08:17 / 16.04.2020
42853

Karantin davrida ijtimoiy himoyaning huquqiy asoslari

Tabiiy ofatlar – insoniyat hayotiga doimiy rahna solib turadigan voqelik, shuning uchun davlatlar bu kabi favqulodda holatlarga tayyor turishga harakat qiladi. Yuqumli kasalliklar bilan bog‘liq holatlar ham shular jumlasidan.

Dilsora Komil

Tabiiy ofatlar xavfi insoniyat hayotiga soya solib turadigan voqelikdir va dunyo davlatlari shunday favqulodda holatlarga tayyor bo‘lishga harakat qiladilar. Yuqumli kasalliklar va iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq holatlar shular jumlasidandir.

Karantin – infeksiya tarqalishini cheklash uchun eng samarali choralardan biri deb topilgan, ammo uning samaradorligi jamoat hamkorligiga va muvofiqlikka bog‘liq. Karantin davlat rahbarlari,  yuqumli kasalliklar mutaxassislari, iqtisodchilar va jamiyatda tartibni ta'minlovchi organlar rahbarlari bilan maslahatli ravishda joriy qiladigan tartibdir.

Shu o‘rinda bir necha qonun va siyosat tahliliga oid savollar paydo bo‘ladi: Davlat rahbarlarining yoppasiga karantin tartibi joriy qilishga huquqlari bormi? Davlat karantin tartibini buzganlarni jinoiy javobgarlikka tortishi mumkinmi? Karantin vaqtida davlatning o‘z fuqarolariga nisbatan qanday masuliyat va burchlari bor? Katantin vaqtida davlat o‘z fuqarolariga tibbiy va iqtisodiy yordam qilishga majburmi?

Davlat rahbarlari favqulodda holatlarda jamoat manfaatini ko‘zlagan holda zaruriy o‘lchamlarni joriy qilishga, hatto odamlardan uylaridan chiqmaslikni talab qilishga va qonunni buzganlarni jinoiy javobgarlikka tortishga haqlidirlar. Favqulodda holat davlat qonunlarini ma'lum muddatda bekor qilish kuchiga ega bo‘lgan siyosiy vaziyatdir. Buni oddiygina davlat hokimiyatining shaxsga nisbatan qonuniyligini sharhlab beradigan «ijtimoiy shartnoma» nazariyasi bilan tushuntirib ketish mumkin.

Hokimiyat va odamlar o‘rtasidagi siyosiy falsafa Tomas Hobb,  Jon Lokk, Jan-Jak Russo, Devid Got kabi siyosiy faylasuflar asarlaridan boshlab bizning davrgacha yuksalib keldi. Bu asarlarning negizida turgan siyosiy falsafa shuki, odamlar xavfsizliklari, jamiyatda tartib o‘rnatish va bir qator xizmatlar joriy qilish evaziga o‘zlarining ba'zi erkinliklarini davlat hokimiyatiga taslim qiladilar. Demak, davlat hokimiyati jamoat manfaatini o‘ylagan holda karantin qilishga haqli va shu davlat hududida bo‘lgan har qanday inson unga amal qilishi shart.

Karantin joriy qilishda davlat hokimiyati odamlar ishsiz qolishini,  ko‘pchilik katta-kichik bizneslar karantin paytida daromadni yo‘qotishini va karantindan keyin katta doiralardagi iqtisodiy inqiroz sababli bankrotga yuz tutishi mumkinligini hisobga olgan holda qarorlar qabul qilishi shart. Shu bilan birga, davlat rahbarlari karantin vaqtida aholini tibbiy va iqtisodiy qo‘llab quvvatlash choralarini ko‘rib chiqadi.

Davlatlar qonunlarida, karantin davrida aholini asosiy ehtiyojlarini qondirilishi kerak, degan jumlani topish juda qiyin. Ammo koronavirus pandemiyasi, davlat qonunlarida kerakli o‘zgartirishlar kiritish lozimligini muhim qilib quyishi mumkin. Davlatlarning yashab qolishi va iqtisodiy qayta jonlanish aholi karantin himoyasida qanday iqtisodiy ahvolda chiqishiga ko‘p tomonlama bog‘liq.

Karantin davrida xalqning iqtisodiy ehtiyojlarini ta'minlash davlat siyosatining muhim qismidir. Masalan, Kanada hukumati kanadaliklarga yordam berish uchun Covid-19 Iqtisodiy Javob Rejasini e'lon qildi. Bu qarorga asosan, 27 milliard dollarlik iqtisodiy ko‘mak karantin vaqtida ishlash imkoniyati bo‘lmagan shaxslar va kichik bizneslarga to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘lanadi.

Fransiyada Covid-19 bilan bog‘liq  vujudga kelgan vaziyatni yumshatish uchun shaxslarga va korxonalarga yordam qarzlari uchun 300 milliard yevro miqdorida mablag‘ ajratildi. Singapurda 21 yoshdan katta har bir fuqaroga 600 singapur dollari ($417) miqdorida mablag‘ berilmoqda.  Yaponiyada daromadi keskin kamaygan fuqarolarga 300 ming iyen (2750 dollar)dan beriladigan bo‘ldi. AQShda esa katta yoshli fuqarolariga 1200 dollardan, bolalarga 500 dollardan ajratilmoqda.

Davlat qonunida karantin davrida xalqqa yordam berish kiritilmagan bo‘lsa, davlatning odamlarga yordam berishi shart emas, deb tushunish xato. Davlat salomatlik bilan bog‘liq holat tufayli ishlay olmaydigan shaxslarga nogironlik pensiyalari va ma'lum bir yoshga yetgan aholiga qariyalik pensiyalari joriy qilishi hammaga ma'lum. Karantindagi odamlarni nogiron yoki pensiya yoshidagi, mehnat imkoniyati cheklangan odamlar bilan bir qatorga kiritish imkonsiz emas.  Shu o‘lchamlar borlini hisobga olgan holda aholining ishga yaroqli qismiga, ishga yaroqsiz qatlamlariga to‘lanadigan miqdorda iqtisodiy qo‘llab quvvatlash joriy qilish mantiqan to‘g‘ridir.

Yoki mehnat qonunlariga e'tibor berilganda ham, majburan ishdan bo‘shatilgan ishchilarga belgilangan muddatda mehnat qonunlariga asosan oylik kirimlarining ma'lum bir qismini, ma'lum bir muddatda talab qilishga haqlilar. O‘zbekistonda mehnat qonunlariga asoslanib yordam joriy etish juda qiyin. Chunki aholining katta qismi davlat qonunlaridan imtiyoz oladigan rasmiy sektorda ishlamaydi. Demak, karantin tufayli ishsiz qolgan har bir fuqaro davlat qaramog‘ida bo‘lishga haqli! Ammo bu ta'minot tarqatilayotan oziq ovqatlar ko‘rinishida emas,  aynan naqd pul yordami shaklida bo‘lishi lozim va oziq ovqat ta'minoti qo‘shimcha yordam sifatida tarqatilishi mumkin.

Covid-19 dunyoning ko‘p davlatlari uchun og‘ir iqtisodiy vaziyatni keltirib chiqargani ma'lum va yaqin kelajakda bu holat yanada keskinlashishi ehtimoli bor. Davlat rahbarlari iqtisodiy yordam aholini boshqarishning, ishonchini qozonishning, ijtimoiy panikaning oldini olishning va eng asosiysi jinoyat keskin o‘sishiga qarshi kurashning eng effektiv usuli ekanligini tushunishlari juda muhim.

Qolaversa, bugun aholi taminoti uchun sarflangan mablag‘ ertaga iqtisodning qayta tiklanishi va tezroq oyoqqa turishida juda muhim faktordir.

O‘zbekistonga Covid-19ning kechroq kirib kelishi O‘zbekiston hukumati uchun kerakli chora-tadbirlarni vaqtida ko‘rishga imkon yaratdi. Ta'kidlab o‘tishim lozimki, O‘zbekistondagi harakatlar, juda ko‘p rivojlangan davlatga o‘rnak bo‘la olarli darajada tezkorlik va qat'iylik bilan olib borildi. Bu, albatta, O‘zbekiston prezidenti va mas'ul shaxslarning favqulodda holatlarga tezkor javob reaksiyasi borligidan dalolatdir.

Shunga qaramay, aholiga berilayotgan yordam masalasida o‘rnatilgan tartiblar talabga javob bermaydi. Bugun O‘zbekiston o‘z fuqarolarining kundalik ehtiyojlarini qoplash uchun iqtisodiy ta'minot masalasini qonun doirasida qayta ko‘rib chiqishi kerak. Ta'minot shakli va usuli qat'iy soddalashtirilishi lozim. O‘zbekistonning barcha turdagi boyliklari va boshqa maqsadlarga mo‘ljallangan mablag‘lari bugun xalq ehtiyoji uchun sarflanishi zarur.

Pandemiya davri siyosatini urush davri siyosati bilan taqqoslash mumkin. Dunyo aholisi bu ko‘zga ko‘rinmas dushmanga qarshi himoyalanmagan va shu sababli uylarida yashirinib jon saqlashga majburlar. Virusga qarshi vaksinalar joriy qilinganiga qadar davlat odamlarni tibbiy va iqtisodiy himoya qilishi shart. Karantin davrida aholinining ishlovchi qatlamini ishsizlik maoshlari bilan ta'minlanish O‘zbekiston hukumati oldidagi o‘ta muhim vazifadir. 

Dilsora Komil
PhD nomzodi, Britaniya Kolumbiyasi universiteti (Kanada)

Top