19:33 / 16.04.2020
9141

Markaziy bank: Karantin davrida narxlar oshishiga olib keluvchi jiddiy asoslar yo‘q

Pandemiya ta'sirida shakllangan joriy iqtisodiy holat butun dunyoda, jumladan, O‘zbekistonda ham joriy yilda aholi daromadlarining yuqori darajada oshmasligini ko‘rsatmoqda.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston Markaziy banki xabarnomasida qayd etilishicha, pandemiyaning narxlarga ta'siri bo‘yicha karantinning dastlabki kunlari aholining xavotirlari keskin oshishi natijasida asosiy oziq-ovqat hamda gigiyena vositalariga keskin talab oshishi kuzatildi va bu holat ayrim savdo nuqtalaridagi narxlarga vaqtinchalik o‘z ta'sirini ko‘rsatdi

Markaziy bank quyidagi omillarga tayanib karantin davrida narxlarning qimmatlashishiga olib keluvchi jiddiy asoslar mavjud emasligini bildirgan:

  • aholining doimiy daromadlari qisqarishi natijasida iste'mol tovarlarining asosiy qismiga bo‘lgan yalpi talab keskin pasayishi;
  • kelgusi oydan boshlab qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining yangi hosili katta hajmda bozorlarga chiqishi;
  • tegishli prezident farmoni bilan bir qator asosiy xalq iste'molidagi tovarlari va ularning xomashyolari importiga 2020 yil 31 dekabriga qadar bojxona boji va aksiz solig‘ining bekor qilinishi;
  • hukumatning oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha amalga oshirayotgan chora-tadbirlari.

Eslatib o‘tamiz, shu hafta Markaziy bank asosiy stavkasi 1 foiz bandga pasaytirilib, 15 foiz darajasida belgilandi. Regulyator izohiga ko‘ra, bu – birinchi navbatda, iqtisodiy faollik pasayishi sharoitida inflatsiya bo‘yicha prognozlar pasayish tomonga ko‘rib chiqilgani bilan bog‘liq.

Kecha, 15 aprel kuni O‘zbekistonda 2020 yil uchun inflatsiya prognozi bir foizga tushirilib, 11-12,5 foiz etib belgilandi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top