08:43 / 16.04.2020
11374

«Jamoat joyi», «Fidokor yoshlar» jamoat patrul guruhlari va «Faol fuqaro» ko‘krak nishoni. Yangi qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi 

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga “Jamoat xavfsizligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi:

Qonun loyihasida ilgarigi qonunlarimizda mavjud bo‘lmagan quyidagi bir qator tushunchalarga ta'riflar berib o‘tilgan:

jamoat xavfsizligi - jamoat xavfsizligi obektlarining ularga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan xavf va tahdidlardan himoyalanganlik holati;

jamoat xavfsizligi obekti - jamoat joylarida fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini, shaxsiy xavfsizligi va mulklarining himoyasini ta'minlash;

jamoat xavfsizligini ta'minlash - davlat tomonidan jamoat xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan siyosiy, tashkiliy, ijtimoiy-iqtisodiy, axborot, huquqiy va boshqa tadbirlar tizimini amalga oshirish;

jamoat tartibi - fuqarolarning jamoat joylarida birga bo‘lganda, odob-axloq, an'ana va urf-odatlar normalariga asoslangan holda, jamoat hayotining muayyan tarzini belgilab beradigan huquqiy normalar va qoidalar majmuasi.

Jamoat joyiga berilgan ta'rif esa bizni eng qiziqtirgan va uzoq kuttirgan ta'rif ekanligi shubhasiz. Chunki, uzoq yillar davomida ushbu tushunchaga birorta qonunimizda ta'rif berilmagan edi. Loyihada mazkur tushunchaga quyidagicha ta'rif berilgan:

Jamoat joyi - to‘sqinliksiz tashrif buyurish (bo‘lish) mumkin bo‘lgan yoxud fuqarolarning turli ehtiyojlarini qondirish uchun mo‘ljallangan yerlar, binolar, imoratlar, inshootlar, ularning qismlari, shuningdek, transport kommunikatsiyalari.

Shuningdek, ushbu loyihada jamoat joylarining quyidagi turlari sanab o‘tilgan:

doimiy xarakterdagi jamoat joylari – hududida vaqtinchalik ish rejimi bilan cheklanmagan fuqarolarning doimiy bo‘lishi va fuqarolarning doimiy yashash obektlarining mavjudligi bilan tavsiflanadigan jamoat joylari. Doimiy jamoat joylariga – transport magistrallari, ko‘chalar, turar-joy mavzelari, mahallalar, dahalar, mikrorayonlar hududlari, aeroport, temir yo‘l, avtomobil va suv vokzallarining binolari kiradi;

vaqtinchalik jamoat joylari - hududida vaqtinchalik ish rejimiga ega bo‘lgan fuqarolarning vaqtincha bo‘lishi va fuqarolarning doimiy yashash obektlarining mavjud emasligi bilan tavsiflanadigan jamoat joylari. Vaqtinchalik jamoat joylariga – xiyobonlar, maydonlar, madaniyat va istirohat bog‘lari, savdo, ko‘ngilochar, savdo-ko‘ngilochar majmualar va markazlar, gipermarketlar, supermarketlar, bozorlar va fuqarolar ommaviy yig‘iladigan boshqa joylar kiradi;

bir martalik jamoat joylari - ommaviy tadbirlar o‘tkazish obektlari, ijtimoiy, qishloq xo‘jaligi yoki boshqa sohadagi ish va tadbirlar, shu jumladan, odamlar ommaviy yig‘ilganda o‘tkaziladigan tantanali tadbirlar, diniy marosimlar o‘tkaziladigan davrdagi alohida joylar.

Qonun loyihasida ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar vazirligi organlari, Davlat xavfsizlik xizmati, Prezidentning Davlat xavfsizlik xizmati, prokuratura, adliya organlari, ta'limni boshqarish davlat organlari va ta'lim muassasalari, davlat sog‘liqni saqlash tizimining boshqaruv organlari va sog‘liqni saqlash muassasalari jamoat xavfsizligini ta'minlovchi organ va muassasalar hisoblanadi.

Mazkur loyihada fuqarolarning jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta'minlashda ishtirok etishining tashkiliy shakllari haqida ham so‘z borgan bo‘lib, undagi yangiliklardan biri - bu “Fidokor yoshlar” jamoat patrul guruhlaridir. “Fidokor yoshlar” jamoat patrul guruhlari - bu tegishli hududda joylashgan jamoat joylarida jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta'minlashda yosh fuqarolarning ishtirok etish shakli. “Fidokor yoshlar” jamoat patrul guruhlari tegishli mahallaning jamoat xavfsizligi tizimiga kiradi va profilaktika inspektori rahbarligi ostida ishlaydi.

Undagi yana bir yangiliklardan biri shundan iboratki, jamoat tartibini saqlashda, jamoat xavfsizligini ta'minlashda, jinoyatchilikning oldini olishda va jinoyatchilikka qarshi kurashda fidoyilik va jasorat ko‘rsatgan fuqarolar alohida xizmatlari uchun tegishli huquqni muhofaza qilish organlari, mahalliy davlat hokimiyati va boshqa tashkilotlarning taklifiga binoan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimining qarori bilan “Faol fuqaro” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadilar.

Top