12:28 / 16.04.2020
24960

Karantinda o‘tirish uchun joy yo‘q. Yirik shaharlarda uysizlarning holi ne kechmoqda?

Hozir deyarli butun dunyo karantinda o‘tiribdi. Uyda qolib, zaruratsiz ko‘chaga chiqmaslik qayerdadir targ‘ib qilinayotgan bo‘lsa, yana qayerlarda buyurilmoqda. Bunday holatda ko‘chada tunaydigan uysizlarning ahvoli nima bo‘ladi? Ular karantinni qayerda o‘tkazishadi?

Foto: Getty Images

Dunyoning barcha yirik shaharlarida uysizlar topiladi. Ularning aksari odamlar gavjum joylarda ovqatga pul topish uchun tilanchilik qiladi va ko‘chalarda yashaydi. Bugun dunyo bo‘ylab yuz minglab ana shunday boshpanasiz odamlar koronavirusga qarshi «jangda» himoyasiz qolgan.

BBC hozirgi karantin kunlarida uysizlar duch kelayotgan muammolarning turli shaharlarda qanday hal qilinayotgani haqida hikoya qiladi.

Moskva. Hukumat tomonidan hozircha javob yo‘q

Moskvadagi uysizlarning karantin kunlaridagi eng muhim muammosi – qanday qilib bo‘lsa ham ochlikdan saqlanish.

«Karantin e'lon qilinishi munosabati bilan uysizlarga qisman oziq-ovqat tarqatib turgan manzillar va ularga nimadir berib turgan kafe va restoranlar yopildi. Shuningdek, karantindan avval savdo do‘konlari, ovqatlanish shoxobchalaridan chiqindi qutilariga turli yeguliklar chiqarib tashlanar va shu ham uysizlarning kuniga yarardi. Hammayoq yopilgach, endi chiqindi qutilarida ham yeyishga hech vaqo yo‘q... Ayniqsa hozirgi karantin kunlarida. Tilanchilik qilib odamlardan pul va oziq-ovqat so‘ray deyishsa, ko‘chalarda ham hech kim yo‘q. Shu sababli Moskvadagi tilanchilarga, uysizlarga hozir juda qiyin», deydi «Miloserdiye» xayriya yordam xizmati matbuot kotibi Aleksandra Shibalina.

«Ilgari qutqaruv punktimizga kuniga 100-150 nafar odam kelib oziq-ovqat olardi. Bugun ular 200 nafarga chiqdi. Ularning aksari juda och va holdan toygan holda keladi.

Avvallari uysizlarga yordam ko‘rsatish punktlarimizda kuniga uch mahal ma'lum soatlarda oziq-ovqat tarqatardik. Endi karantin davrini va oziq-ovqatga muhtoj uysizlar ko‘payganini inobatga olib punktlarimizda ertalabdan kechgacha oziq-ovqat tarqatyapmiz», deb qo‘shimcha qiladi Shibalina.

Karantin kunlari boshlanishi bilan «Nochlejka» xayriya fondi ham uysizlarga yordam berish ko‘lamini oshirdi va «Sen yolg‘iz emassan» aksiyasi doirasida Moskva va Sankt-Peterburg ko‘chalarida, vokzallarida har bir nuqtada 60ta yelim paketga joylangan oziq-ovqat qoldiryapti. Unda choy, konfetlar, shirinliklar, yarim tayyor ovqatlar, konserva va antiseptik mahsulotlari solingan.

«Nochlejka» fondi ijtimoiy masofaga rioya qilgan holda uysizlarga yordam bermoqda
PYOTR KOVALEV\TASS

«Nochlejka» xayriya fondi uydan xarid uchun do‘konlarga, dorixonalarga chiqayotgan va ishga borayotgan odamlarga murojaat qilib, karantin sharoitida qiynalayotgan uysizlar uchun qo‘shimcha oziq-ovqat sotib olib ularni bekatlarga, yo‘laklar chetidagi o‘rindiqlarga qo‘yib ketishni so‘radi.

«Doktor Lizadan adolatli ko‘mak» jamg‘armasi haftasiga bir marta uysizlarga oziq-ovqat tarqatish ishlarini davom ettirmoqda. Jamg‘arma prezidenti Olga Demichyovaning so‘zlariga ko‘ra, eng qiyin narsa oziq-ovqat tarqatayotganda ikki yuz kishini bir yarim metr oraliq masofada ushlab turish bo‘lmoqda.

Moskvadagi Tverskoy xiyoboni atrofida yashovchi Ilya Klishin u yo‘l-yo‘lakay bir necha marta xiyobon atrofida turli xayriya jamg‘armalarining uysizlarga oziq-ovqat tarqatayotganiga yoki uysizlarning o‘rindiqlarda ovqatlanib o‘tirganiga ko‘zi tushganini aytgan.

«O‘sha atrofda kommunal xizmat xodimlari va hatto politsiya xodimlari ham yurgan edi. Ular uysizlarni aniq ko‘rishdi, ammo e'tibor berishmadi, ularni bezovta qilishmadi», deydi u.

Moskvada bugun 20 mingdan ko‘proq uysizlar borligi aytiladi. «Nochlejka» xayriya fondining Moskva filiali direktori Darya Baybakovaning aytishicha, Moskva shahrida 14 mingdan 80 minggacha uysiz odamlar bor. U aynan 80 mingga yaqin uysiz bor degan taxminga ishonadi.

«Boshpanasiz odamlar o‘zlarini izolyatsiya qilish yoki gigiyena qoidalariga rioya qilish imkoniyatiga ega emas. Shu sababli ko‘chalarda yashab yurgan odamlarning barchasi koronavirus tarqatuvchi bo‘lishi mumkin», deydi Baybakova.

Boshpanasiz odamlar bo‘lishi mumkin bo‘lgan barcha jamoat joylari – uysizlar tunab qoladigan temir yo‘l bekatlari, qo‘llarni yuvish imkoniyati bo‘lgan savdo markazining hojatxonalari bugun yopib qo‘yilgan yoki unday joylarda odamlar to‘planib turishiga yo‘l qo‘yilmayapti.

«Biz «Nochlejka» xayriya fondi nomidan Sankt-Peterburg gubernatoriga, Moskva mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bo‘limiga, Moskvadagi tunab qolish mumkin bo‘lgan davlat muassasalariga hamda Sankt-Peterburg shahri ijtimoiy siyosat qo‘mitasiga rasmiy xatlar yubordik.

Xatda mansabdor shaxslardan ikkita narsani so‘radik: boshpanasiz odamlar ma'lum vaqt izolyatsiya qilinishlari uchun qo‘shimcha joylarni kengaytirish va hech bo‘lmasa pandemiya paytida uysiz odamlarni davlat boshpanalariga joylashni soddalashtirish. Masalan, Moskvada kun bo‘yi turish mumkin bo‘lgan davlat boshpanalariga faqat hujjatlari bo‘lgan va Moskvada ro‘yxatdan o‘tgan odamlar joylasha oladi. Uysizlar orasida bunday odamlar juda kam. Ularning aksariyatida shaxsni tasdiqlovchi hujjatning o‘zi yo‘q. Borlari ham bu ikki shaharda vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tmagan», deydi Baybakova.

Ko‘rsatilayotgan yordamga qaramay Moskvadagi uysizlarni izolyatsiya qilishning imkoni yo‘q / GETTY IMAGES

Murojaatlarga hukumat tomonidan javob bo‘lmagani uchun xayriya fondlari hozircha o‘zlari mablag‘ topib, imkoniyati yetguncha harakat qilishga majbur bo‘lmoqda.

Qutqaruv punktlarida har ikki kishi uchun bitta tunash chodiri berilyapti. Chodirlarning bir qismi keksa va nogiron shaxslar uchun qulay qilib tayyorlangan. Endi, ular xohlagancha u yerda qolishlari mumkin.

«Nochlejka» xayriya fondi yordami bilan uysizlarni turli boshpanalarga, isinib olish punktlariga va xayriya fondi tomonidan ajratilgan tunash mumkin bo‘lgan avtobuslarga qabul qilish davom etmoqda. Barcha xonalar, punktlar va avtobuslar dezinfeksiya qilish uchun ishlatiladigan qurilmalar bilan jihozlangan.

«Doktor Lizadan adolatli ko‘mak» xayriya fondi rahbari Olga Demichevaning so‘zlariga ko‘ra, fond Moskvadagi mehmonxonalar bilan shartnoma imzolagan. Mehmonxonalar avval uysizlarni koronavirus tahlilidan o‘tkazib, ularda xavfli virus aniqlanmasa, so‘ng ularga joy berishga rozi bo‘lgan. Kelishuvga ko‘ra, uysizlar xonalarga zarar yetkazmay o‘zini yaxshi tutsa, mehmonxonalar ko‘proq uysizlarni qabul qila boshlaydi.

Inqiroz tufayli kimlardir ijaraga kvartira ololmaydi, kimdir boshqa mintaqalardan yirik shaharlarga kunlik ish qidirib keladi va ish topa olmay, u ham ko‘chada qolishi mumkin. Ana shunday paytda ularning barchasiga yordam qo‘lini cho‘zadigan tizim bo‘lishi kerak. Rossiyada koronavirus pandemiyasidan keyin uysiz odamlar soni ko‘payishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.

London. Mehmonxonalarda o‘z-o‘zini izolyatsiya qilish

Shelter xayriya tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, Buyuk Britaniyada jami 300 ming nafarga yaqin boshpanasiz odam bor. Uysizlardan 9 ming nafari, ularning esa yarmi London ko‘chalarida tunaydi. Uysizlar yilning sovuq fasllarida tunni metroda, yer osti yo‘llarida, savdo markazlarida o‘tkazishsa, issiq kunlarda ko‘cha va xiyobonlardagi o‘rindiqlar to‘shak vazifasini o‘taydi.

Uysizlarning aksariyati qamoqxonadan chiqqan yoki oiladagi nizolar, alkogol va giyohvand moddalar iste'mol qilish tufayli hamma narsasini yo‘qotgan odamlar. Britaniyaga ishlagani kelib omadi kelmagan muhojirlar orasida ham ko‘chada tunaydiganlar ko‘p.

Britaniyadagi ko‘plab xayriya tashkilotlari doimiy ravishda uysizlarga yordam ko‘rsatib, ularni kiyim-kechak va oziq-ovqat bilan ta'minlaydi. Inglizlar bunga o‘rganib qolishgan. Hech qanday inqiroz bo‘lmagan vaqtda ham London ko‘chalarida bir guruh ko‘ngillilar uysizlarga ovqat tarqatib yurganini ko‘rish mumkin edi.

London ko‘chalarida yashaydigan ko‘plab uysiz odamlarni bir qarashda sayyohlardan farqlab bo‘lmaydi. Ammo koronavirus pandemiyasi boshlangandan so‘ng afsuski bu odamlarga «xavfli virus tashuvchi» deb qaray boshlashdi.

Xavfli virus tarqala boshlashi bilan hukumat ham uysizlar haqida qayg‘ura boshladi va ularga  o‘zlarini izolyatsiya qilish uchun bo‘sh turgan mehmonxonalardan joy taklif qildi.

London shahri hokimligi so‘nggi 12 hafta davomida uysizlar uchun mehmonxonalardan 300ta xona band qildi va shaharning turli tumanlari ma'muriyatidan qolgan uysizlarni ham joylashtirish muammosini hal qilishni so‘radi. Ammo bu eng zo‘r yechim deb bo‘lmaydi.

Britaniya hukumati uysizlarni mehmonxonalarda karantinga joylashtirishga harakat qilmoqda / GETTY IMAGES

Londondagi eng ko‘p uysizlar shahar markazidan sharqiy tomonda joylashgan Nyuhem tumanida yig‘ilgan. Odatda ular kunni shaharda o‘tkazadi va tunash uchun shu tumanda joylashgan Stretford metro bekati yaqinidagi savdo markaziga keladi.

Ushbu savdo markazida metroga o‘tish yo‘lagi borligi uchun u 24 soat ishlaydi. O‘nlab, ba'zan yuzlab uysiz odamlar bu yerga kelib o‘tish yo‘lagida tunab qoladi.

2 aprel kuni tunda bu yerda birgina 45 yoshli Deymon ismli odam tunab qoldi. «Agar atrofimdagilar o‘zini o‘zi izolyatsiya qilish uchun ketgan bo‘lsa va bu yerda bir o‘zim qolgan bo‘lsam, nega o‘zimni o‘zim izolyatsiya qilishim kerak? Shundoq ham yonimda hech kim yo‘q-ku?!», deydi u.

Deymonning aytishicha, hukumat tomonidan unga boshqalar kabi mehmonxonadan joy taklif qilingan, ammo u rad javobini bergan. Aytishicha, savdo markazi yo‘lagida uch yildan beri yashaydi va Daymonga bu yer juda yoqadi. Qizig‘i, u koronavirusga umuman ishonmaydi.

Nyuhem hokimi Roksanna Fiyoz savdo markazini tunda yopib qo‘yish chorasini qo‘llab, unda tunab qoladigan uysizlar uchun mehmonxonadan 70ta xona band qilib, ularni ko‘chirishni buyurdi. Ammo uysizlarni boshpana bilan ta'minlash uchun bunday ishlar ham yetarli bo‘lmayapti.

Qizig‘i, hokimning savdo markazida tunab qolayotgani uysizlarni mehmonxonalarga joylashtirish haqidagi qaroridan keyin bu yerni yanada ko‘proq uysizlar bosib ketdi. Shaharning boshqa hududlarida tunab qolayotgan uysizlar mehmonxonadan tekin joy olish ilinjida bu yerga yopirilib kelishdi. Ana shunda mehmonxonada band qilingan xonalar kamligi bilinib qoldi.

Londonning Excel ko‘rgazma markazi qayta jihozlanib kasalxonaga aylantirilgach, u yerda ishlay boshlagan shifokorlar ham shu atrofdagi mehmonxonalarda istiqomat qilmoqda. Shubhasiz, mehmonxonalardan birinchi navbatda shifokor va hamshiralarga joy ajratilishi lozim.

Mehmonxonalardan uysizlar uchun kam o‘rin ajratilayotganining yana bir sababi shundaki, Londondagi barcha mehmonxonalar ham giyohvand moddalarga ruju qo‘ygan, spirtli ichimliklarga mukkasidan ketgan yoki ularga moyil bo‘lgan uysizlarga joy ajratishni xohlamaydi.

Ba'zilar, masalan, Travelodge arzon mehmonxonalar tarmog‘i avvaliga uysizlarni qabul qildi, keyin esa faoliyatini vaqtinchalik to‘xtatishini aytib, barcha uysizlarni chiqarib yubordi. Hokimiyat vakillari mehmonxona egalaridan bunday qilmaslikni talab qildi, ammo ular ko‘nmadi. Ikki tomonning ziddiyati hanuz davom etmoqda va hozircha hech qanday yechim yo‘q.

«Shaharda uysizlarga mehmonxonalardan joy taklif qilindi? Ular qayerda, menga ko‘rsating!», deydi Nishkam SWAT xayriya tashkiloti rahbari Randip Loll.

Uning G‘arbiy Londonda joylashgan tashkilotiga kuniga bir necha o‘nlab odamlar ovqatlanish va boshqa yordamlar olish uchun kelgan. «Seshanba kuni 100 nafar odam kelgan edi, chorshanba kuni 180 nafar odam yordam so‘rab keldi. Men kelajakda bizni nima kutayotganini bilmayman», deydi Loll.

Ko‘chada qolgan boshqa uysizlar imkon qadar o‘zlarini ehtiyot qilishmoqda / GETTY IMAGES

Uning aytishicha, hukumatning yordami juda oz, politsiya esa undan uysizlarni to‘plamaslikni talab qilmoqda. «Uysizlarni men boshqarmayapman-ku, ular aqldan ozganmi?», deydi politsiyaning talabidan lol qolgan Loll.

«Ko‘pchilik bu bahordan omon chiqmaydi. Hayotiy tajribam va ichki sezgim shunday demoqda. Ko‘pgina uysizlar yozgacha yetmay halok bo‘lishadi. Ular yordam yetib bormasligidan o‘lishadi», deydi Randip Loll vaziyat jiddiyligini aytib asabiy ohangda.

Los-Anjyeles. Beshta bepul hojatxona

Kaliforniya shtati gubernatori Gavin Nyusomning xabar berishicha, AQShda uysiz odamning koronavirusdan vafot etish holati ilk bor mart oyi o‘rtalarida sodir bo‘ldi. O‘shanda shtat ma'muriyati marhumning ism-sharifini oshkor qilmagan, ammo uning Silikon vodiysida yashaganini ma'lum qilgan edi.

Dunyodagi eng yirik va eng boy IT-kompaniyalarning bosh qarorgohi joylashgan bu yer so‘nggi yillarda AQShda boshpanasizlar uchun eng ommabop joyga aylangan. Vodiy joylashgan Santa Klara okrugining rasmiy statistik ma'lumotlariga ko‘ra, 2017 yildan 2019 yilgacha bu yerda uysizlar soni 7 394 nafardan 9 706 nafargacha ko‘paydi.

Buning sababi yashash ancha qulay bo‘lgan iliq iqlim bilan bog‘liq. San-Fransisko o‘rtacha yillik harorat 23-25 daraja issiqni tashkil etadi, shuning uchun bu mintaqada ko‘chada yashash yillik o‘rtacha ob-havosi ancha sovuq bo‘lgan Nyu-Yorkka qaraganda qulayroq.

«National Alliance to End Homelessness» (Uysizlikni tugatish bo‘yicha milliy alyans) jamoat tashkilotining hisob-kitoblariga ko‘ra, bugun AQShda jami 552 800 nafar kishi boshpanasiz. Ularning uchdan bir qismini farzandlari bor oilalar tashkil etadi.

Kaliforniyadagi uysizlarga xayriya fondlari yordam bermoqda / GETTY IMAGES

Mart oyining o‘rtalarida Qo‘shma Shtatlar koronavirus pandemiyasi sababli turli taqiqlar joriy qilishni boshladi. Shundan so‘ng shtatlarda hokimiyatlar majburiy tarzda uysizlarni shaharlardan quva boshladi. AQShda ular ko‘pincha chodirli lagerlarda yashashadi. Bunday lagerlarda chodirlar soni ikki-uchtadan bir necha yuztagacha bo‘lishi mumkin.

20 mart kuni Kaliforniya gubernatori Gavin Nyusom shtat bo‘ylab uydan chiqishni taqiqlash chorasi bilan qattiq karantin joriy etilganini e'lon qildi. Ammo o‘sha kuni ma'lum bo‘ldiki, bu buyruqning uysizlarga mutlaqo daxli yo‘q ekan. Axir ularning uyi bo‘lmasa, o‘zini o‘zi qayerda izolyatsiya qilsin?

Shundan so‘ng 21 mart kuni Gavin Nyusom shtatda yangi qoidalarni e'lon qildi. Unga ko‘ra, uysizlar ertalab soat 8dan kechki soat 10gacha ko‘chalardan chodirlarini yig‘ib turishlari va faqat tunda qayta o‘rnatishlari mumkin edi.

National Alliance to End Homelessness tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, shtat gubernatorining uysizlar uchun chiqargan buyrug‘ini amalga oshirishning ham imkoni bo‘lmayapti. Uysizlar ertalab chodirlarini yiqqanidan so‘ng joylashadigan joy topolmayapti.

Shtatda mavjud bo‘lgan barcha boshpanalar to‘lib bo‘lgan va u yerga joylashish uchun uysizlar uch haftadan besh haftagacha kutishi lozim. Buning ustiga, hukumat pandemiya tufayli uysizlar isinib olishi va vaqt o‘tkazishi mumkin bo‘lgan barcha manzillar, masalan, jamoat kutubxonalari kabi joylarni yopib qo‘ydi.

Los-Anjyeles shahrida uysizlar uchun tekin foydalansa bo‘ladigan bor yo‘g‘i besh dona biohojatxona bor. Hukumat ularga qo‘shimcha ravishda dush va qo‘l yuvish vositalari o‘rnatilgan gigiyena punktlarini tashkil etishga va'da bergan. San-Xose shahrida uysizlar uchun 25ta ana shunday gigiyena punktlari mavjud.

Amerikadagi uysizlarning aksari uchun ihotalanishga joy yo‘q / GETTY IMAGES

«Mamlakat bo‘ylab karantin joriy qilib, odamlarga uydan chiqishni taqiqlash bilan, agar ko‘chada yashaydigan uysiz odamlarga yetarlicha g‘amxo‘rlik qilmasak, kerakli xavfsizlikni ta'minlay olmaymiz», deydi National Low Income Housing Coalition jamoat tashkiloti rahbari Dayan Intel.

Uy-joysiz odamlarda nafas yo‘llari infeksiyasini tarqatish xavfi yuqori. Tadqiqotlardan biriga ko‘ra, faqat Vashingtonda bunday tashxis bilan kasalxonaga yotqizilganlarning 32 foizini uysizlar tashkil etgan. O‘z uy-joyida yashaydigan oddiy odamlar orasida bu kasallik bilan og‘rish atigi 6,5 foizni tashkil etadi.

Home First xayriya tashkiloti rahbari Andrey Urtonning aytishicha, u ishlayotgan tashkilot tomonidan uysizsizlar uchun tashkil etilgan boshpanalar allaqachon to‘lib bo‘lgan. Ko‘chalarda yashab yurgan uysiz odamlar uchun yangi boshpanalar yaratishning esa imkoni yo‘q.

Birgina Nyu-York shahrining o‘zida bugungi kunda taxminan 3 500 nafar kishi ko‘chalarda tunab qolyapti. Ular AQSh prezidentining yaqinda koronavirus epidemiyasi tarqalib ketishining oldini olish uchun ijtimoiy masofani saqlab turish haqidagi buyrug‘ini har qanaqasiga bajara olmaydi – buning mutlaqo iloji yo‘q.

Agar umumiy xulosa chiqaradigan bo‘lsak, bugun dunyo bo‘ylab ko‘chalarda yashaydigan uysiz odamlarga oson bo‘lmayapti. Agar ularga hukumat doirasida yordam ko‘rsatilmasa, vaziyat ancha jiddiylashishi va uysizlar xavfli virusni yuqtirib, o‘lib ketishlari va undan yomoni «virus yuqtiruvchi» sifatida yomonotliq bo‘lishlari mumkin. Bu butun dunyodagi shundoq ham taqdirning achchiq zarbasini qabul qilib, ko‘chada yashayotgan uysizlarga munosabat salbiy tomonga o‘zgarishi mumkin.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top