaat qilishingiz mumkin.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top