23:05 / 15.04.2020
82039

Yangiyo‘lda tunda qurol ko‘tarib yurgan shaxslar aniqlandi

Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmasi notanish shaxslar tomonidan daydi itlar otib ketilayotgani haqida 15 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarga izoh berdi.

Videodan kadr

Toshkent viloyati IIBB JQB va Yangiyo‘l shahar IIB JQB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari davomida ushbu qilmish Yangiyo‘l shahri Navro‘z dahasida yashovchi 44, 39 va 38 yashar uch nafar erkak tomonidan sodir etilgani aniqlangan. Ulardan 2 dona sport pnevmatik (tir) miltig‘i, hujjatlari bilan daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirilib, olingan.

“O‘tkazilgan suhbat jarayonida ushbu shaxslar o‘zlariga tegishli bo‘lgan sport pnevmatik (tir) miltiqlarini Toshkent shahridagi “Dinamo” sport do‘konidan hujjatlar asosida rasmiylashtirib olgani va karantin davrida yosh bolalari uyda bo‘lganligi sababli xavfsizlik yuzasidan bu qurollarni tanishi Ulug‘bek ismli shaxsning uyiga olib ketayotganini va hech qanday jonivorlarga qarata o‘q otishmaganini aytishgan”, deyiladi Toshkent viloyati IIBB xabarida.

Ma'lum qilinishicha, ayni paytda mazkur holat yuzasidan Yangiyo‘l tumani IIB tomonidan tezkor surishtiruv ishlari olib borilmoqda. 

Top